Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2025   |   6 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2025, 6 Zulqa`da, 1446

G'aflatda qolmang! Ashuro kuni. Bir yillik gunohlarga kafforat, bir yillik qut-baraka

16.07.2024   1569   4 min.
G'aflatda qolmang! Ashuro kuni. Bir yillik gunohlarga kafforat, bir yillik qut-baraka

Muharram oyi qanday oy? Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to'kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa'da, Muharram, Rajab) to'rt oyning biri bo'lib, uning o'ninchi kuni ya'ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.

 

Ashuro qanday kun? Bu kun haqida Nabiy (alayhissalom): “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro'za tutgan. Men Musoga ko'proq (yaqin bo'lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro'za tutib, odamlarni ham uning ro'zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Ashuro kuni qanday fazilatlarga ega? Bu kun ro'za tutish o'tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo'ladi. Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ashuro kunining ro'zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo'ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

 

Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo'ladi. Abu Sa'd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Nabiy (alayhissalom): “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna (rahmatullohi alayh): “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko'rdim”.

 

Ashuro kunini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qanday o'tkazardilar? Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu kunni o'tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni Ashuro kuni ro'zasini boshqasidan afzal ko'rib, sog'inib, Ramazon oyi ro'zasini kutib sog'ingandek, boshqa kun va oy ro'zasini kutganlarini ko'rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

 

Esda tuting! Muharram oyining yolg'iz o'ninchi kunida emas, balki bu kunga qo'shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro'za tutish lozim.

Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ashuro kuni ro'zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro'zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug'laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh xohlasa kelasi yil to'qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).


Davron NURMUHAMMAD 
tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Yog‘ochli sardoba" – Sirdaryoning turizm salohiyatini ochuvchi noyob yodgorlik

02.05.2025   9998   2 min.

Sirdaryo viloyatida joylashgan tarixiy va madaniy obidalar orasida XVI asrga tegishli "Yog‘ochli sardoba" alohida ahamiyatga ega. Buxoro xoni Abdullaxon II davrida, 1580 yilda qurilgan mazkur gidrotexnik inshoot nafaqat o‘tmishdan darak beradi, balki hozirgi kunda viloyat turizm salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 
 

Har bir tarixiy obida – xalqimiz tarixi va madaniyatining guvohi. Mirzacho‘l hududida joylashgan “Yog‘ochli sardoba” ham ana shunday noyob yodgorliklardan bo‘lib, uning me’moriy tuzilishi va muhandislik yechimi o‘z davrining ilg‘or bilimlariga tayanilganini ko‘rsatadi.


– Sardobaning gumbazsimon tuzilishi, 15 metrlik ichki diametri va 12 metr balandligi uni nafaqat amaliyotda samarali, balki arxitektura jihatdan ham o‘ziga xos namuna sifatida namoyon etadi. Yerdan ikki metr balandlikdagi tuynuklar, salqinlikni saqlovchi ventilyatsiya tizimi, simmetriyali qurilishi va devor qalinligining yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib borishi – bularning barchasi sardobaning betakrorligigidan dalolat beradi,– deydi tarixchi-arxeolog Solijon Qudratov.


Sardobaga arksimon kirish qismi orqali g‘ishtli zinapoyalardan foydalanib tushiladi. Kirish qismidagi yo‘lakcha ustidan esa xizmatchilar uchun maxsus xonalarga chiqish mumkin bo‘lgan aylanma zinapoya qurilgan.


So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda “Yog‘ochli sardoba” ham qayta tiklash ishlari doirasida o‘rganilmoqda. Ba’zi rekonstruksiya ishlari boshlangan bo‘lsa-da, ma’lum texnik va moliyaviy sabablarga ko‘ra, qurilish vaqtincha to‘xtab qolgan.


– Endi bu maskanni to‘liq ta’mirlab, turistik marshrutlarga qo‘shish, atrofida dam olish maskanlari, suv yo‘llari, mahalliy hunarmandchilik obyektlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Bunda davlat-xususiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ham jalb etish ko‘zda tutilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari Shohruh Isoqulov.


“Toshkent – Samarqand – Buxoro” magistral yo‘li bo‘ylab joylashgan “Yog‘ochli sardoba” hozirning o‘zidayoq sayohatchilar diqqatini o‘ziga tortmoqda. Shu bois, yaqin istiqbolda bu inshoot nafaqat tarixiy yodgorlik, balki madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan, mahalliy va xalqaro turizmni qo‘llab-quvvatlaydigan muhim markazga aylanishi, shubhasiz. 


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri

O'zbekiston yangiliklari