Ma'lumki, Robi'ul avval Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavallad topgan oy hisoblanib, musulmon olamida bu oy o'zgacha shukuh va kayfiyatda o'tkaziladi. Bu oyda ixlosli mo'min-musulmonlar payg'ambarimiz alayhissalomning siyratlari va sunnatlariga ergashib, go'zal axloqlar zanjirini mustahkamlaydilar.
Ochni to'ydirish, yolg'iz va keksalar holidan xabar olish, etimparvarlik, o'zlarida borini boshqalarga ulashish, muhtojlarga ko'mak berish, bemorlarni ziyorat qilish, bir so'z bilan aytganda, ko'ngil olish suyukli payg'ambarimiz alayhissalomning odatlari edi.
Ta'kidlash lozimki, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlarining taklif va tavsiyalari bilan olib borilayotgan mavlid suhbatlari, joylarda ulashilayotgan mavlid hadyalari bois yurtimiz, xonadonlarimizga nur va baraka yog'ilmoqda.
Joriy yilning 25 sentyabr' kuni Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligidagi vakillik jamoasi "Farg'ona saxovat internat uyi"ga tashrif buyurib, u erda istiqomat qilayotgan yolg'iz keksalar holidan xabar olindi. Foydalanuvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, maishiy va xo'jalik mahsulotlari tuhfa qilindi.
Shuningdek, joylarda imom-xatiblar tomonidan mahallalardagi kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan, yolg'iz va keksalar ziyorat qilinib, homiylar ishtirokida ularga mavlud hadyalari ulashilmoqda. Ilm ahillari tomonidan mavlid oyi boshidan buyon Farg'ona viloyatidagi mingdan ortiq xonadonlarga tashrif qilinib, ko'ngillar shod qilinmoqda.
Bu kabi xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Farg'ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.