Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bandaning kunning avvalida nafsi bilan yaxshilik qilishga shartlashib oladigan vaqti bo‘lganidek, kunning oxirida qilingan ishlarni hisoblashib oladigan vaqti ham bo‘lishi kerak. Bu xuddi savdogarlarning sheriklari bilan har yil, oy, hafta yoki kun oxirida dunyo hirsida qiladigan hisob-kitobiga o‘xshaydi. Ular buni besh kunlik dunyo uchun bo‘ladigan foydani qo‘ldan chiqarib yubormaslik maqsadida qiladilar. Bas, shunday ekan, qaysi oqil abadiylik uchun bo‘ladigan foydani ko‘zlab, o‘z nafsini tergamasligi kerak?!
Savdogar sherigi bilan hisob-kitob qilganida sarmoya, foyda va zararga nazar soladi. Agar foyda ko‘rgan bo‘lsa, sherigiga rahmat aytadi. Zarar ko‘rsa, to‘lab berishini va bundan keyin bu ishga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi.
Shunga o‘xshash, bandaning dinidagi sarmoyasi farzlardir. Foydasi nafllar va fazilatlardir. Zarari esa ma’siyatlardir. Ushbu tijoratning mavsumi kunduz kunidir.
Banda avval nafsini farzlar bo‘yicha tergaydi. Agar ularni yaxshilab ado etgan bo‘lsa, Alloh taologa shukrlar qiladi va nafsini shunga o‘xshash ishlarni ko‘p qilishga targ‘ib qiladi. Agar biror farzni o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, qazosini bajarishga shoshiladi. Agar uni nuqsonli ado etgan bo‘lsa, ko‘proq nafl ibodatlari ila o‘rnini to‘ldirishga harakat qiladi. Agar ma’siyat qilgan bo‘lsa, nafsni jazolaydi, azoblaydi va boshqa choralarni ko‘radi. Xullasi kalom, banda o‘zining qilgan kattayu kichik har bir ishida nafsini tergab turishi lozim.
Nafsni tergab turish o‘ta fazilatli ishdir. Bu ishga Alloh taolo amr qilgan.
Alloh taolo Hashr surasida:
«Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar! (Har bir) jon ertalik kun uchun nima taqdim qilganiga nazar solsin», degan (18-oyat).
«Ertalik kun»dan murod qiyomatdir. Qiyomat nisbatan juda yaqin vaqt, shuning uchun ham u «erta» deyiladi. Demak, har bir inson qiyomat kuni uchun nima ish qilganini o‘ylab qo‘yishi kerak.
Albatta, qiyomat kuni insonga mol-dunyo, mansab, nasab, yor-do‘st yordam bera olmaydi, balki iymon, Islom va qilingan yaxshi amallar yordam beradi. Shuning uchun har bir odam fursat borida qiyomatga tayyorgarligini ko‘rib qo‘yishi lozim. Bunda o‘tgan ishlarni hisob-kitob qilib turishga amr bor. Shuning uchun ham hazrati Umar roziyallohu anhu: «Hisob-kitob qilinishingizdan oldin o‘zingizni o‘zingiz hisob-kitob qiling. Amallaringiz tortilishidan oldin ularni o‘zingiz torting», deganlar.
Alloh taolo Nur surasida:
«Barchangiz Allohga tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki, zafar topsangiz», degan (31-oyat).
Tavba xato va ayb sanalgan amalni qilib bo‘lgandan keyin unga afsus-nadomat chekishdan boshlanadi.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ey odamlar! Allohga tavba qilinglar! Men har kuni Unga yuz marta tavba qilurman», – dedilar».
Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ag‘orr al-Muzaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, (ba’zan) qalbimni bulut bosadi. Va albatta, men Allohga bir kunda yuz marta istig‘for ayturman», – dedilar».
Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Alloh taolo A’rof surasida:
«Albatta, taqvo qiluvchilar, agar ularga shaytondan bir sharpa yetsa, zikr qilarlar, bas, karabsanki, ular ko‘ruvchi bo‘lib turibdilar», degan (201-oyat).
Hazrati Umar roziyallohu anhu kech kirsa, oyog‘iga darra bilan ura turib, «Bugun nima ish qilding?» der ekan.
Maymun ibn Mehron deydi: «O‘zini o‘zi sherigidan ko‘ra qattiqroq tergamagan odam taqvodorlardan bo‘la olmaydi. Ishni qilib bo‘lgandan keyin sheriklar bir-birlarini tergaydilar-ku!»
Abdulloh ibn Salomning bir bog‘ o‘tin orqalab ketayotganini ko‘rganlar:
«Ey Abu Yusuf! Bolalaring va g‘ulomlaring ko‘tarsa ham bo‘lardi?!» – dedilar.
«Nafsimni tekshirib ko‘rishni iroda qildim. Yoqtirarmikan yoki yo‘q?!» – dedi u.
Hasan Basriy:
«Mo‘min kishi o‘z nafsini Alloh taolo uchun tergab turadi. Bu dunyoda o‘zlarini tergab turgan qavmlarning u dunyodagi hisobi oson bo‘ladi. Bu dunyoda ishni hisob-kitobsiz qilganlarning hisobi qiyomat kuni mashaqqatli bo‘ladi», deganlar.
«Malomatchi nafs ila qasam» oyati tafsirida Hasan: «Mo‘minning faqat nafsini malomat qilib turganini ko‘rasan: «Bu so‘zim ila nimani iroda qildim? Bu yeganim ila nimani iroda qildim? Bu ichganim ila nimani iroda qildim?» Fojir esa o‘zini o‘zi tergamay ketaveradi», – degan.
"Mukammal saodat yo‘li" kitobidan
بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
فَأَمَّا مَنْ أُوتِيَ كِتَابَهُ بِيَمِينِهِ فَيَقُولُ هَاؤُمُ اقْرَءُوا كِتَابِيَهْ. إِنِّي ظَنَنتُ أَنِّي مُلَاقٍ حِسَابِيَهْ. فَهُوَ فِي عِيشَةٍ رَّاضِيَةٍ. فِي جَنَّةٍ عَالِيَةٍ. قُطُوفُهَا دَانِيَةٌ. كُلُوا وَاشْرَبُوا هَنِيئًا بِمَا أَسْلَفْتُمْ فِي الْأَيَّامِ الْخَالِيَةِ
Yaqinda davlatimiz Rahbari raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda 2025 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nutq so‘zladi.
Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan kishilarga yordam ko‘rsatishning fazilati, ular haqiga xiyonat qilish og‘ir gunohligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi, xayru ehsonlar o‘z egalariga yetkazilayotgani, yaxshilik qilishning fayzu barakasi haqida to‘xtaldi.
Qur’oni karimda yutuqqa erishish va oxiratda najot topishning to‘rt asosiy sababi haqida so‘z boradi. Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar, ruku, sajda qilinglar va Rabbingizga ibodat qilinglar hamda yaxshilik qilinglar, shoyadki, najot topsangiz” (Haj surasi, 77-oyat).
“Yaxshilik qilinglar” buyrug‘i barcha yaxshilikni o‘z ichiga oladi. Alloh taolo boshqa bir oyatda aytadiki: “Ularning ko‘pgina maxfiy suhbatlarida yaxshilik yo‘q, magar kim sadaqaga, yaxshilikka va odamlar orasida islohga amr qilsagina, yaxshilik bor” (Niso surasi, 114-oyat).
Haqiqiy yutuq odamlarning holini o‘nglash kabi voqelikda ta’siri ko‘rinadigan yaxshi amallaridir. Talabaning muvaffaqiyati ilmiy yuksalishda, jamiyatga foydasi tegadigan mutaxassis bo‘lib yetishishda. Ustozning muvaffaqiyati talabalarga chiroyli ta’lim berishda. Shu kabi har qanday kasb egasining yutug‘i o‘z ishini puxta bilishi, unga yuklangan vazifani to‘la-to‘kis ado etishidadir.
Haqiqiy yutuq Haqning toatida bo‘lish, Uning buyrug‘iga amal qilish, qaytarig‘idan qaytish ila ro‘yobga chiqarkan!
Haqiqiy yutuq – qiyomat kunida kishining amallari yozilgan daftari o‘ng tomonidan berilishidir: «Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”. Bas, u qoniqarli maishatda, oliy jannatda, mevalari (uzib oluvchiga) yaqindir. (Jannat ahliga): “O‘tgan kunlarda (dunyoda) qilib o‘tgan (ezgu) amallaringiz sababli (ushbu noz-ne’matlarni) yoqimli ishtaha bilan yeb-ichaveringiz!” (deyilur)» (Haqqa surasi, 19–24-oyatlar).
Musulmon inson dini va oxirati xususida muvaffaqiyatga erishishi kerak degani dunyoviy muvaffaqiyatlarga erishishga harakat qilmasin, dunyoga butunlay qo‘l siltasin deganimas! Aksincha, musulmon kishining dunyoda muvaffaqiyat qozonish uchun harakat qilishi – Allohning yerdagi “xalifasi” maqomiga munosib ish! O‘tkinchi hayotda muvaffaqiyat qozonishga berilib ketib, oxirat tadorigidan chalg‘imasa, bas! Musulmonlar dinu dunyolarida, oxiratlarida yutsalar, naqadar soz bo‘ladi!
Abdulaziz ABDULLAYEV,
Qamashi tumanidagi “Chim” jome masjidi imom-xatibi
"Hidoyat" jurnali 2-sonidan