Barhayot ma’naviy meros
Islom dini vujudga kelgan dastlabki davrlardanoq musulmonlar orasida aqidaviy mavzularda ixtiloflar yuzaga kelgan. Ushbu ixtiloflarning negizida kalom ilmining eng nozik mavzusiga aylangan va bugun aksar destruktiv kuchlar o‘ziga dastur qilib olgan masalalar yotadi.
Prezidentimizning 2020 yil 11 avgustdagi qarori bilan tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi shunday murakkab savollarga ilmiy asoslangan javoblar berib, moturidiylik ta’limotiga asos solgan buyuk vatandoshimiz, alloma Abu Mansur Moturidiy hayoti, benazir ilmiy merosini e’tirof etish, yurtimiz hamda jahonda keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi shubhasiz.
Moturidiylik ta’limoti islom dini doirasidagi oqimlar orasida o‘zining ratsionalistik qarashlari bilan alohida ajralib turgan mo‘taziliylikka qarshi o‘laroq vujudga kelgan bo‘lsa ham aslida islomning birlamchi manbalari — Qur’on oyatlari va hadisi shariflar mazmunini to‘g‘ri talqin qilish, insonlarga sodda va ravon tushuntirishni maqsad qilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, moturidiylik adashgan toifalarga qarshi g‘oyaviy kurash maydonida oldingi safda turgan. Islom olamida “Imomul huda” (Hidoyatga boshlovchi imom) nomi bilan tanilgan Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Samarqand yaqinidagi Moturid qishlog‘ida 870 yili tug‘ilib, 944 yili vafot etgan. Qabri Samarqand shahridagi Chokardiza (jangchilar qal’asi) qabristonida.
Alloma yashagan davrda islom olamida g‘oyaviy parokandalik, aqidaviy ixtiloflar avj olgani sabab to‘g‘ri yo‘ldan adashgan turli oqimlar ilgari surgan yanglish g‘oyalarga qarshi Qur’on va Hadisga muvofiq asosli raddiya bera oladigan allomalarga ehtiyoj kuchli edi.
Shunday vaziyatda Abu Mansur Moturidiy izlanishlari, mashaqqatli mehnati, aql-zakovati bilan yot g‘oyalarga qarshi tura oldi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ahli sunna val jamoa aqidasini saqlab qolishda, rivojlantirishda Imom Moturidiyning xizmatlari beqiyosdir.
Mazkur ta’limotning eng yorqin vakili Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyning ilmiy mavqei va kalom ilmidagi qadr-qimmatini yuksak baholab, bunday yozgan: “Movarounnahrda birorta hanafiy olim mavjud bo‘lmaganda ham Abu Mansur Moturidiy bir o‘zi ularning o‘rnini bosa olar edi. Chunki u ilm ummonining eng chuqur qa’riga sho‘ng‘ib, undan duru gavharlarni olib chiqdi, diniy hujjatlarni o‘zining fasohati, mislsiz zakovati bilan ziynatladi”.
Imom Moturidiy zamondosh olimlari nazdida olimlarning eng ulug‘i, millatning ustuni edi. Qur’onga yozgan tafsiri esa har qanday chigallikni ochib beruvchi, inson qalbidagi shubhalarni haydovchi manba edi. Olim Hosiriy bunday yozgan: “Imom Moturidiyning ilmi tufayli to‘g‘ri yo‘ldagi odam bilan adashgan, noto‘g‘ri yo‘ldagi odam farqlanadi. Moturidiylar adashgan toifalarga raddiya bergan jamoa edi”.
Olim Muhammad ibn Abdurazzoq Zubaydiy esa “Imom Moturidiy din uchun kurashuvchi, ahli sunna val jamoa aqidasini mustahkamlovchi olim” bo‘lganini zikr qilgan. Ko‘rinib turibdiki, Abu Mansur Moturidiyning o‘z davridagi mavqei va martabasi nihoyatda yuqori bo‘lgan. Uning aqidaviy qarashlari Movarounnahrda ko‘pchilik hanafiy ulamolar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. G‘oyalari o‘z davrida paydo bo‘lgan aqidaviy toifalar rivojiga to‘sqinlik qilgan ta’limot sifatida e’tirof etilgan.
Imom Moturidiy uch yo‘nalish — kalom, tafsir, fiqh va usulul fiqh bo‘yicha asarlar yozgan. Abu Muin Nasafiy “Tabsiratul adilla” (Dalillar bilan sharhlash) asarida Moturidiyning 10 dan ortiq asari ro‘yxatini keltirgan. Afsuski, ulardan “Kitobut tavhid” (Allohning yagonaligi haqida kitob) va “Ta’vilot ahli sunna” (Ahli sunna val jamoa tafsiri) nomi bilan tanilgan va ulamolar nazdida barcha tafsirlardan ustun turuvchi “Ta’vilotul Qur’on” (Qur’on tafsiri) nomli asarlarigina bizgacha yetib kelgan.
Alloma asarlari butun islom aqidasini tahlil qiladi. Adashgan firqalarning aqidasini keskin rad etadi va uni inkor etib bo‘lmas dalillardan tashkil topgan yaxlit tizim sifatida tan olish lozimligini isbotlab beradi. Moturidiy hanafiy aqidasiga mos ravishda inson diniy ma’rifatga erishishning uch vositasiga – sog‘lom his a’zolari, naql, aqlga ega ekanini yozadi. Uning tahliliy fikrlari butun islom olamida sharqiy hanafiy sifatida tanilishi, shuhrat qozonishiga sabab bo‘ldi.
Imom Moturidiy “To‘g‘ri yo‘lning kaliti — ilm”, deb ta’kidlaydi hamda yoshlarga “qurolni ilmdan yasash” ta’limini beradi. Bundan ilmini to‘g‘ri yo‘lda sarflagan har bir inson yuksak martabaga erishishi mumkinligini anglash mumkin. Haqiqatan, ilm-ma’rifat qurol qilib olinsa, barcha munozaralar tinch yo‘l bilan, qonli to‘qnashuvlarsiz, talafotsiz yechim topadi.
Moturidiylik ta’limotida “dinni ilm bilan himoya qilish” targ‘ib qilinadi. Bu esa yurtimizda amal qilayotgan “Jaholatga qarshi — ma’rifat” g‘oyasi bilan hamohangdir.
Imom Moturidiy o‘gitlarida ilmga, yurt rahbariga itoatkorlikka, shuningdek, go‘zal insoniy fazilat — kamtarinlikka targ‘ib qilinadi.
Bugungi kunda yoshlarimizni botir va shijoatli qilib tarbiyalashimiz ham eng asosiy vazifalardan biridir. Chunki shijoatli yoshlargina har qachon g‘animlarga ham e’tiqod, ham jasorat bilan qarshi tura oladi, Vatanimiz sarhadlarini mardonavor himoya qilishga qodir bo‘ladi.
Chunonchi, Imom Moturidiyning “Xorlik istasang, xiyonatchi bo‘l”, “Dushmaning bilan inoqlashgan do‘stdan yiroq bo‘l”, “Birovning moliga muhtoj ekansan, bilgilki, uning qulisan” kabi o‘gitlari yoshlarimizni loqaydlikdan, beparvolikdan yuz o‘girib, shijoatli bo‘lishga targ‘ib etadi.
Moturidiylik ta’limotining bunyodkor g‘oyalari barcha zamonlarda dolzarb bo‘lib kelgan. U islom tarixida o‘ziga xos o‘rin tutgan alloma hisoblangan. Olimning ilmiy qarashlari asosida shakllangan ta’limot o‘rta asrlardan to bugungi kungacha sunniylik e’tiqodiga zid ravishda paydo bo‘layotgan yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy qurol vazifasini o‘tab kelmoqda.
Imomning bag‘rikenglik qarashlari, aql va tafakkurga undovchi chaqiriqlari bugungi kunda ham nihoyatda ulkan ahamiyat kasb etadi. Buning olimlar tomonidan e’tirof etilgani diqqatga sazovor. Abu Muin Nasafiy ta’biri bilan aytganda, “Abu Mansur Moturidiy imomlarning ulug‘i va millatning ustunidir” yoki Hasan ibn Abu Uzba aytganidek, unga ergashgan kishi, albatta, hidoyat topadi.
Ushbu fikrimizni zamonamizning mashhur olimi, Misr bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari Ahmad Tayyib janoblarining Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada bildirgan quyidagi e’tirofi bilan dalillash mumkin: “Bugungi kunda turli takfirchi, buzg‘unchi kuchlarni yengishda mafkuraviy kuch bormi?” deb so‘rasalar, men: “Ha, ming marta ha!” deb aytaman. U moturidiylik ta’limotidir!”
Shuning uchun ham Prezidentimizning yuqorida nomi tilga olingan qarori milliy qadriyat va an’analarimizni tiklash, ulug‘ alloma ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish, ilm ahliga zarur shart-sharoit yaratib berish, shu jumladan, moturidiylik ta’limotini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakatlarning uzviy davomi bo‘ldi, deyish mumkin.
Zero, bugungi kunda dunyodagi qariyb 2 milliard musulmon aholining 38 foizi yoki 726 millioni moturidiylik ta’limotiga amal qiladi. Ular Pokiston, Hindiston, Turkiya, Misr, Rossiya kabi 20 ga yaqin davlatda istiqomat qiladi. Shunga ko‘ra aytish mumkinki, moturidiylik buyuk ajdodlarimiz sa’y-harakatlari bilan dunyo bo‘ylab tarqalgan va katta ehtirom bilan qabul qilingan.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani, bir tomondan, allomaning avlodlari bo‘lmish olimlarimiz, tadqiqotchilarimiz zimmasiga alohida mas’uliyat va majburiyat yuklaydi. Ikkinchi tomondan, Imom Moturidiy va yurtimizdan chiqqan u kabi alloma ajdodlarimiz merosini ilmiy doiralarda keng targ‘ib qilishning yangi-yangi imkoniyatlarini yaratadi.
Ergash DAMINOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tadqiqotchisi
Shu yil 23 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi o‘tkazib kelinayotgan amaliy tadbirlarning navbatdagisi poytaxtimizning Olmazor tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchilik qildi. Shuningdek, unda Diniy idora bo‘limi boshliqlari Islomiddin domla Zuhriddinov, Muzaffar domla Kamolov va Masjidlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi Dilmurod Rahimovlar qatnashdi.
Mazkur tumandagi “Islomobod” masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda Toshkent shahar vakilligi rahbariyati, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari va Olmazor tumanidagi masjid imom-xatiblari ham ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda Zayniddin domla Eshonqulov mazkur kitob bugungi hayotimiz bilan naqadar uyg‘un ekani, dinimizda ham inson va uning qadr-qimmati yuksak ulug‘lanishi, har bir diniy soha xodimining faoliyati uchun dasturamal bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kitob barcha ishtirokchilarga tarqatildi.
Tadbir davomida tuman bosh imom-xatiblari uchun namunaviy maxsus kiyim namunasi taqdimot qilindi. Unda chakmon, duxoba va milliy do‘ppilar namoyish qilindi.
Shuningdek, Toshkent shahri, xususan, Olmazor tumanida 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Unda shahardagi imom-xatiblar faoliyatidagi yutuqlar e’tirof etilib, ba’zi kamchiliklar bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari Rustamov Ergashali boshchiligida tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan tarkib topgan Ishchi guruh tuzilib, ular Olmazor tumanidagi 21 ta masjid va mahallasiga biriktirildi.
Tadbir doirasida amaliyoti nazarda tutilgan yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagilar amalga oshirildi:
Birinchi yo‘nalish bo‘yicha imom-xatiblar 7 toifaga mansub 105 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi: Xususan:
- 20 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, tushunchalari to‘g‘rilandi;
- 15 ta xonadonda jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, muqaddam sudlanganlar bilan suhbat qilindi;
- 20 ta notinch oila o‘rganilib, muammoning sabablari bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi;
- 15 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘yganlar bilan suhbat qilinib, zararli odatlardan saqlanish to‘g‘risida nasihat qilindi;
- nogiron, kasal, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek, tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 20 ta oilaga kirilib, ulardan hol-ahvol so‘rash barobarida sovg‘a-salomlar ulashildi, davolanish va dori-darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi.
Kirilgan 105 ta xonadonning ichidan moddiy imkoniyati cheklanganlariga homiylarni jalb qilgan holda jami 42 000 000 (qirq ikki million) so‘mlik ro‘zg‘orlik mahsulotlari ehson qilindi. Ular orasidan o‘ta nochor bo‘lganlarining moddiy ta’minotidan xabardor bo‘lib turish rejalashtirildi;
Ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha imom-xatib faoliyati o‘rganildi. Jumladan, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar yaratish jihatlari ko‘rib chiqildi.
Uchinchi yo‘nalish bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan 21 ta masjidda peshin namozini ado qilib, jamoatga ma’ruza qilib berdilar. Tinchlik ne’mati, shukronalik, aqidada adashmaslik, mazhabga ergashish kabi muhim mavzudagi chiqishlarda 3800 ga yaqin tinglovchi qamrab olindi.
Shuningdek, yakuniy yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha so‘z yuritdi.
Yig‘ilishda mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari bilan muloqatni muntazam yo‘lga qo‘yish, kadrlar masalasiga e’tiborni kuchaytirish, ma’ruzalarni Fatvo markazidan chiqarilgan juma tezislari va qo‘shimcha adabiyotlardan foydalangan holda boyitish, haftaning dushanba va payshanba kunlari ma’ruzalar qilish haqida so‘zladi.
Diniy idora Moliyaviy nazorat va tahlil bo‘limi boshlig‘i Islomiddin Zuhriddinov masjidlarda ish yuritish hujjatlarini takomillashtirish, ehson qutilardagi tushumlarni komissiya a’zolari ishtirokida dalolatnoma asosida bankdagi hisob raqamlarga kirim qilish, to‘y va marakalarni ixchamlashtirish, janoza marosimlarda bid’at-xurofatlarga chek qo‘yish to‘g‘risida gapirdi.
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov mavjud mahallalarga barcha imom-xatib va imom-noiblarni biriktirish, mahalla yettiligi bilan homkorlikda ishlarni yo‘lga qo‘yish, shar’iy dalil va hayotiy misollar asosida ma’ruza qilish, kiber jinoyatchilikning oldini olish haqida aytib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Olmazor tumani imom-xatiblari yutuq va kamchiliklari yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati