Bugun, 8 iyul erta tongda Toshkent shahridagi Olmazor tumanida joylashgan “Mevazor” jome masjidi yangi binosi bunyod etilishi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov boshchiligidagi ulamolar va mutassaddi vakillar tashrif buyurdilar.
– Bugungi zamon talablariga to‘la javob beradigan masjid barpo etildi, – deydi masjid imom-xatibi Rahimjon domla Marhumov. – Buning uchun Prezidentimiz boshchiligidagi barcha rahbarlarga, uning qurilishiga hissa qo‘shgan barcha kishilarga tashakkur bildiramiz.
Avval “Mevazor” mahalliy jome masjidi 120 kishiga mo‘ljallangan kichkina bir xonaqoh va uch kishiga mo‘ljallangan tahoratxonadan iborat edi. So‘nggi yillarda diniy sohada erkinliklar bo‘lgani tufayli namozxonlari ko‘payib, masjidimiz torlik qilib qolgan edi. Shu bois mahalla faollari bilan birga masjidni yangitdan qayta qurishga ruxsat olindi va hashar yo‘li bilan qurilish boshlab yuborildi. Yaqinda ushbu masjid qurilish ishlari yakunlandi.
Alhamdulillah, hozirda masjidimizda 1 500 nafar namozxonlar ibodatlarni bekamu ko‘st ado etish imkoniga ega bo‘ldilar. Masjidning bitta minorasi bo‘lib, uning uzunligi 30 metrni tashkil etadi. Shuningdek, 30 kishiga mo‘ljallangan tahoratxona ishga tushdi. Imom-xatib, noiblarga, mutavaliy, qarovulga muljallangan 5-6 ta ma’muriy binolari bor. Bundan tashqari, masjidning alohida kutubxonasi bor. Ayollar uchun namozxona va tahoratxona alohida qurilgan. Yer to‘lada ham namoz o‘qiladi. Unga kirib chiqadigan uchta katta eshik bor. Masjid binosida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha barcha jihatlar inobatga olingan.
Muftiy hazratlari ushbu mo‘jaz masjidga tashriflari davomida uning faoliyati yuzasidan muhim tavsiyalar berdilar va ushbu masjidning qiyomatga qadar mo‘min-musulmonlarga xizmat qilishini so‘rab xayrli duolar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Savol: Saharlik qilish qanday amal?
Javob: Saharlik qilish mustahab amaldir. Saharlik qila olmagan kishi subhi sodiqdan to quyosh botguncha hech narsa yeb-ichmasdan ro‘za tutsa, ro‘zasi durust bo‘laveradi. Ramazon ro‘zasi bo‘lsa ham, nafl ro‘za bo‘lsa ham.
Savol: Bilmay subhi sodiqdan keyin taomlansa, ro‘za durust bo‘laveradimi?
Javob: Yo‘q, durust bo‘lmaydi. Ro‘za subhi sodiqdan quyosh botguncha Alloh taologa qurbat hosil qilish niyatida yeb-ichish va jimo’ qilishni tark qilishdir. Kishi hali subhi sodiq kirmadi, degan o‘yda saharlik qilsayu, subhi sodiq kirib bo‘lgan bo‘lsa yoki quyosh botib bo‘ldi, degan xayolda iftorlik qilib yuborsayu, quyosh hali botmagan bo‘lsa, uning zimmasiga o‘sha kun ro‘zasining qazosi lozim bo‘ladi, kafforat emas.
Savol: Saharlikning oxirgi vaqti qachon?
Javob: Subhi sodiq kirishi bilan saharlik vaqti tugab, ro‘za vaqti boshlanadi. Ikkisining o‘rtasini ajratib turadigan uchinchi bir vaqt yo‘q. Saharlik o‘z vaqtida bo‘lgani afzal. Lekin subhi sodiq kirgan-kirmagani borasida ikkilanadigan darajada kechiktirish makruh.
Savol: Xalq orasida yuradigan «oq ip bilan qora ip ajramaguncha», «kesak otsa ko‘rinmaguncha saharlik qilsa bo‘ladi» degan gaplar to‘g‘rimi?
Javob: Oyati karimada saharlik borasida kelgan «oq ip bilan qora ip» jumlasida odamlar o‘ylaganidek haqiqiy oq va qora iplar emas, balki «kun bilan tun» nazarda tutilgan. Bir sahobiy bu haqda so‘raganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oyatdagi oq va qora ipdan murod haqiqiy oq va qora ip emas, balki kun bilan tun ekanini aytganlar.
Kesak otsa ko‘rinish-ko‘rinmasligi tunning yorug‘ yoki qorong‘uligiga bog‘liq. Lekin hozirgi kundagidek barcha joyda elektr chiroqlar, soatlar mavjud zamonda subhi sodiq kirgan-kirmaganini bu kabi yo‘llar bilan aniqlash to‘g‘ri natija bermaydi.
«Mo‘minning qalqoni» kitobidan