Avval xabar berganimizdek, shu yilning 20 iyun' kunidan oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalarida 2024-2025 o'quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish boshlanadi. Mazkur jarayonga yuqori darajada tayyorgarlik ko'rirsh masalasida bugun, 19 iyun' kuni ZOOM platformasi orqali O'zbekiston musulmolari idorasi Ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi tomonidan onlayn yig'ilish o'tkazildi.
Unda Ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi mudiri S.Sherxonov, bo'lim mudiri o'rinbosari A.Do'smatov, bo'lim mutaxassislari va diniy ta'lim muassasalari Qabul hay'ati mas'ullari ishtirok etdi.
Yig'ilishda Qabul jarayonlarini yuqori darajada tashkil etish, abituriyent va ularning yaqinlariga qulay sharoitlar yaratish, qabul imtihonlarini shaffof, ochiq va oshkora o'tkazish bo'yicha Qabul hay'ati mas'ullariga tegishli ko'rsatma va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, qabul nizomlariga kiritilgan yangilik, imtiyoz va qulayliklarga alohida to'xtalib, abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishda mazkur talablarga qat'iy amal qilish lozimligi alohida ta'kidlandi.
Masofaviy yig'ilish so'nggida ta'lim muassasasi mas'ullari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berildi.
A.Bobamirzayev,
O'zbekiston musulmonlari idorasi,
ta'lim va ilmiy-tadqiqot bo'limi metodisti
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aslamlik bir kishiga odamlar ichida «Kim biron narsa yegan bo‘lsa, kunning qolganida ro‘za tutsin, kim yemagan bo‘lsa, u ham ro‘za tutsin, chunki bugun Ashuro kuni», deb jar solishga buyurdilar».
Ikki Shayx va Nasaiylar rivoyat qilishgan.
Rubayyi’ bint Mu’avviz ibn Afro roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashuro kuni ertalab Madina atrofidagi ansorlarning qishloqlariga odam yuborib, «Kim ro‘za tutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, ro‘zasini tugal qilsin. Kim og‘zi ochiq holda tong ottirgan bo‘lsa, kunining qolganini (ro‘za bilan) tugal qilsin», dedilar.
Shundan keyin biz uning ro‘zasini tutadigan va yosh bolalarimizga ham Alloh xohlaganicha tuttiradigan bo‘ldik. Masjidga borib, ularga yungdan o‘yinchoq qilib berar edik. Birortasi ovqat deb yig‘lasa, iftorgacha unga o‘shani berar edik».
Muslim rivoyat qilgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kunining hamda ushbu oy, ya’ni Ramazon oyining ro‘zasidan tashqari biror kunni boshqasidan afzal ko‘rib, ro‘za tutishga qasd qilganlarini ko‘rmadim».
Ikki Shayx rivoyat qilgan.
Izoh: Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon Ashuro kuni kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib turar ekanlar. Boshqa biror kunning ro‘zasini tutish uchun bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar.
Shuningdek, Ramazon oyini ham qachon kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib kutar ekanlar. Boshqa biror oyning ro‘zasini tutishni bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar. U kishining ummatlari, ya’ni bizlar ham shunday bo‘lishimiz lozim.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharramdadir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘zidan oldingi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.