Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Fevral, 2025   |   9 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:07
Quyosh
07:27
Peshin
12:42
Asr
16:06
Shom
17:51
Xufton
19:06
Bismillah
08 Fevral, 2025, 9 Sha`bon, 1446

Noshukrlik – ne’mat zavoli (1-qism)

17.07.2020   2922   7 min.
Noshukrlik  –  ne’mat  zavoli (1-qism)

Alloh taoloning biz bandalarga ato etgan ne’matlari juda ham ko‘p bo‘lib, eng buyuk ne’mati – iymon, ya’ni Allohni tanish va U Zotning O‘zigagina ibodat qilishdir. 

Iymon Alloh taologa shukr qilish bilan mukammal bo‘ladi.  

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: «Kimda kim Allohning unga bergan ne’matlarini tanimay, bilmay, faqatgina yeydigan va ichadigan narsalarnigina ne’mat deb biladigan bo‘lsa, haqiqatda ilmi juda ham kam bo‘lib, azobini hozir qilibdi. Kimda kim dunyodan behojat bo‘lmasa, unga biron bir dunyo yo‘qdir».   

Ushbu maqolada shukrning haqiqati, shukrli bo‘lish naqadar ulug‘ ne’matligi va noshukr bo‘lish ne’matlar zavoli ekani haqida so‘z yuritiladi.   

Shukr haqida ta’rif  

Shukr arab tilida aslida oz yem bilan semiradigan hayvonga nisbatan ishlatiladi. Ne’mat beruvchiga maqtov so‘zlarini aytishga shukr so‘zini ishlatish mashhur bo‘lgan. 

Shukrli inson – Robbiga berilgan ne’matlar uchun ko‘p shukr aytuvchi, o‘ziga buyurilgan vazifalarni sidqidildan va tirishqoqlik ila ado etuvchidir. 

Ulamolarimiz shukrning istilohida bir necha tariflarni aytganlar. 

Rog‘ib: «Shukr – ne’mat tasavvuri va izhoridir. Kufr esa – ne’matni unutish va yashirishdir», degan. 

Kafaviy: «Shukr urfda ne’mat uchun berilgan har bir mukofotdir. Shukrning asli - ne’matni tasavvur va izhor qilishdir. Shukr bandadan bo‘lganda, ehsonga nisbatan bo‘lgan irfondir. Alloh taolodan bo‘lganda esa, savob hamda go‘zal maqtovdir», deb aytgan. 

Munoviy: «Shukr ikki xil bo‘ladi: Birinchisi til shukri bo‘lib, u ne’mat beruvchiga maqtov aytish bilan ado bo‘ladi. Ikkinchisi esa a’zolarning shukri bo‘lib, ne’matga yarasha mukofot taqdim qilish bilan ado etiladi», degan.  

Ibnul Qayyim: «Shukr – Alloh ne’matining banda tilida maqtov va e’tirof, qalbida shuhud va muhabbat, a’zolarida esa bo‘ysunish va toat tarzida zohir bo‘lishidir», deb aytgan. 

Alloh taolo Qur’oni karimda: «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir», deya marhamat qiladi. (Ibrohim, 7).  

Ushbu oyat haqida marhum alloma Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘zlarining «Tafsiri hilol»  kitobida quyidagicha yozadi: «Shukr ne’mat beruvchi Zotga maqtov so‘zlarni aytish va u ne’matni Allohning roziligi yo‘lida sarflashdan iboratdir. Berilgan ne’matga shukr etish insonning to‘g‘ri yo‘lda mustaqim ekanini ko‘rsatadi. Shukr qiluvchi inson Alloh taolo o‘zini doim kuzatib turishini his etadi va ne’mat yetganda zohir bo‘ladigan manmanlik, isrof va shunga o‘xshash salbiy holatlardan xoli bo‘ladi.  Natijada o‘ziga berilgan ne’matlardan foydalanib, yaxshi amallarni ko‘paytiradi».  

Shukr haqida oyatlar 

Qur’oni karimda shukr haqida  oyatlar juda ko‘p bo‘lib, bu o‘rinda ulardan ba’zilarini keltiramiz: 

Alloh subhonahu va taolo:  

«Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizni azoblab nima qiladi?! Alloh shukr qiluvchi va biluvchi zotdir», deb marhamat qilgan. (Niso, 147). 

Alloh taoloning ushbu oyatdagi shukr qiluvchilik sifati - bandaning ozgina qilgan amaliga ham ko‘plab savoblar berish ila uni mukofotlaydi, degani bo‘ladi. 

Ibn Jarir Tabariy bu oyat tafsirida bunday deydi: «Ey munofiqlar, Alloh taolo agar unga itoat etsangiz va buyruqlariga ijobat etib, qaytariqlaridan tiyiladigan bo‘lsangiz, sizlarni do‘zaxning eng tubiga solishiga hojati yo‘q. Zotan, sizlarni azoblashdan U zotga biron bir manfaat yo‘q. Kim ne qilsa, o‘z tanlovi ila qilur". 

Qatoda ushbu oyat haqida: «Darhaqiqat, Alloh jalla sanouhu shukrli va mo‘min bandani azoblamaydi», deb aytgan. 

Demak, shukr va iymon bir-biriga yaqin bo‘lib, iymonli inson shukrli bo‘lishi ham lozim ekan. Shuningdek, doimo Haq taologa shukr ila yuruvchi insonni U Zot azoblamas ham ekan. 

Alloh taolo «Baqara»  surasining 152-oyatida: «Bas, Meni eslangiz, sizni eslayman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz», deb marhamat qilgan.

Imom Abu Lays Samarqandiy ushbu oyat haqida bunday deydi: «Alloh taoloning ushbu oyati ma’nosi  «Ey bandalar, Meni toat ila eslang, shunda sizlarni mag‘firat ila eslayman», yoki  «Meni insonlar ichida zikr qiling, sizlarni farishtalar ichida zikr etarman», yoki bo‘lmasa, «Meni xursandchilik onlarida zikr etsangiz, sizlarni qiyinchilik onlaringizda eslarman», deya marhamat qilingani bo‘ladi.  

Haqiqiy ne’mat ilmdir. Zotan, ilmdan boshqa barcha ne’matlar rohatdan boshqa narsaga o‘zgaradi. Taom yeyilgach, bir muddatdan so‘ng tashqariga  chiqishni talab etadi. Kiyim ham kiyilavergach, issiq va sovuq ta’sirida eskirib, holati o‘zgaradi. Ilmdan esa sohibi sira ham malollanmaydi. Balki ko‘pincha ziyodasini talab qilaveradi». 

Shukr qilish ne’mat beruvchi Zotga maqtov so‘zlarini aytish va ne’matni uni bergan Zotning roziligi uchun ishlatish bilan bo‘ladi. Ammo tili bilan shukr desa-yu, amali bilan Allohning aytganidan boshqani qilsa, kufroni ne’mat qilgan bo‘ladi.  

Alloh subhonahu va taolo «Nahl»  surasining 114-oyatida: «Bas, Alloh sizga rizq qilib bergan narsalardan halol-pok holida yeng. Va agar unga ibodat qiladigan bo‘lsangiz, Allohning ne’matiga shukr qiling», deb marhamat qilgan. 

Ushbu oyat tafsirida alloma Shayx Muhammad Ali Sobuniy bunday yozadi: «Sizlarga Alloh taolo muboh qilgan halol pokiza ne’matlarni yenglar. Alloh sizlarga ato etgan ulug‘ ne’matga, agar U Zotga iymonu ixlos ila ibodat etadigan bo‘lsangiz, Undan boshqa hech kimga ibodat qilmaslik ila shukr qilinglar».  

Haqiqiy shukr ~ ne’mat beruvchi Zotni tanish va Ungagina ibodat qilishdir. 
 
Alloh azza va jalla:  

«Ey Oli Dovud, shukr qilinglar! Bandalarimdan shukr qilguvchilari ozdir», deya marhamat qilgan(Saba’, 13). 
 
Ibn Abi Hotim aytadi: «Sobit Bunoniy rahimahulloh: «Dovud alayhissalom oila a’zolari, farzandlari va ayollariga kunning vaqtlarini ibodat uchun taqsim qilib bergan edi. Kunning va tunning biron biron vaqti yo‘qki, unda Dovud alayhissalomning oila a’zolaridan biri namoz o‘qimagan bo‘lsa».

Bu oyat haqida Ibn Kasir rahimahulloh shunday deydi: «Ey Oli Dovud, shukr qilinglar!», ya’ni ey Dovud alayhissalom ahllari, sizlarga din va dunyoingiz borasida berilgan ne’matlar uchun shukrli bo‘lingiz. 

Muhammad ibn Ka’b Quraziy: «Shukr – Allohga taqvo va solih amal etmoqdir. Bu so‘z, fe’l va amalda shukrda qoim bo‘lganlarga aytilib, Dovud alayhissalom ahllari shunday bo‘lgan edilar», deb aytgan. 

Fuzayldan rivoyat qilinadi: «Dovud alayhissalom: Ey Robbim! Senga qanday shukr etamanki, shukr Sen ato etadigan ne’matdir», dedi. Shunda Alloh taolo unga: «Ey Dovud, buni ne’mat ekanini anglagan oningda shukr qila olding», deya vahiy qildi. 

Ibn Abi Hotim rivoyatlari. 

Abu Abdurahmon Hubuliy: «Namoz – shukr. Ro‘za ham – shukr. Alloh rizosini ko‘zlab qilingan har bir amal – shukrdir. Shukrning eng afzali esa – hamddir», degan. 

Ibn Jarir rivoyati.

(davomi bor).

Sunnatulloh Abdulbosit

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jigarni quritadigan ichimlik

7.02.2025   3073   1 min.
Jigarni quritadigan ichimlik

So‘nggi paytlarda yoshlar orasida energetik ichimliklar ichish odat tusiga kirdi. Shifokorlar tetiklashtiruvchi bunday ichimlik­larni sog‘lik uchun juda xavfli ekanini ta’­kidlashmoqda.

Energetik ichimliklar 1960 yili Yapo­niyada tibbiyotda dori vositasi sifatida kashf qilingan. Dastlab inson salomatligi uchun zararsiz deb hisoblangan ichimlik asta-sekin ommalashib, tijoratga aylanib ketdi. So‘ngra uning tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalar qo‘shildi.

2014 yilga kelib Jahon sog‘liqni saq­lash tashkiloti dunyoda voyaga yetmagan o‘s­mirlarning energetik ichimlikni ko‘p is­te’mol qilishi xavfli ekanini e’lon qildi. Shu sababdan ko‘p mamlakatlarda bu ichimlikka taqiq qo‘yildi.

Salomatlik uchun aso­siy xavflar shakar va ko­fein miqdorining yuqori­ligidir. Energetik­larda esa, kofein 100 ml uchun 30–50 mg bo‘ladi. Ba’zilarida 100 mggacha oshishi mumkin. Bu oddiy qahva (12 mg)dan 8 baravar ko‘p. Energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qilish tushkunlikka tushish ehtimolini oshiradi.

“Energetik ichimliklarni muntazam ra­vishda iste’mol qilish yurak xurujini oshiradi, asab tizimini susaytiradi va giyohvandlikka olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, qon bosimini ko‘tarish xavfi bor. Masalan, bitta idishdagi energetik ichimlikda 27 choy qoshiq shakar bor. Agar siz bu ichimliklarni ichsangiz, kelajakda qandli diabet va boshqa og‘ir kasalliklarga duch kelishingiz muqarrar”, deydi mutaxassislar.

Ayrim ishlab chiqaruvchilar bu ichimliklarga hayvonlar aminokislotalariga o‘xshash bo‘lgan taurin moddasini qo‘shadi. Bu modda yurak mushaklarining ishlash jarayonini tezlashtiradi.

Energetik ichimliklar tarkibida shakar miqdori me’yoridan ancha yuqori. Shu bois bir shisha energetik ichimlik ichgan kishi jigari qattiq zo‘riqadi. Energetik ichimliklarni muntazam ichish jigar qu­rishiga olib keladi.