Bugungi kunda Saudiya Arabistoni va Misrning Al-Azhar jomiasi karantin sababli hayit namozini uyda o‘qish kerakligini aytishmoqda. Shu bilan birga Pokiston, Hindiston, hamda bir qator fatvo uyushmalari, shu jumladan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan hayit namozini uyda o‘qib bo‘lmasligi ta’kidlanmoqda.
Aslida bu masaladagi turlichalik hayit namozini o‘tkazib yuborgan yoki biror uzrga ko‘ra unga yetisha olmagan kishi uni qazosini o‘qisa joiz bo‘lishi yoki bo‘lmasligi borasida mazhablar o‘rtasidagi ixtilofga borib taqaladi. Hayit namozining qazosini hanafiy va molikiy ulamolar o‘qish joizmas, deyishgan bo‘lsa, shofeiy va hanbaliy ulamolar joiz deganlar.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mazkur masaladagi mazhablar o‘rtasidagi ixtilof sahobalar davridagi ixtilofdan kelib chiqqandir.
Shofeiy va hanbaliylar hayit namozini qazosini o‘qisa joiz bo‘ladi, degan gaplariga Anas raziyallohu anhuning amalini dalil qiladilar. Rivoyat qilinishicha Anas ibn Molik raziyallohu anhu hayit namozini o‘tkazib yuborsa, ahli-oilasi va farzandlarini jamlar, so‘ng mavlosi Abdulloh ibn Abu Utba barchalariga imom bo‘lib, xuddi shahar ahli o‘qiydigan suratda takbirlar bilan ikki rakaat namoz o‘qib berar edilar.
“Hayit namozining qazosi o‘qilmaydi” degan hanafiy va molikiy ulamolarga ko‘ra hayit namozi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tomonilaridan faqat katta jamoat bilan namozgohda ado etilgan. Ushbu namozni qazo qilish Nabiy alayhisalomning na so‘zlari va na fe’llari bilan sobit bo‘lgan. Xususan, ibodat masalalari tavqifiy (vahiyga asoslangan) bo‘lib, uni biror ibodatga qiyoslab ado etilmaydi.
Ushbu masalada mazkur ikki mazhab o‘rtasidagi xilofni yanada yaxshiroq tushunishimiz uchun Imom Burhoniddin Marg‘iloniyning mashhur “al-Hidoya” asariga yozilgan sharhlardan biridan iqtibos keltiramiz:
(وَمَنْ فَاتَتْهُ صَلَاةُ الْعِيدِ مَعَ الْإِمَامِ لَمْ يَقْضِهَا) عِنْدَنَا خِلَافًا لِلشَّافِعِيِّ فَإِنَّهُ قَالَ : يُصَلِّي وَحْدَهُ كَمَا يُصَلِّي مَعَ الْإِمَامِ لِأَنَّ الْجَمَاعَةَ وَالسُّلْطَانُ لَيْسَ بِشَرْطٍ عِنْدَهُ فَكَانَ لَهُ أَنْ يُصَلِّيَ وَحْدَهُ. وَعِنْدَنَا هِيَ صَلَاةٌ لَا تَجُوزُ إقَامَتُهَا إلَّا بِشَرَائِطَ مَخْصُوصَةٍ مِنْ الْجَمَاعَةِ وَالسُّلْطَانِ ، فَإِذَا فَاتَتْ عَجَزَ عَنْ قَضَائِهَا .
ya’ni: “Imom bilan birga iyd namozini ado etolmagan kishi biz hanafiylarga ko‘ra uni qazo qilib o‘qimaydi. Chunki shariatimizda iyd namozini ma’lum shartlarga ko‘ra o‘qish ma’lum bo‘lgan. Yolg‘iz o‘quvchi kishi uchun ushbu shartlar mukammal bo‘lmaydi. Imom Shofeiy ushbu masalada bizga xilof qilgan bo‘lib, “U imom bilan qanday o‘qisa yolg‘iz holida shunday ado etadi”, deganlar. Chunki jamoat va sultonning izni Imom Shofeiyga ko‘ra shart sanalmaydi.
Biz hanafiylarga ko‘ra esa hayit namozi jamoat va sultonning izni kabi maxsus shartlar topilgandagina o‘qish mumkin bo‘lgan namoz sanaladi. Agar hayit namozini ado eta olmasa uni qazo qila olmaydi” (Al-Inoya sharhul-Hidoya)
Demak, hayit namozi borasidagi ixtilof mazhablar o‘rtasidagi ijtihodiy ixtilof ekani ma’lum bo‘lmoqda. Hanafiy mazhabi ulamolariga ko‘ra, hayit namozini maxsus shartlari bor namoz bo‘lish bilan birga, vojib namoz hisoblanadi. Shofeiy mazhabiga ko‘ra esa, bu namoz sunnat va ularning nazdida hanafiylarda qo‘yilgan ayrim shartlar yo‘q. Shu bois, shofeiylarga ko‘ra, hayit namozini xuddi tarovih namozi kabi uyda, yolg‘iz tartibda yoki oilaviy o‘qisa bo‘ladi. Saudiya Arabistoni va Al-Azhar ulamolarining fatvosi shofeiylarga ko‘ra berilgan.
Ammo fiqhda hanafiy mazhabiga tobe bo‘lgan yurtlarda, jumladan bizning yurtimizda bugungidek vaziyatlarda hayit namozi uylarda ham o‘qilmaydi. Chunki hayit namozi durust bo‘lishi uchun hayit namozi o‘qilishiga umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi va hayit namozini odamlarga muftiy tomondan tayinlangan kishi o‘qib berishi kerak. Hayit namozi uyda o‘qilganda mana shu shartlar topilmaydi. Buning natijasida namoz durust bo‘lmaydi.
Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Avzoiy, Imom Savriy va Imom Ibn Is'hoqlarning tutgan yo‘llariga ko‘ra hayit namoziga yetisha olmagan kishi xohlasa, zuho namozi kabi ikki yoki to‘rt rakat namoz o‘qishi mumkin. Ushbu namoz ham nafl hukmida bo‘lib, uni jamoat bilan o‘qilmaydi. Bunga mashhur sahoba Abdulloh ibn Mas’ud va Ali Ibn Abu Tolib raziyallohu anhumodan naql qilingan fatvo dalil bo‘ladi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Kim hayit namozini o‘tkazib yuborsa to‘rt rakaat namoz o‘qisin”, deganlar. Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Agar biror kishini kasal odamlarga imom bo‘lib namoz o‘qishga buyursam, to‘rt rakaat o‘qishga buyurgan bo‘lar edim”.
Bizning mazhab ulamolari ushbu ikki buyuk sahobaning so‘zlariga amal qilib, hayit namozini o‘qiy olmagan kishi zuho namozini o‘qishi mustahab ekanini aytishgan. Mo‘tabar hanafiy fiqhiy manbalaridan biri “Majma’ul anhur” kitobida shunday deyiladi:
اعْلَمْ أَنَّ صَلَاةَ الْعِيدِ قَائِمَةٌ مَقَامَ الضُّحَى فَإِذَا فَاتَتْ بِعُذْرٍ يُسْتَحَبُّ أَنْ يُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ أَوْ أَرْبَعًا وَهُوَ أَفْضَلُ
ya’ni: “Ma’lum bo‘lsinki, hayit namozi Zuho namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzaldir”.
Xulosa o‘rnida shuni alohida eslatib o‘tamizki, hayit namozini yolg‘iz o‘qish joiz yoki joizmasligi ijtihodiy masalalardan sanaladi. Har ikki toifa mazhab ulamolarining ham sahobalarning so‘zidan dalillari bor. Shunday ekan har bir yurt musulmonlari o‘zgalarning mazhabini ehtirom qilgan holda o‘z yurtlaridagi ilm ahllariga ergashishlari va turli ixtiloflarga barham berishlari lozim bo‘ladi.
Xususan, hozir insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Yurtimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu kasallik keng tarqalmasligi uchun bir qator cheklovlar joriy etilgan bir paytda hayit namozini uyda alohida kichik jamoatlar bilan o‘qishga urunish yoki shunga da’vat qilish ayni jaholatdir. Afsuski, Respublikamizdan chetda yurgan ayrim kimsalar mazhab talablari va xalq sog‘liq-salomatligini pisand qilmay, ixtilof chiqarishga qaratilgan botil g‘oyalarni tarqatishga urunmoqdalar. Vaholanki, Abu Sa’id Xuduriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Zarar berish va zarar ko‘rish ham yo‘q” deganlar.
Fatvo beruvchi shaxs insonlarning holatidan mas’ul ekanini unutmasligi kerak. Sahobalardan ba’zilari bir bemor kishi borasida bilmasdan fatvo berib, uning o‘limiga sababchi bo‘lib qolishganida Payg‘ambarimiz alayhissalom bundan qattiq g‘azablangan va “Ular uni o‘ldirishibdi. Alloh ham ularni o‘ldirsin. Bilmasalar so‘ramaydilarmi?!” degan edilar” (Imom Abu Dovud rivoyati). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mutaxassisi,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Abdulatif Tursunov
Muhtaram vatandoshlar!
Siz, azizlarni, barcha mo‘min-musulmon yurtdoshlarimizni, butun xalqimizni ulug‘ va mo‘tabar ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.
Jamiki islom ummati uchun qadrli bo‘lgan ushbu shukuhli bayram – Iyd al-Adhoni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun, avvalo, mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.
Hech shubhasiz, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy, xalqchil davlat barpo etish, uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash va ta’sirchanligini oshirishda muqaddas islom dini, uning asosiy bayramlaridan biri bo‘lgan Qurbon hayiti ham muhim rol o‘ynamoqda.
Ayniqsa, bu bayramning insonparvarlik, ahillik, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlari yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga uyg‘un va hamohang bo‘lib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar haqida alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz samarasini oshirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Aziz do‘stlar!
Bugungi kunda mamlakatimizda turli millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy merosimizni asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, islom dinining ezgu tamoyillarini chuqur o‘rganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi – Samarqand shahri 2025 yilda islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari qatoriga, shu yil Buxoro shahrida o‘z faoliyatini boshlaydigan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi ham qo‘shildi.
Poytaxtimiz Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz va xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida Yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanadi, deb ishonaman.
Hurmatli yurtdoshlar!
Shu saodatli kunlarda 15 ming nafar vatandoshimiz muqaddas haj ziyoratini ado etmoqda. Ezgu duo va niyatlar ijobat bo‘ladigan mana shunday munavvar lahzalarda ularni ham Qurbon hayiti bilan samimiy qutlab, Yaratgandan yurtimizga sog‘-omon qaytib kelishlarini so‘raymiz.
Umid qilamizki, muhtaram hojilarimiz jamiyatimizda birdamlik, oila va mahallalarimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarimiz tarbiyasini kuchaytirish, ularni ilm-ma’rifatga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, Vatan himoyachisi bo‘lishga targ‘ib etish, muhtoj insonlarga ko‘mak berishda alohida ibrat va namuna ko‘rsatadilar.
Qalblarimiz quvonchga to‘lgan ushbu fayzli kunlarda xorijiy davlatlarda bo‘lib turgan vatandoshlarimizni ham bugungi ulug‘ ayyom bilan chin dildan qutlab, ularga sog‘lik-omonlik, baxt va omad tilaymiz.
Jahonning uzoq-yaqin o‘lkalaridagi musulmon ummatini ham qizg‘in tabriklab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Hozirgi kunda dunyo naqadar murakkab va tahlikali bo‘lib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Bunday keskin sharoitda yurtimizda tinchlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini saqlab, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib ko‘zlagan yuksak maqsadlarimizga yeta olamiz.
Albatta, o‘z tarixida ne-ne sinov va mashaqqatlardan munosib o‘tgan mard va olijanob xalqimiz bunga har tomonlama qodir.
Bu yo‘lda el-yurtimizga mansub mehr-oqibat, o‘zaro birlik va jipslik biz uchun beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.
Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Qutlug‘ ayyom barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti