Turkiyaning Istanbul shahrida ”Sanki Yedim Camii”nomli masjid bor. Bu turkchadan tarjima qilinganda "Yegandek bo‘ldim masjidi" ma’nosini anglatadi. Bir kishining ibratomus ixlosi va cheksiz qanoati evaziga qurilgan bu masjid tarixida avlodlar uchun go‘zal ibrat bor.
Yigirma yil davomida yig‘ilgan pullar
XVII asrda Usmonlilar davrida Istanbulning Fotih mintaqasida Xayriddin afandi nomli bir kishi istiqomat qilar yedi. O‘sha davrda faqat sulton yoki yirik amaldorlar tomonidan qurdiriladigan masjidlarni ko‘rib havas qilar, qani endi u ham o‘z hisobidan masjid qurishdek ulkan savobli ishni qilishga imkon bo‘lsa, deb, orzu qilar yedi.
Masjid qurish fikri xayoliga kelganidan so‘ng, bu uning hayotidagi eng katta maqsad va ishtiyoqqa aylandi. Ammo buning uchun na davlati, na bir moliyaviy ahvoli to‘g‘ri kelar edi.
Atrofidagi odamlar bu orzusidan voz kechishini aytishsa-da, u fikridan qaytmasdi. Shunda u o‘zining har qanday istak-xohishlarini cheklab, pullarini tejash yo‘lini topadi.
Qahramonimiz qachon bozorning oldidan o‘tsa va nafsi biror mevanimi, go‘shtnimi, halvoni xohlab qolsa "yegandek bo‘ldim" deb shunga yetadigan pulni bir sandiqqa tashlab qo‘yaverar ekan.
Oylar, yillar o‘tsada, u o‘zini lazzatli taomlardan mahrum qilib boraveribdi. Suyagini tik tutib turadigan ovqatgagina qanoat qilib boraveribdi. Sandiq esa sekin-asta pulga to‘lib boraveribdi.
Shu tarzda u 20 yil davomida yig‘gan pullari bilan kichik masjid qurish uchun mablag‘ jamlaydi va Zeyrek tumanida unga ko‘rsatilgan joyda orzusidagi kichik masjidni barpo etadi. Mahalla ahli bu kishining qissasidan xabardor bo‘lgach masjidni "Yegandek bo‘ldim" deb nomlashibdi.
Birinchi jahon urushini ko‘rgan masjid
Masjid Birinchi jahon urushi paytida, Unkapani mintaqasidagi kuchli yong‘in paytida katta zarar ko‘rgan. 1959 yilga qadar qarovsiz qolgan bino, mahalla ahli yig‘gan pullar yevaziga kapital ta’mirdan chiqarildi. Masjid bugungi kundga qadar faoliyat yuritmoqda.

Hozirda masjidning ichki maydoni 100 kvadrat metr bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 200 ga yaqin kishi ibodat qilishi mumkin. Bitta oq rangga bo‘yalgan minorasi bor.
Masjid tarixini yozib qoldirgan tarixchilar aytadilarki, agar Istambulga yo‘lingiz tushsa va Fotih mintaqasiga borsangiz eski uylar orasida kichkina masjidni ko‘rasiz. Bu masjid Xayriddin afandining ixlosiga, zuhdiga dalolat qiladi. U kishi faqirligiga qaramasdan abadiy hayoti uchun doimiy ajr borib turadigan go‘zal sadaqayi joriya qoldirdi.
Unga dunyo lazzatlari "meni yeng" deb nido qilganida ularga qarab "yegandek bo‘ldim" deb javob qildi va bu qanoati evaziga inshaalloh o‘ziga jannatdan bir qasr tayyorlab ketdi!

Zoirjon Sodiqov tayyorladi