Misrning Buhayra viloyatidan kelgan yigit Husayn Abdul Zohir oltin hiqildoqqa ega bo‘lib, u uning yordamida Qur’on o‘qishning turli uslublariga taqlid qilishi mumkin.
Youm7 ma’lumotlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq vositalariga joylashtirilgan videorolikda misrlik Qur’on hofizi 10 nafardan ortiq Qur’on hofizlarining uslublariga taqlid qilib, Muqaddas kitobdan suralarni o‘qiydi.
Husayn Abdul Zohirning iste’dodi boshlang‘ich maktabda o‘qib, Qur’on o‘qiyotganida kashf etilgan. U bilan birga bo‘lgan Shayx uning ovozini eshitib, uni bu yo‘lda davom etishga rag‘batlantirdi, bu esa Husaynning yoshligida Qur’onni o‘qiganda oyatlarning ma’nosi ustida fikr yuritish va uni butunligicha yod olishiga sabab bo‘ldi.
IQNA xabariga ko‘ra, Abdul-Zohir 22 nafardan ortiq Qur’on hofizlarining uslublariga taqlid qilib, hiqildog‘ining tovushini o‘zgartirishi va suralar o‘qishi ham mumkin.
Quyidagi videoklipda Husayn Abdul Zohir Maxer al-Muayqli, Shayx Muhammad Ayyub, Halil al-Husari, Muhammad Sidiq al-Minshavi, Shayx Hasan Ibn Ahmad al-Banna, Shayx Mustafo al-Lahuni, Ali Abdulla Jabir, Shayx Nosir al-Qatami, Fors Ibod, Shayx Muhammad Jibril va Saad al-Hamidi kabi 11 nafar Qur’on hofizlariga taqlid qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sahobalar aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sariyog‘ va xurmoni yaxshi ko‘rar edilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).
Xurmo kam kaloriyali meva hisoblanib, unda bor-yo‘g‘i 23 kilo kaloriya mavjud. Biroq xurmoning tarkibida inson organizmi uchun zarur bo‘lgan 30 ga yaqin turdagi aminokislotalar mavjud bo‘lib, ularning aksariyati boshqa mevalarda uchramaydi.
Shuningdek, u kaliy, magniy, temir, mis va vitaminlar ayniqsa B6ga boydir.
Xurmo organizmdagi xolesterin darajasini pasaytirish orqali yurak kasalliklari xavfini kamaytiradi. Ichak faoliyatini yaxshilaydi va qabziyatning oldini oladi. Uni muntazam iste’mol qilish ichak mikroflorasini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.
Xurmo tarkibidagi kaliy qon bosimini me’yorlashtirishga va yurak funksiyasini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. Unda B6 vitamini va antioksidantlar miyadagi yallig‘lanish jarayonlarini kamaytiradi, xotirani mustahkamlaydi, fikrlash qobiliyatini yaxshilaydi.
Tarkibidagi glyukoza, fruktoza va sukroza kabi tabiiy shakarlar tufayli xurmo organizmga energiya beradi. Shu sababli u jismoniy charchoq paytida va iftorlikda eng yaxshi ozuqa hisoblanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam qishda xurmo bilan, yozda suv bilan og‘iz ochar edilar.
Xurmo tarkibidagi kalsiy, magniy va fosfor suyaklarni mustahkamlaydi va osteoporoz kabi kasalliklar xavfini kamaytiradi. Undagi antioksidantlar esa, teri qarishini sekinlashtiradi va uning elastikligini saqlaydi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, homiladorlik davrida muntazam xurmo iste’mol qilish tug‘ruq jarayonini osonlashtirishga yordam beradi.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki: “Subhanallohi va bihamdihi”, desa, u uchun jannatda bir xurmo ekiladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD