Cavol: Hozirgi kunda umrada odam ko'paygani uchun Hajarul asvad oldida odamlar ko'payib ketdi. Ular ichida Hajarul asvadni o'paman deb, ayollar ham tiqilinchga kirishmoqda. Ularning bu ishlari xato emasmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Bunday tiqilinch paytlarda ayol kishi aslo Hajarul asvadga yaqinlashmasligi kerak. Bu haqda “Durrul muxtor” kitobida bunday deyilgan: “Ayol kishi tiqilinchda Hajarul asvadga yaqinlashmaydi. Chunki ayol kishi erkaklarga yopishishdan qaytarilgan”.
Qolaversa ayol kishi tiqilinch holatda Hajarul asvadga yaqinlashsa, avratlarini ochilib ketishi, nomahramlarga yopishish kabi o'zi bilmagan holatda bir qancha gunohlarni sodir etib qo'yadi.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, ayollar hech qachon Hajarul asvadni o'pmasin deyilmaydi, chunki uni istilom qilish haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Allohga qasamki, albatta, Alloh Hajarul asvadni qiyomat kuni ikki ko'rar ko'zi bor, nutq qilar tili bor holda chiqaradi. U o'zini kim haq ila istilom qilgan bo'lsa, o'shanga guvohlik beradi”,(Imom Termiziy rivoyati).
Yuqoridagi hadisga e'tibor berilsa, unda “istilom qilgan bo'lsa”, deyilmoqda. “Istilom” so'zi Hajarul asvadni o'pishdan ko'ra kengroq ma'noni ifolaydi. Birovga ozor bermasdan Hajarul asvad oldiga borib, uni o'piladi. Tiqilinch bo'lsa, yaqinrog'iga borib, qo'lini yoki qo'lidagi hassa yoki shu kabi biror narsani Hajarul asvadga tekkazib, shuni o'padi. Buning ham iloji bo'lmasa, o'sha tomonga yuzlanib, qo'llarini ko'tarib, takbir, tahlil, hamd va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytadi. Shularning barchasi “istilom” deyiladi.
Kimdir Umra yoki Hajga borib, Hajarul asvadni o'pa olmagan bo'lsa, Umra yoki Haji nuqsonli bo'ldi degani emas. Chunki uzoqdan turib unga qarab qo'l ko'tarish ham o'pishning o'rniga o'tadi. Buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'zlari o'rgatganlar.
Shuningdek, barcha mo''tabar diniy manbalarda Hajarul asvadni istilom qilish har doim sunnat emas, balki tavofning sunnatlaridan ekani ta'kidlangan. Ya'ni tavofni boshlamoqchi bo'lgan kishi uni istilom qilib boshlaydi. Boshqa vaqtda bu amal sunnat hisoblanmaydi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
#xabar #haj2025
Shu yil 12 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiliklaridagi hojilarimizning dastlabki guruhlari eson-omon ona diyorimizga yetib keldilar.
Nurli yuzi, quvnoq ko‘zida Vatan sog‘inchi namoyon bo‘lgan hojilar jamoasini taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida ehtirom ila kutib olishdi.
Hojilarimiz muborak zaminda Haq taoloning farzi – Haj amalini chiroyli ado etib, sog‘u salomat o‘z yurtiga yetib kelganlari va yaqinlari diydoriga yetishganlari uchun shukronalar aytish barobarida el-yurt haqqiga xayrli duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati