Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Zikr qiluvchi uchun o'ziga yarasha odoblar mavjud. O'sha odoblarga rioya qilgan holda ado etilgan zikr qabul va ijobat bo'lishi umidlidir.
Imom Navaviyning aytishicha, zikr uchun eng afzal vaqt bomdod namozidan keyingi vaqtdir. O'sha vaqtda farishtalar hozir bo'ladilar.
Imom Molik shuning uchun ham "Bomdod namozidan to quyosh chiqqunicha gapirish va uxlash makruhdir", deganlar.
Zikrning eng afzal mavsumlaridan biri zulhijja oyining birinchi o'n kunligidir.
Qolgan barcha vaqtlarda zikr mustahabdir.
Bunga xaloga kirgandagi, jinsiy yaqinlik qilgandagi, juma xutbasi paytidagi kabi holatlar kiradi.
Odamlardan panada bo'lib, xilvatda zikr qilish ko'pchilikning ichidagi zikrdan afzaldir.
Ibn Hajar yuqorida eslatilgan hadisda kelgan “Agar bandam Meni yolg'iz zikr qilsa, Men ham uni yolg'iz zikr qilaman”, degan iboradan “Maxfiy zikr oshkora zikrdan afzaldir” degan hukmni chiqargan.
Maxfiy zikrning afzalligi bundan boshqa hadislarda ham ta'kidlangan. Zotan, u riyodan yiroqdir.
Ammo shariatda ta'kidlangan, ovoz chiqarib aytish lozim bo'lgan labbayka, azon va iqomaga o'xshash holatlarda ovoz chiqarish shart.
Qalbi ochiq zotlar Alloh taoloning dargohidan boshqa joyda najot yo'qligini anglab etganlar. Alloh taoloning dargohiga esa U Zotga bo'lgan haqiqiy muhabbat ila vafot etmaguncha erishib bo'lmaydi. Haqiqiy muhabbat esa mahbubni davomli zikr qilish va uni tark etmaslik ila sobit bo'ladi.
Davomli zikrga keraksiz ishlarni, behuda o'yin-kulgini tashlab, kechasi va kunduzi uchun vazifa qilib olingan zikrlarni bajarish bilan erishiladi.
Oxirat saodatini iroda qilgan banda o'ziga istig'for, tahlil, takbir, salavot kabi zikrlarni vazifa qilib olib, doimiy ravishda ado etib yuradi.
Albatta, ularning vaqtini va matnini hadisi shariflarda ko'rsatilgandek yo'lga qo'yish kerak. Biladigan odamlardan ta'lim olinsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. Nafsni poklovchi omillarga qanchalik amal qilinsa, nafs shunchalik poklanib boraveradi.
“Naqshbandiya: vazifalar, zikrlar”kitobidan
Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati