Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Mart, 2025   |   7 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:30
Quyosh
06:48
Peshin
12:39
Asr
16:35
Shom
18:24
Xufton
19:36
Bismillah
07 Mart, 2025, 7 Ramazon, 1446

Onlayn: Muftiy hazratlari Toshkent shahridagi “Mevazor” jome masjidining yangi qurilgan binosiga tashrif buyurdilar

8.07.2020   2132   2 min.
Onlayn: Muftiy hazratlari Toshkent shahridagi “Mevazor” jome masjidining yangi qurilgan binosiga tashrif buyurdilar

Bugun, 8 iyul erta tongda Toshkent shahridagi Olmazor tumanida joylashgan “Mevazor” jome masjidi yangi binosi bunyod etilishi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov boshchiligidagi ulamolar va mutassaddi vakillar tashrif buyurdilar.

– Bugungi zamon talablariga to‘la javob beradigan masjid barpo etildi, – deydi masjid imom-xatibi Rahimjon domla Marhumov. – Buning uchun Prezidentimiz boshchiligidagi barcha rahbarlarga, uning qurilishiga hissa qo‘shgan barcha kishilarga tashakkur bildiramiz.
Avval “Mevazor” mahalliy jome masjidi 120 kishiga mo‘ljallangan kichkina bir xonaqoh va uch kishiga mo‘ljallangan tahoratxonadan iborat edi. So‘nggi yillarda diniy sohada erkinliklar bo‘lgani tufayli namozxonlari ko‘payib, masjidimiz torlik qilib qolgan edi. Shu bois mahalla faollari bilan birga masjidni yangitdan qayta qurishga ruxsat olindi va hashar yo‘li bilan qurilish boshlab yuborildi. Yaqinda ushbu masjid qurilish ishlari yakunlandi.
Alhamdulillah, hozirda masjidimizda 1 500 nafar namozxonlar ibodatlarni bekamu ko‘st ado etish imkoniga ega bo‘ldilar. Masjidning bitta minorasi bo‘lib, uning uzunligi 30 metrni tashkil etadi. Shuningdek, 30 kishiga mo‘ljallangan tahoratxona ishga tushdi. Imom-xatib, noiblarga, mutavaliy, qarovulga muljallangan 5-6 ta ma’muriy binolari bor. Bundan tashqari, masjidning alohida kutubxonasi bor. Ayollar uchun namozxona va tahoratxona alohida qurilgan. Yer to‘lada ham namoz o‘qiladi. Unga kirib chiqadigan uchta katta eshik bor. Masjid binosida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha barcha jihatlar inobatga olingan.

Muftiy hazratlari ushbu mo‘jaz masjidga tashriflari davomida uning faoliyati yuzasidan muhim tavsiyalar berdilar va ushbu masjidning qiyomatga qadar mo‘min-musulmonlarga xizmat qilishini so‘rab xayrli duolar qildilar.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Mening uyimda iftor qiling

4.03.2025   3295   4 min.
Mening uyimda iftor qiling

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roniy rahmatullohi alayh aytadilar:

"Bir kuni Ramazon oyida shomdan bir soat avval uyga qaytayotgan edim. Shu paytda masjiddagi darsimga ba’zan tashrif buyuradigan faqir odam meni to‘xtatdi. U meni qattiq quvonch bilan quchoqlab, ko‘z yoshlari bilan: — Sizdan iltimos qilaman, Alloh yuzi uchun, bugun mening uyimda iftor qiling! — dedi.

Shayx shunday davom etadi:
— Uning iltijosi tilimni tutib qo‘ydi, xohishi yuragimni zabt etdi va meni Alloh yuzi bilan so‘ragani qalbimni yoritdi.
Men unga: — Birodar, ahlim meni kutayapti, holatim bunga mos emas. Ammo...
Shunday desam-da, o‘zimni u kishi bilan yurib ketayotganimni sezdim. Uning uyini qayerdaligini ham, sharoiti qandayligini ham bilmasdim, shu qadar muhimi, iftorga ozgina vaqt qolgan edi.
Uning uyiga yetib borganimizda, bir xonali uy, oshxona va kichik ochiq bir hovli ekan. Uning uyi biron kishidan sotib olingan binoning tom qismida joylashgan bo‘lib, alohida kirish yo‘li va eski yog‘och zinasi bor edi. Zina ikki kishi bir vaqtda chiqishga dosh bera olmasdi, u eskirgan va arang turgan taxtalardek tuyuldi.
U odam haddan tashqari xursand edi. U menga minnatdorlik so‘zlarini aytib: — Qarang, ustoz, bu uy menga tegishli! (Albatta, barcha mulk Allohniki). Dunyoda hech kim mendan bir tiyin ham talab qila olmaydi! Qarang, ustoz, quyosh ertalab xonamga nur sochadi, kechqurun esa qarshi tomondan botadi. Men tong va shom oldidan shu yerda Qur’on o‘qiyman. Xotinim Alloh undan rozi bo‘lsin, ana u yerdagi oyna oldida o‘tirib, men uchun duo qiladi. Vallohi, ustoz, o‘zimni juda baxtiyor his qilaman, xuddi jannatda yashayotgandek!

Shayx shunday davom etadi:
— Bu so‘zlar go‘yo yuragimda jo‘r bo‘lib turardi. Men ehtiyotkorlik bilan zinadan chiqarkanman, yog‘ochlar sinmasin deb qo‘rqardim.
Biroz vaqt o‘tib, xonaga kirdik. Men o‘tirdim, u esa rafiqasi tomon yo‘l oldi. Shunda uning past ovozda: — Ustoz bugun bizning uyda iftor qiladilar, hozir taom tayyorla, — degan so‘zlari eshitildi. Xotini esa qiynalgan holda: — Vallohi, uyda birgina fuldan (bug‘doy yoki no‘xatdan tayyorlangan taom) boshqa hech narsa yo‘q. Iftorga ham yarim soat qoldi, bizda hatto tayyorlashga mahsulot ham yo‘q! — dedi.
Shayx:
— Bu muloqotning barchasini eshitib turdim. Shunda uy sohibiga bunday dedim: — Birodar, sizdan bir iltimosim bor: men bilan birga masjidga yuring, u yerda birodarlarimiz bilan birga iftor qilamiz. Keyin men siz bilan uyingizga qaytaman va sizga duo qilaman.
Uy sohibi rozi bo‘ldi va ular birgalikda masjidga yo‘l olishdi. Masjidda jamoat bilan birga iftor qilishdi va ibodat qilishdi. Keyin shayx va uy sohibi uning uyiga qaytishdi. Shayx unga va uning oilasiga duo qildi va ular bilan suhbatlashdi. Bu voqea uy sohibining qalbida chuqur iz qoldirdi va uning iymonini mustahkamladi.
Bu qissa bizga mehr-muhabbat, saxovat va birodarlikning ahamiyatini ko‘rsatadi. Shayxning uy sohibining holatini tushunib, uning ehtiromini saqlab, uni masjidga taklif qilishi va u yerda jamoat bilan birga iftor qilishlari ularning har ikkisi uchun ham barakotli bo‘ldi. Bu holat bizga insonlar o‘rtasidagi mehr-muhabbat va hamjihatlikning qanchalik muhim ekanligini eslatadi".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV