“Obuna– 2024”
Hayrli, savob ishlarning turi ko'p. Har birining ixlos va samimiyatga qarab ajri bor, savobi bor. Illo, ma'rifat ulashishning, mo'min-musulmonlarning xonadonlariga ziyo olib kirishning savobi juda katta.
Tahlillarga ko'ra, bir dona bosma nashrni bir kishidan o'n kishigacha mutolaa qilar ekan. Misol uchun, birgina “Hidoyat” jurnali bugungi kunda 86 ming nusxada chop etilayotgan bo'lsa, demak, uni 860 ming kishi o'qiydi degani. Bu yaxshi, albatta. Biroq aholisining 95 foizdan ortig'ini musulmonlar tashkil qiladigan yurtimizda mazkur nashrning adadi yanada ko'paysa, maqsadga muvofiq bo'ladi, inshoalloh.
O'zbekiston musulmonlari idorasi “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyining “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga 2024 yil uchun obuna mavsumi boshlandi.
Kuni kecha O'zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi majlislar zalida “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga 2023 yil uchun obuna mavsumida faollik ko'rsatgan, mazkur nashrlarga eng ko'p obuna bo'lgan tumanlar bosh imom-xatiblari sovg'alar bilan taqdirlandi.
– Kamtarona xizmatimiz e'tirof etilib, mukofot bilan taqdirlanganimiz uchun Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo'lsin, – deydi Norin tumani bosh imom-xatibi Kamoliddin domla Hamroqulov. – Inshoalloh, kelgusi yil uchun ham obunani uyushqoqlik bilan tashkil etamiz. Bu jarayonda tumanimizdagi imomlarning xizmati katta.
Shu bilan birga, yig'ilishda mazkur nashrlarga 2024 yil uchun obuna mavsumi boshlangani, mo'min-musulmonlarning ma'rifatini yanada yuksaltirish, ularga muqaddas dinimizning sof ta'limotini etkazishda “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasining qimmatli nashrlar ekani aytib o'tildi.
Tadbir so'ngida xayrli duolar qilindi.
***
O'zbekiston musulmonlari idorasi Farg'ona viloyati vakilligi majlislar zalida ham xuddi shunday tadbir bo'lib o'tdi. Nashrlarimizga 2023 yil uchun obuna mavsumida faollik ko'rsatgan, eng ko'p obuna bo'lgan tumanlar bosh imom-xatiblariga sovg'alar topshirildi. Ushbu savobli yumushga hissa qo'shganlari uchun ularga minnatdorlik bildirilib, bundan buyon ham nashrlarimiz bilan yaqin hamkorlikda ishlashga da'vat etildi. Albatta, odamlarga ziyo ulashish, ilm-ma'rifatni targ'ib qilishning ajri nihoyatda ulug'. Bu xayrli ishga bel bog'lagan insonlarning xizmati bois xalqimiz o'rtasida ilm-ma'rifat keng yoyiladi.
Ta'kidlash joiz, bugungi kunda imom-xatiblar, ulamolarimiz masjidlarda ma'ruzalar qilish bilan birga, “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasi targ'ibotiga e'tibor qaratishayotgani tahsinga sazovor. Chunki ma'ruzani eshituvchilar masjidga yig'ilgan namozxonlar bilan chegaralansa, nashrlarimizning xonadonlarga kirib borishi natijasida diniy-ma'rifiy bilimlar odamlar orasida yanada keng tarqaladi. Bu gazeta-jurnallarimiz o'quvchilari sonini hozirgidan-da oshirishga ehtiyoj borligini ko'rsatadi.
Tadbirda barchaga Allohning roziligiga erishtiradigan amallarda bardavom bo'lish nasib etishini tilab duolar qilindi.
***
Halqqa ziyo tarqatish – g'oyat savobli ish. Bu borada diniy-ma'rifiy nashrlarning o'rni alohida hisoblanadi. Bugungi “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasi orqali omma o'rtasida islomiy ma'rifat keng yoyilishida tahririyat ijodkorlari bilan birga, obuna tashkilotchilarining ham xizmati katta bo'lmoqda.
Andijon viloyatidagi “Imom Zufar” jome masjidida nashrlarimizning bu yilgi obunasi uchun jonbozlik ko'rsatgan tumanlar bosh imom-xatiblari taqdirlandi.
Samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuv davomida nashrlar faoliyatiga oid qimmatli takliflar bildirildi.
***
Sirdaryo viloyatida “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasining obuna tashkilotchilari ishtirokida bo'lib o'tgan tadbirda kelgusi yilda nashrlarimiz o'quvchilarga etib borishini ta'minlash xususida atroflicha so'z yuritildi. Shu bilan birga, gazeta va jurnallarimizning 2023 yil uchun obuna mavsumida faollik ko'rsatgan, mazkur nashrlarga eng ko'p obuna bo'lgan tumanlar bosh imom-xatiblari sovg'alar bilan taqdirlandi.
Halqimizning diniy masalalarga qiziqishi kuchli. Odamlar ushbu ma'naviy ehtiyojini qondirish uchun internetdagi turli manbalarga murojaat qilishadi. Bu jarayonda shubhali manbalarning ta'sirida adashuvlar, aldanuvlar ham yuz berishi mumkin. Aslida “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasida muqaddas dinimizning asl mohiyati, shar'iy masalalar echimi batafsil yoritib borilmoqda. O'ylaymizki, agar ushbu nashrlar xalqimiz orasida ko'proq tarqalsa, jamiyatimizda ma'rifatli, diniy tushunchasi keng insonlar safi kengayadi.
Tadbirda viloyat bo'yicha gazeta va jurnallarimizga 2024 yil uchun obunani yuqori saviyada tashkil etish choralari belgilab olindi.
***
Bugungi kunda yurtimizda diniy ma'rifat targ'ibotiga keng e'tibor qaratilmoqda. Odamlarimiz ham Islom ta'limoti haqida chuqurroq bilishni istaydi. Shu ma'noda “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasida chop etilayotgan maqolalar xalqimizni ma'rifatli qilishga ma'lum darajada hissa qo'shib kelmoqda. Ayni kunlarda nashrlarimiz uchun boshlangan obuna mavsumida ushbu xayrli ishlarni yanada kengaytirish mo'ljallangan.
Shu maqsadda Jizzax viloyatida “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga 2023 yil uchun obuna mavsumida faollik ko'rsatgan, mazkur nashrlarga eng ko'p obuna bo'lgan tumanlar bosh imom-xatiblari sovg'alar bilan taqdirlandi.
Tadbirga xayrli duolar bilan yakun yasaldi.
***
“Tafsir” rukni ostida Kalomulloh oyatlari ma'nolarini o'qib-uqishni, “Hadis sharhi” orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak nasihatlaridan bahramand bo'lishni, “Sahobalar hayoti”ni mutolaa qilib saodat asriga sayohat qilishni, “Masala” ruknida dolzarb va muhim savol-javoblarni o'rganishni, “Aslida qanaqa?” ruknida har bir voqea-hodisaning asl mohiyatini bilishni, yana boshqa ko'plab mavzularda eng ishonchli ma'lumotlarga ega bo'lishni istasangiz, “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga obuna bo'lishga shoshiling!
Yarmuk – musulmon va Rum qo‘shinlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang. Unda asrlar o‘tsa-da, mangulikka yuz tutgan ajib lavhalar bor. Ularning ba’zilari quyidagilardir:
Urushning ayni qizigan pallasi. Bir kishi Abu Ubayda ibn Jarroh hazratlariga yaqinlashdi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: “Men shahid bo‘lishga astoydil bel bog‘ladim”, dedi. Haligi kishi: “Biror-bir gapingiz bo‘lsa ayting, men Rasululloh bilan ko‘rishgan paytim u zotga yetkazib qo‘yaman”, dedi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: «Ha, u zotga buni yetkaz: “Rasululloh, bizlar Robbimizning va’dasi haq ekanini topdik”», dedilar.
Rum qo‘shinlarining hujumi kuchaygan paytda Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu musulmonlarning orasida: “Alloh taolo meni hidoyat qilmasidan avval men Rasulullohga qarshi jang qilardim, endi bugun Allohning dushmanlaridan qochib ketamanmi!” – deya jar solardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Abu Jahl yana: “Kim o‘limga bay’at qiladi?”[1] – dedi.
Musulmonlarning bir jamoasi u zotga bay’at qilishdi va ularning barchasi birgalikda jang maydoniga kirishdi. Ularning maqsadlari g‘alaba va shahidlik edi. Alloh taolo ularning bay’atlarini qabul qildi va ularning bari Allohning inoyati ila shahidlikka erishdilar.
Tarix zarvaraqlariga e’tibor qarating. Buyuk qo‘mondon Xolid ibn Valid 100 kishilik qo‘shini bilan to‘rt ming kishilik Rum qo‘shinlariga qarshi turdilar. Qarang-a! Yuz kishilik qo‘shin to‘rt mingta askarga qarshi chiqib, ularni yengsa-ya?! Bu ularning qalblari Allohga bo‘lgan iymonlari bilan to‘lib-toshgani ekanining belgisi emasmi?!
Urush biroz tinchib turgan paytda Xolid ibn Validning oldiga Jo‘rja ismli Rum qo‘mondoni keldi va: “Ey Xolid, nimaga da’vat qilyapsan? Ayni paytda Islomni qabul qilgan kishiga ham sizlarga berilgandagi kabi ajru savob nasib qiladimi?” – deb so‘radi.
Sahobiy: “Ha. Undan ko‘prog‘i ham nasib etishi mumkin”, dedi.
“Qanday qilib? Axir sizlar avvaldan musulmon bo‘lib, o‘zib ketgansizlar-ku?!” – dedi Rum qo‘mondoni. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashadik va u zotning mo‘jizalariga guvoh bo‘ldik.
Bizning ko‘rganlarimizni ko‘rib, biz eshitgan narsalarni eshitgan odam Islomni osonlikcha qabul qilishi haqiqat. Lekin sizlar u zotni ko‘rmagansizlar, u zotning gaplarini eshitmagansizlar, bunday holda g‘aybga iymon keltirgan bo‘lasizlar. Agar sizlar niyatingiz, qalbingiz ila Allohga iymonda rostgo‘y bo‘lsalaringiz, sizlarning savoblaringiz buyukroq bo‘ladi”, dedilar. Bu gaplarni eshitgan Rum qo‘mondoni oh urdi va: “Ey Xolid, menga Islomni o‘rgat”, deya o‘zini Xolid roziyallohu anhu tarafga tashladi.
Shunday qilib Rum qo‘mondoni Islomni qabul qildi. Alloh taolo uchun ikki rakat namoz o‘qidi, haqiqatda ikki rakat, bundan boshqacha emas. Ikki taraf yana urushga kirishdi. Jo‘rja endi musulmon askarlar safida shahidlik maqomiga erishish ilinjida jang qilardi.
Ha! O‘sha ikki rakat namoz sababidan Allohning izni ila unga jannat nasib etdi, uning bundan boshqa amali yo‘q edi...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Buning ma’nosi: “Men o‘lgunimcha shu jang maydonidan ortga chekinmayman, to so‘nggi nafasim qolgunicha musulmonlar safida Allohning dushmanlariga qarshi jang qilaman, meni faqatgina o‘lim to‘xtata oladi” (Tarj.).