Bugun islomga yot toifalarning va din dushmanlarining xunrezliklari sabab “islomofobiya” iborasi keng yoyilmoqda. Garchi bu atamani ilk bor HH asr boshlarida sharqshunos olim Et'en Dine “Sharq G'arbning nigohida” nomli asarida qo'llagan bo'lsa-da, Islomdan cho'chitish harakati tarixi uzoq o'tmishga borib taqaladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg'ambarlik kelgan ilk yillarda ham mushriklar Islom dinini yomonotliq qilish, ya'ni islomofobiya urug'larini sochish uchun turli qing'irliklar sodir etishgan. Jumladan, Qur'oni karim va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sha'nlariga nomunosib gaplarni aytishgan. Vaholanki, din dushmanlari islomni qanchalik yomon ko'rsatishga urinishmasin, Alloh o'z dini va musulmonlarni aziz qilib qo'yaverishi Qur'oni karimda bunday talqin etiladi: “Ular Allohning nurini (islomni) og'izlari (behuda gaplari) bilan o'chirmoqchi bo'lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa-da, O'znurini (dinini) kamolga etkazuvchidir. U o'z payg'ambarini hidoyat va haq din bilan – garchi mushriklar yoqtirmasa-da, barcha dinlar uzra g'olib qilish uchun yuborgan zotdir”, deb ta'kidlagan (Saf surasi, 8-9-oyatlar).
Alloma bobolarimizdan So'fi Allohyorning ham shu ma'nodagi mashhur baytlari bor:
“Chirog'iniki, Haq yondirdi qo'ydi,
Ani kim, “puf” dedi, soqoli kuydi!”.
G'arazli maqsadlarni ko'zlagan guruhlar bu haqiqatni tan olmay, islom dinini obro'sizlantirish, tinch ag'oli orasida fitna qo'zg'atish harakatlarini davom ettirmoqdalar. Lekin ular maqsadlariga etolmasliklari, Alloh taolo bunga yo'l qo'ymasligi, yuqoridagi baytda she'riy tarzda ifodalangan.
Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, odamlarni islom dinidan qo'rqitish bilan shug'ullanuvchilar – Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan yovuz kimsalardir. Modomiki, ular har qanday qabih ishdan qaytmaydi. Musulmonlarni yomonotliq qilish, bo'hton yog'dirish, ko'plab xunrezliklar sodir etishdan ham tap tortmaydi. Buzg'unchilik va qing'irliklarni qandaydir ko'rinmas kuchlar qo'lida qo'g'irchoq bo'layotgan turli to'dalar zimmasiga qo'yib, muborak islom dini bilan bog'lashga harakat qilinadi. Bu kabi xiylalarni kimlar qilishi Qur'oni karimda ochiq bayon etgan: “Yolg'on so'zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to'qiydilar. Aynan o'shalarning o'zlari yolg'onchilardir”, deyiladi (Nahl surasi, 105).
Islom dini va terror bir-biriga butunlay qarama-qarshidir. Islom bir insonni o'ldirish u yoqda tursin, unga ozgina ozor berishdan ham qaytaradi. Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Haqiqiy musulmon uning qo'lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor etmaydigan kishidir”, deb ta'kidlaganlar.
Yovuz kuchlar o'z maqsadi yo'lida har qanday yomonlikni qilishga tayyordir. Masalan, Yevropa davlatlarida yashayotgan musulmonlarni kamsitish va ularga nisbatan ommada nafrat uyg'otish uchun ayrim qora niyatli kuchlar din nomidan qo'poruvchiliklar uyushtiradilar, Qur'oni karimni yoqib yuboradilar. Bu esa jamiyat tinchligi va barqarorligini ko'rolmayotgan ayrim kuchlar xohlagan jinoyatlardir. Chunki omma oldida islom va musulmonlarni yomonotliq qilib, jamiyatlarda tartibsizlik keltirib chiqaradilar. Bunga misol tariqasida shu kunlarda Turkiyaning Shvetsiya poytaxti Stokgol'mdagi elchixonasi oldida Qur'oni karimni yoqib yuborilganini keltirish mumkin. Musulmonlarga nisbatan bunday hurmatsizlikni ko'pincha “so'z erkinligi” deb atashadi.
Muqaddas dinimizning ma'rifatparvar g'oyalari va hayotbaxsh o'gitlari Qur'onda mujassam bo'lib, musulmonlarning qalblari va hayotilaridagi eng muqaddas kitobdir. Bu mezonni musulmonlardan tashqari butun dunyodagi ongli, dunyoqarashi keng har qanday inson tan oladi va shu orqali barcha insonlarga hurmat bilan munosabatda bo'ladilar.
Habibulloh SAIDOV
Shu yil 27 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va tizimdagi mutaxassislar uchun tashkil etilgan mehnat qonunchiligi bo‘yicha o‘quv kurslari yakunlanib, ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Zamonaviy boshqaruv tizimida mehnat qonunchiligini mukammal bilish — har bir mutaxassis uchun nafaqat majburiyat, balki xodimlar huquqlarini himoya qilish va adolat mezonlarini ta’minlash garovidir.
O‘quv dasturi davomida asosiy e’tibor quyidagilarga qaratildi:
* Mutaxassislarning huquqiy savodxonligini oshirish;
* Mehnat kodeksini amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash;
* Ish jarayonini qonun hujjatlariga muvofiq tizimlashtirish.
Olingan bilim va tajriba Idora faoliyatini yanada shaffof va samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Barcha sertifikat sohiblariga kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyat tilaymiz!
«YURIST VA KADR» NTM