Ramazon oyida o‘zining vaqtini va molini Allohning toatiga sarflagan aqlli musulmon o‘ziga eng muhim savolni berishi kerak, bu ham bo‘lsa “Ramazondan keyin nima qilaman?” degan savoldir.
Ey birodar bilingki albatta Alloh taolo yaxshilik eshiklarini yil davomida oson va yengil holda ochib qo‘yadi. Baxtli inson bu yaxshiliklardan o‘z nasibasini olishga shoshilgan insondir. Shuning uchun Allohdan muvaffaqiyat so‘ragan holda quyida o‘zimga va birodarlarimga Ramazondan keyingi ba’zi yaxshilik eshiklarini eslatib o‘tishni xush ko‘rdim:
Farz namozlarni masjidda jamoat bilan ado etishni davom ettirish
Albatta Ramazon oyida namozni masjidda ado etishga odatlangan musulmon bu muborak farz amalni davom ettirishi lozim. Shuningdek bu amal yaxshiliklarning eng buyuk eshigi ekanligini anglashi va masjidda jamoat bilan namoz ado etishlik har-bir erkak, bolig‘, oqil va o‘zi yoki o‘zgalar yordamida masjidga bora oladigan musulmon uchun vojib ekanligini anglashi kerak. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: albatta Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Jamoat namozi yolg‘iz kishi namozidan yigirma yetti barobar afzaldir” (imom Buxoriy rivoyat qilgan). Ey birodar yodda tuting farz namozni ado etish uchun masjidga qarab bosayotgan har-bir qadamingiz qiyomat kuni sizga xasanotlar qilib yoziladi. Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinad: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Kim o‘z uyida tahorat qilib, Allohning uylaridan bir uyga Allohning farzlaridan bir farzni ado etish uchun yurib borsa, uning ikki qadamidan biri ila xatosi o‘chadi, boshqasi ila darajasi ko‘tariladi» (imom Muslim rivoyat qilgan).
Kechalari qoim bo‘lishni davom ettirish
Namoz bu banda va uning Robbisi o‘rtasidagi rishtadir. Agar musulmon taroveh namozi va Ramazonning oxirgi o‘n kunligidagi ibodatlarga odatlangan bo‘lsa Ramazondan keyin ham kechalari namoz o‘qishlik unga oson bo‘ladi. Kechasi banda o‘z Robbisi bilan yolg‘iz qoladi. Bundan foydalanib unga istig‘for aytadi va Allohdan dunyo va oxirat hojatlarini so‘raydi. Ey birodar agar kechasi tura olmasangiz uyqudan avval bir necha rakat namoz o‘qing va bilingki kechasi ibodat qilish solihlar va Allohga muxlis bo‘lgan zotlar odatidur. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur (ya’ni, tunlarni ibodat bilan o‘tkazishib, oz uxlaydilar). Ular Parvardigorlariga qo‘rquv va umidvorlik bilan duo-iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar”. (Sajda surasi 16 oyat). Va yana bir oyatda: “Albatta taqvodor zotlar (u Kunda) Parvardigor o‘zlariga ato etgan narsalarni (ajr-mukofotlarni) qabul qilgan hollarida jannatlar va chashmalar ustida (bo‘lurlar). Zero, ular bundan ilgari (ya’ni, hayoti dunyodalik chog‘larida) chiroyli amallar qilguvchi edilar. Ular kechadan ozgina (fursatgina) ko‘z yumar edilar. Va saharlarda ular (qilgan sahvu-xatolari uchun Parvardigordan) mag‘firat so‘rar edilar. (Vaz-Zoriyot surasi 15-19 oyatlar). Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Albatta Rasululloh sallallohu alayhi va sallam oyoqlari qavarguncha kechasi qoim bo‘lardilar. Shunda Oisha roziyallohu anho: Ey Rasululloh nega unday qilasiz axir Alloh sizning oldingiyu keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilganku – dedi. u zot, shukr qiluvchi banda bo‘lmishni yaxshi ko‘rmaymanmi» derdilar. Yoshlari ulg‘ayganda o‘tirib o‘qirdilar, ruku’ qilishni holasalar o‘rnilaridan turib ruku’ qilardilar. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan). Yana bir hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Salomni tarating, taomni tarqating, insonlar uxlab yotganda kechasi namoz o‘qing, salomatlik-la jannatga kirursiz”. (Termiziy rivoyat qilgan).
Yaxshi-yomon kunlarda ko‘p duo qilish.
Ramazon oyida iftor vaqtida duo qilishga o‘rgangan musulmon Ramazondan keyin ham yil davomida duoni kanda qilmasligi kerak. Shuningdek har-bir musulmon banda Alloh taologa xolisona yaxshi-yomon kunlarda qilingan duolarni qaytarmasligini bilishi kerak. Bu narsani Alloh taolo quyidagi suralarda bayon qildi: “(Ey Muhammad alayhissalom), bandalarim sendan men haqimda so‘rasalar, men (ularga) yaqinman. Menga duo qilgan paytlarida duogo‘ylarning duosini ijobat qilaman. Bas, ular ham mening da’vatimga javob qilsinlar va menga iymon keltirsinlra. (Shunda) shoyad to‘g‘ri yo‘lni topsalar”. (Baqara surasi 186 – oyat). “Yoki muztar-nochor odam duo-iltijo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan va (uning) mushkulini oson qiladigan hamda sizlarni yerning xalifa-egalari qiladigan Zotmi?! Alloh bilan birga yana biron iloh bormi?! Kamdan-kam eslatma-ibrat olursizlar!” (Naml surasi 62 – oyat). “(Ey insonlar), Parvardigorlaringiz: "Menga duo-iltijo qilinglar! Men sizlarga (qilgan duolaringizni) mustajob qilurman. Albatta Menga ibodat qilishdan kibr-xavo qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannamga kirurlar", dedi.” (G‘ofir surasi 62 – oyat).
Nu’mon ibn Bashiyr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam “Duo bu ibodatdur”- dedilar. (sahih abi Dovud).
Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam “Banda Allohga sajda holaida eng yaqin bo‘ladi, (shu holatda) duoni ko‘paytiringlar”- dedilar. (Muslim rivoyat qilgan).
Qur’on tilovati va uni yod olish.
Ramazonda Qur’onni tilovat qilib uning ba’zi qismlarini yod olishni odat qilgan birodarim, bu ishingizga yilning boshqa davrida ham amal qiling. O‘zingizga Qur’onni ma’lum qismini tilovat qilib uning ba’zi qismini imkoningiz qadar yod olishni belgilab oling. Alloh taolo bu amalning fazilati haqida Qur’oni karimda shunday deydi:
“Albatta Allohning Kitobini (Qur’onni) tilovat qiladigan, namozni to‘kis ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq-ehson qiladigan zotlar hargiz kasod bo‘lmaydigan oldi-sotdidan (ya’ni, ulardan yaxshi amal va infoq-ehson, Allohdan ijru-mukofot bo‘lishidan) umidvordirlar, zero, (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O‘z fazlu-karamidan ularga yana ziyoda (mukofotlar) ham berur. Albatta U Mag‘firatli va o‘ta Shukr qilguvchidir (ya’ni, ozgina yaxshi amal uchun ko‘p mukofot ato qilguvchidir)”. (Fotir surasi 29-30 oyatlar).
Abu Umoma Al-Bohiliydan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni - “Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni egasiga shafoatchi bo‘lib keladi” deganlarini eshitdim. (Muslim rivoyat qilgan).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam “Kimda kim Alloh taolo kitobidan bir xarf o‘qisa bitta yaxshilik yoziladi va bu yaxshilik o‘n misliga ko‘paytiriladi, Alif Lom Miym xarf demayman, lekin Alif xarf, Lom xarf, Miym xarf” dedilar. (Termiziy rivoyat qilgan).
Tavba, istihfor va Allohni zikr qilishlik.
Albatta Ramazon oyida tavba qilgan, istig‘for aytgan va Allohni zikr qilgan musulmon banda yilning qolgan vaqtida ham shunday davom ettirishi kerak. Chunki Alloh taoloni zikr qilishlik tilga yengil va bandaning qiyomat kunidagi yaxshiliklar mezonida og‘irdir. Shuningdek bu narsa bandaning rizqi kengligi, qalb xotirjamligi va kulfatlardan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun banda Alloh taolo zikridan g‘ofil qolmasligi kerak. Bu haqda Alloh taolo O‘z kitobida shunday deydi:
“Parvardigoringizni ichingizda yolvorib, qo‘rqib, oshkor bo‘lmagan so‘zlar bilan (ya’ni dildan) erta-yu kech yod qiling va g‘ofil kimsalardan bo‘lmang!” (A’rof surasi 205 oyat).
“Ey mo‘minlar, Allohni ko‘p zikr qilinglar! Va erta-yu kech U Zotni poklab tasbeh aytinglar!” (Ahzob surasi 41-42 oyatlar).
“Ular iymon keltirgan va qalblari Allohni zikr qilish-eslash bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizkim, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom olur”. (Ra’d surasi 28 oyat).
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Ey insonlar Allohga tavba qilinglar albatta men har kuni yuz marta tavba qilaman” (Muslim rivoyat qilgan).
Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Alloh taolo aytadi : Men bandam o‘ylagani kabiman va u meni eslasa u bilan birgaman, agar meni ichida eslasa men ham uni ichimda eslayman, agar meni o‘zgalar ichida (oshkora) eslasa uni ham ulardan yaxshilar ichida eslayman, Menga bir qarich yaqinlashsa unga bir arshin yaqinlashaman, Menga bir arshin yaqinlashsa unga bir quloch yaqinlashaman, Menga yurib keladigan bo‘lsa unga yugurib boraman”. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Sa’d ibn Abi Vaqqosdan rivoyat qilinadi:
Rasululloh oldilarida edik shunda ular “Birortangiz mingta hasanotni olishni hoylamaysizmi?”- dedilar. O‘tirganlar orasidan biri “birortamiz qanday qilib mingta hasanot oladi?”- dedi. (Rasululloh) dedilar – “Yuz marta tasbeh aytadi shunda unga mingda hasanot yoziladi yoki mingta gunohi uchirilida”.
Alloh taolo xukmiga va Rasulullohga bo‘ysinish.
Ramazon oyida Alloh taoloning shariatiga ergashib quyosh chiqishidan botguniga qadar taom sharob va shahvatlardan o‘zini man qilishni odat qilgan musulmon boshqa vaqt ham o‘zining boshqa ishlarida Allohning amriga ergashishligi oson bo‘ladi. Bu bandaning dunyoyu oxiratdagi saodati bo‘ladi. Shuningdek har bir banda Allohning kitobi va Rasulining sunnatiga qarshi bo‘lishidan ogoh bo‘lishi kerak. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi: “Alloh va Uning Payg‘ambari bir ishni hukm qilgan — buyurgan vaqtida biron mo‘min va mo‘mina uchun (Allohning hukmini qo‘yib) o‘zlari xohlagan ishlarini ixtiyor qilishlari joiz emasdir. Kim Alloh va Uning Payg‘ambariga osiy bo‘lsa, bas, u ochiq yo‘ldan ozish bilan yo‘ldan ozibdi”. (Ahzob surasi 36-oyat).
“Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Allohning jazosi qattiqdir”. (Hashr surasi 7-oyat).
Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: “Ummatimning barchasi jannatga kirar, lekin bosh tortganlargina kirmas”- dedilar.
“Ey Allohning Rasuli, kim bosh tortadi?» deyishdi. “Kim menga itoat qilsa, jannatga kiradi, kim menga osiy bo‘lsa, bosh tortgan bo‘ladi”- dedilar». (Buxoriy rivoyat qilgan).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: “Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani yangitdan paydo qilsa, u rad qilingandir”- dedilar». (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Aziz birodarim esingizda tuting solih amallar Alloh oldida qabul bo‘lishi uchun ikki shart bor:
Birinchisi: Amalni yolg‘iz Alloh uchun xolis qilish.
Ikkinchisi: Bu amalni bajarishda Rasulullohga ergashish.
Bu ikki shartning birortasi bo‘lmasa Alloh bunday amalni qabul qilmaydi.
Nafl ro‘za
Aziz birodarim bilingki Alloh taologa doimiy itoatli bo‘lishlik va nafsingizni doimo tarbiyalab borishlik sizdan har doim talab qilingan amaldir. Mana shu nafs tarbiyasi uchun Alloh taolo ibodatlarni yo‘lga qo‘ygan. Bu ibodatlarga qanchalik berilgan bo‘lsangiz nafsingiz tarbiyasi shunchalik yuksaladi, qanchalik e’tiborsiz bo‘lsangiz bu tarbiyadan uzoq bo‘lasiz. Shuning uchun Alloh taolo uchun xolis toat ibodatda bo‘lganlar eng qalbi yumshoq, solih insonlar bo‘ladi. Ammo gunohlar va ma’siyatlar ahllari esa qalblari qattiq insonlar bo‘lishadi.
Ro‘za esa qalbni har-xil kasalliklardan tozalovchi amaldir. Shu sababli Ramazon oyi qalblarni tozalovchi oydir. Bu ro‘zador uchun iymonga to‘la qalb bilan chiqishi uchun oladigan ulkan foydasidur. Bu qalb uni boshqa amallarni bajarishga undaydi. Bu amallardan biri shavvol oyining olti kunida ro‘za tutishdir.
Shavvol oyining olti kunida ro‘za tutish fazilatlari:
Abu Ayyub Al-Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”- dedilar». (Muslim rivoyat qilgan). Imom Navaviy rohimahulloh dedilar “Ulamolar dedilar: Bu narsa xuddi bir yil ro‘za tutganga o‘xshatildi, chunki bitta yaxshilik o‘n barobariga ko‘paytiriladi. Ramazon un oy savobiga teng va olti kun esa ikki oyga”. (Bu Nasaiy kitobida marfu’ hadisda va Muslimning Navaviy sharhida kelgan).
Olti kun ro‘zasining sifati
Imom Navaviy dedilar: “Ustozlarimiz aytdilarki: eng afzali Iyd Fitr kunidan keyin ketma-ket tutishlikdir, agar bo‘lib tutsa yoki shavvol boshidan oxiriga kechiktirsa unga ketma-ketlik savobi bo‘ladi, chunki u ramazonga shavvolni olti kunini ulagan bo‘ladi. (Muslim rivoyati, Navaviy sharhi).
Ramazondan so‘ng ro‘za tutish foydalari
Ibn Rajab rohimahulloh aytadilar:
Ramazondan so‘ng ro‘zani davom ettirishda jud ko‘p foydalar bor, bulardan:
- Ramazondan so‘ng shavvol oyining olti kuninida ro‘za tutishlik bir yil ro‘za tutgan savobini beradi.
- Sha’bon va shavvol oylari ro‘zalari farz namozlardan avval va keyin o‘qiladigan sunnat namozlari kabidir, bu bilan farz amalda bo‘lgan nuqsonlar o‘rnini to‘ldiradi. Albatta qiyomat kuni farz amallar nafl amallar bilan to‘ldiriladi. Ko‘pchilik insonlarning farz ro‘zalarida nuqsonlik bor shuning uchun bu narsani o‘rnini to‘ldiruvchi amalga muhtoj bo‘ladi.
- Ramazon ro‘zasidan so‘ng ro‘za tuishni odat qilish ramazon ro‘zasini qabul bo‘lganligi alomatidandir, chunki Alloh bir bandani amalini qabul qilsa u amal ketidan yana bir solih amalga muvaffaq qiladi.
- Albatta Ramazon ro‘zasi o‘tgan gunohlarni mag‘firatiga sabab bo‘ladi va Ramazonda ro‘za tutganlar o‘z amallari uchun Iyd Fitr kuni savoblarini olishadi. Iyd fitrdan keyin ro‘zani davom ettirish bu ne’mat uchun shukurona bo‘ladi, chunki gunohlarni mag‘firat bo‘lishidan ulug‘ ne’mat yo‘q.
- Albatta banda o‘z Robbiga qilayotgan amallari Ramazon tugashi bilan to‘xtab qolmaydi, balki u banda hayot ekan bu amallar ham davom etadi. Ko‘p insonlar Ramazon tugashiga xursand bo‘lishadi, bu ro‘zaning ularga malol kelganligi va og‘irlik qilganidandir. Kimiki shunday bo‘lsa u ro‘zaga tezda qayta olmaydi. Iyd Fitrdan so‘ng ro‘zaga tezda qayta olgan inson ro‘za tutishda rag‘bati borligini va ro‘za unga og‘irlik qilmagani va malol kelmaganini bildiradi. (Ibn Rajabning “Latoiful Ma’orif” kitobidan).
Albatta ro‘za hasanotlarning eng afzal yo‘lidir va uning juda ko‘p foydalari bordir. Shuning uchun musulmon banda ramazondan so‘ng ma’lum bir kunlarni ro‘za tutish uchun belgilab ko‘yishi kerak. Shavvolning olti kuni, haftaning dushanba va payshanba kunlari, har oyning 13-14-15 kunlari, zul-hijja oyining 9 – kuni, Arafa va Ashuro kunlari va Sha’bon oyi shular jumlasidandir.
Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “«Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men - O‘zim berurman, dedi. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Jannatning bir eshigi bo‘lib, Rayyon, deb nomlanur. Qiyomat kuni ro‘zadorlar undan kirurlar, ulardan boshqa birortasi kirmas.
«Ro‘zador qayerda?» deyurlar. Ular undan kirurlar. Qachon ularning oxirgisi kirsa, u bekitilur. Undan boshqa hech kim kirmas», dedilar». (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Abu Qatoda al-Ansoriydan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Arafa kuni ro‘za tutish haqida so‘ralganlarida “Allabatta u o‘tgan yilgi va bu yilgiga kafforat bo‘ladi” Ashuro kuni ro‘za tutish haqida so‘ralganlarida: “u o‘tgan yilgiga kafforat bo‘ladi”- dedilar.
Xayriya amallariga nafaqa qilish va faqirlarga yordamlashish
Ramazon oyida xayriya amallarini bajarishni odat qilgan musulmon bu xayrli ishlarini Ramazondan so‘ng ham davom ettirishi lozim bo‘ladi. O‘z molining ma’lum qismini imkon qadar muhtoj va faqirlarni qo‘llashga sarflaydi. Bu sababli boylar va kambag‘allar orasida ulfatchilik va mehr-oqibat keng tarqaladi. Har bir musulmon bilishi kerakki albatta Alloh taolo bu sarflangan mablag‘ni uning salomatligi va farzandlari va mollarida o‘rnini to‘ldiradi. Bu borada Alloh taolo shunday deydi:
“Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuzta doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bitta donga o‘xshaydi (qilingan bitta yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishorat qilinmoqda). Alloh istagan kishilariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazlu karami) keng, bilguvchidir”. (Baqara surasi 261-oyat).
“Ne bir narsani infoq-ehson qilsangizlar, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U eng yaxshi Rizq berguvchidir.” (Saba’ surasi 39-oyat).
Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Alloh taolo dedi: “Ey Odam bolasi nafaqa qilgin senga nafaqa qilaman”. (Buxoriy rivoyat qilgan).
Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “«Bevalar va miskinlar yordamiga shoshilgan Alloh yo‘lida jihod qilgan kabi yoki kechasi qoim bo‘lib kundizi soim bo‘lgani kabidir”. (Buxoriy rivoyat qilgan).
Abu Kabsha al-Anmoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Uch narsaga qasam ichib aytaman yodlab olinglar: “Bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar”. (Termiziy rivoyat qilgan).
To‘g‘ri so‘zlik va Alloh xarom qilgan ishlardan tiyilish
Ramazon oyida to‘g‘ri so‘zlikni odat qilgan va tilni yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilikdan ehtiyot qilgan musulmon yilning boshqa davrida ham bu ma’siyatli ishlardan ehtiyot bo‘lishi kerak va bu ishlarga qaytmasligi kerak. Alloh taolo bu borada shunday deydi:
“Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va (iymonlarida) rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz!” (Tavba surasi 119-oyat).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Albatta to‘g‘ri so‘zlik yaxshilikka yetaklaydi, va albatta yaxshilik jannatga yetaklaydi. Bir inson doimo to‘g‘ri so‘zlaydi natijada u sodiqlardan bo‘ladi. Yolg‘on esa fojirlikka yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi va bir kishi doimo yolg‘on gapirsa u Alloh oldida yolg‘onchi deb yoziladi”. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Alloh taolo aytadi: Ey mo‘minlar, ko‘p gumon(lar)dan chetlaninglar! Chunki ayrim gumon(lar) gunohdir! (O‘zgalarning ayblari ortidan) josuslik qilib yurmanglar va ayrimlaringiz ayrimlarni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biron kishi o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeypshni yaxshi ko‘rurmi?! Ana yomon ko‘rdingizmi?! (Bas, gunohi bundan-da ortiq bo‘lgan g‘iybatni ham yomon ko‘ringiz)! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta Alloh tavbalarni Qabul qilguvchi, Mehribondir. (Hujurot surasi 12-oyat)
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Chaqimchi jannatga kirmaydi”- deganlarini eshitdim. (Muslim rivoyat qilgan).
Silai rahm qilish
Ramazon oyida qarindoshlik rishtalari bog‘liq bo‘lib turgan bo‘lsa musulmon inson bu rishtalarni davom ettirishi kerak va bilishi kerakki Alloh taolo qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr qilgan va bu amal rizqning keng bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo bu borada shunday deydi: “Ey insonlar, sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratgan va undan juftini (Havoni) vujudga keltirgan hamda u ikkovidan ko‘p erkak va ayollarni tarqatgan Parvardigoringizdan qo‘rqingiz. Yana oralaringizdagi savol-javoblarda o‘rtaga nomi solinadigan Allohdan qo‘rqingiz va qarindosh-urug‘laringiz (bilan ajralib ketishdan saqlaningiz)! Albatta Alloh ustingizda kuzatuvchi bo‘lgan zotdir.” (Niso surasi 1- oyat).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlarini eshitdim: “Kimki rizqi keng bo‘lishini, o‘zgalarga tasiri uzoq bo‘lishini hohlasa silai rahm qilsilsin”. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:a
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Silai rahm arshga muallaq turadi va deydi kimki meni bog‘lasa Alloh uni bog‘laydi, kimki meni uzsa Alloh uni uzadi”. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Faqat Ramazonchi bo‘lishdan ehtiyot bo‘ling
Insonlarni ibodatdagi ahvolini kuzatgan inson ularning ko‘pchiligini Ramazon vaqtida ibodatga qattiq berilganini va Ramazon o‘tgach o‘zlarining oddiy hayotlarida bekorchilik va ibodatlarni vaqtida qilmasliklarini ko‘rishi mumkin. Go‘yoki Ramazon oyi Robbisi o‘zga oylar Robbisi emasdek. Ko‘pchilik insonlarni masjidda namoz o‘qishdan uzoqlashganini, sadaqalarni qizg‘anishlarini, nafl ro‘zalarni tutmasliklarini, chiroyli xulqdan uzoqlashganini kuzatish mumkin. Bishril Hofiyga aytildi “Bir qavm borki ular ramazonda ibodatga qattiq kirishadilar. “Qanaday ham yomon qavm ekan, Allohning faqat Ramazondagi haqqini bilishar ekan. Yil davomida ibodatga qattiq kirishgan insongina solih bo‘ladi”- dedilar. (Ibn Rajabning “Latoiful Ma’orif” kitobi). Aloh taolo ma’lum bir vaqtda ibodatga qattiq kirishib boshqa vaqt tashlab qo‘yishdan ogohlantirib shunday dedi: Va sizlar bir jamoat boshqa bir jamoatdan (son yo boylik jihatidan) ortiqroq bo‘lgani uchun qasamlaringizni (o‘zlaringiz ahdlashgan kishilarga nisbatan) aldov vositasi qilishingiz bilan (ya’ni, boshqa boyroq va kuchliroq qavmni topsangiz, avvalgi qavm bilan qilgan ahd-paymonlaringizdan kechib ketaverishingiz bilan) xuddi o‘zi to‘qigan narsasini pishiq-puxta bo‘lganidan so‘ng parcha-parcha qilib buzib chuvatib tashlagan xotinga o‘xshab qolmangiz. Albatta, Alloh bu (ahdga vafo qilishga buyurish) bilan sizlarni imtihon qilur va albatta qiyomat kunida sizlarga ixtilof qilib o‘tgan narsalaringizni bayon qilib berur. (Nahl surasi 92-oyat). Ibn Kasiyr dedi: Mujohid va Qatoda va ibn Zayd dedi: “Bu ahd tuzib so‘ngra uni buzgan inson kabidir” (ibn Kasiyr tafsiri).
Abdulloh ibn Sarjas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Allohim ziyodadan so‘ng nuqsondan o‘zingdan panoh so‘rayman”. (Sahih ibn Mojah). Ibn Al-Asiyr dedi: buning manosi “ishimiz to‘g‘ri bo‘lgandan so‘ng buzilishidan, bir jamoat bilan bo‘lib turib ulardan ajralib qolishdan”. Bu so‘zning asl ma’nosi salla o‘ralgandan so‘ng yechilb ketishidir. (Ibn Asiyrning An-Nihoya kitobi).
Haqiqatdan insonda zaiflik borki uni yengib o‘ta olmaydi. Undan o‘zining insoniylik chegarasidan chiqish talab qilinmaydi, balki undan Ramazondan keyin ham o‘zgarmaydigan farz namoz, zakot, sadaqa kabi sobit ibodatlarni mahkam ushlashlik, shuningdek doimo talab qilinadigan tavbani kanda qilmaslik talab qilinadi.
Alloh taolodan O‘zining oldiga borgunimizcha toat ibodatda sobit qilishini so‘raymiz va qalblar o‘zgarishidan Allohdan panoh so‘raymiz, va so‘nggi duoimizni olamlar Robbisiga hamdlar aytib yakunlaymiz!
Manba: islom.uz
(5 qismdan iborat)
(faqat ASOSIYLARI) ni ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
(1-qism)
KALOMULLOH – QUR’ONI KARIMDA
MЕHRIBON PARVARDIGORIMIZ
MARHAMAT QILADI:
►«Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad shunda rahm qilingaysiz!» (A’rof surasi 7/204 oyat);
►«Yurganingda o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir» (Luqmon surasi 31/19 oyat);
►«Allohning rahmati sababli Siz, ey, Muhammad, sahobalarga muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, gunohlari uchun kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling!» (Oli Imron surasi 3/159 oyat);
►«Ey, Muso! Siz o‘zingiz va birodaringiz Horun Mening oyatlarimni odamlarga olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringiz, chunki u «Men – xudoman», deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qo‘rqsa» (Toho surasi 20/42-44 oyatlar);
►«Ularning ko‘p shivirlashib gaplashishlarida yaxshilik yo‘qdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurgan bo‘lsalar, bu yaxshidir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shu ishlarni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz» (Niso surasi 4/114);
►«Mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchidirlar. Ular behuda so‘z va ishlardan yuz o‘giruvchidirlar» (Mu’minun surasi 23/1-3 oyatlar);
►«Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir» (Ibrohim surasi 14/7 oyat);
►«Faqat Allohgagina sig‘inasiz, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso‘z bo‘ling...» (Baqara surasi 2/83 oyat);
►«Zotan, o‘ng va chap tomonda o‘tirgan ikki yozib turuvchi farishta qabul qilib yozib tururlar. U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir» (Qof surasi 50/17-18 oyatlar);
►«Holbuki, sizlarning ustingizda barcha so‘zingiz va ishingizni yodlab turuvchi farishtalar bor. Ular nomai a’molga yozuvchi ulug‘ zotlardir. Ular siz qilayotgan ishlarni bilurlar» (Infitor surasi 82/10-12 oyatlar);
►«Kimki tavba qilib ezgu ishlarni qilsa, bas, albatta, u Alloh rizosi va mag‘firatiga qaytgan bo‘lur. Ular (Rahmonning suyukli bandalari) yolg‘on guvohlik bermaslar va behuda so‘z yo ish oldidan o‘tgan vaqtlarida olijanoblik bilan undan yuz o‘girgan holda o‘tarlar» (Furqon surasi 25/71-72 oyatlar);
►«Ey, mo‘minlar! Allohdan qo‘rqingiz va to‘g‘ri so‘zlangiz! Shunda Alloh ishlaringizni o‘nglar va gunohlaringizni mag‘firat etar. Kimki Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas, u ulug‘ yutuqqa erishibdi» (Ahzob surasi 33/70-71 oyatlar).
JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ
RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM
MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:
>«Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin!» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
>«Jim turgan najot topibdi» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Haq bo‘la turib, janjalni tark etgan kishiga — jannat yonidagi bir uyga kafilman!
> Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga — jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman!
> Chiroyli xulqli kishiga — jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman!» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
> «Haqiqiy musulmon – boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan ozor ko‘rmagan odamdir» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
> «Kim sukut qilsa, najot topdi» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Kimning gap-so‘zi ko‘p bo‘lsa, ko‘p gapirsa, ko‘p xato qiladi. Ko‘p xato qilgan odamning gunohi ortadi. Gunohi ko‘p odamga do‘zax munosibroqdir»;
> «Bandaning musulmonligi go‘zal bo‘lishining belgilaridan biri — uni o‘ziga aloqasi yo‘q narsalardan sukut qilishi» (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari);
> «Odam bolasining har bir so‘zi unga qarshi hisoblanadi, faqat yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish yoki Allohni zikr qilish bundan mustasno» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Mo‘minlarning imoni eng mukammali — xulqi go‘zal bo‘lganlaridir» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Ota-onaga duo qilishni tark etish rizqni kesadi»;
> «Albatta, odamlarga go‘zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan» (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
> «Uch toifa kishining qo‘lga kiritgan narsasida baraka bo‘lmaydi va qayerda bo‘lsa ham xorlanadi:
> Mening nomimni eshitganda salavoti sharif aytmagan;
> Ramazon oyiga hurmat ko‘rsatmagan;
> Ota-onasi tirik bo‘la turib, ularni xursand qilmagan»;
> «Yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham o‘zingizni do‘zaxdan saqlang! Agar kimki buni topolmasa – shirin so‘z bilan!»;
> «O‘ziga tegishli bo‘lmagan narsalarni tark etishi – kishining yaxshi musulmon ekanligidan dalolatdir» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular: sihat-salomatlik va xotirjamlikdir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);
> «Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir»;
> «Bir kishiga tabassum bilan yaxshi so‘z aytish – sadaqadir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);
> «Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat biling: keksaligingizdan oldin yoshligingizni, betobligingizdan oldin salomatligingizni, faqirligingizdan oldin boyligingizni, bandligingizdan oldin bo‘sh vaqtingizni, o‘limingizdan oldin tirikligingizni!» (Imom Hokim rivoyatlari);
> «Qo‘shnilaringiz sizni “yaxshi odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yaxshisiz. Agar ular sizni “yomon odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yomon odamsiz»;
> «Sadaqaning afzali – kelisholmay qolganlarning o‘rtasini isloh qilishdir» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
> «Biror kishi bor aybingizni aytib, sizni haqoratlasa, siz uni unda bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga bo‘lur»;
> «Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to o‘zi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi»;
> «Kimiki biror mo‘min kishining aybi yoki gunohini bilib turib, uni fosh etmay yashirsa, go‘yo tirigicha ko‘milgan go‘dakni tiriltirganchalik savobga ega bo‘lur» (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);
> «Kimki bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo-yu oxiratda uning aybini yashiradi»;
> «Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur»;
> «Qaysi kishi o‘zganing aybini ko‘rib, uni yashirsa, xuddi tiriklay ko‘milgan qizni qabridan qutqargan kabi bo‘ladi» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
> «Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor o‘ldirsa, Qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan: “Parvardigorim, bu bandadan so‘ragin, nima uchun meni behuda o‘ldirdi ekan?” – deydi»;
> «Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi»;
> «Birodaringiz zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham unga yordam bering!» (zulm ildiziga bolta urish – ham zolimga, ham mazlumga yordamdir);
> «Maslahatni aql egalaridan so‘ranglar – to‘g‘ri yo‘l topasizlar. Ularning aytganidan chiqmang – pushaymon bo‘lasizlar»;
> «Kim bir musulmonning gunohini yashirsa, Alloh uning gunohini dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi»;
> «Kimniki Alloh Taolo do‘st tutsa, unga odamlarning hojatlari tushadigan qilib qo‘yadi»;h
> «Siz yaxshilikni unga munosib bo‘lganga ham, bo‘lmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz o‘zingiz ezgulik ahlidansiz»;
> «Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, so‘ngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak»;
> «Butun umr ezgulikni tilanglar!»;
> «Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati ko‘p tekkanidir»;
> «Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar! Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar»;
> «Mazlumning duosidan saqlaninglar, garchi u kofir bo‘lsa ham. Chunki uning duosi to‘siqsizdir»;
> «Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qilaolmagan odam — Xudoga ham shukr qila olmaydi»;
> «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha, mo‘min bo‘la olmaydi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
> «Allohning ne’matlari bilan yaxshi qo‘shnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin»;
> «Kimki yaxshilik ko‘chatini qadasa, orzu qilgan hosilini yig‘ib oladi va kimki yomonlik urug‘ini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi»;
> «Gunohli gapni eshitgan kishi ham uni aytganning sherigidir»;
> «Biror banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning ayblarini yashiradi» (Imom Muslim rivoyatlari);
> «Kim o‘zining haq ekanini bilib turib, tortishuvni to‘xtatmasa, imonda haqqoniylik darajasiga yetmagan bo‘ladi»;
> «Janjalni avval tugatgan kishiga jannatdan bir saroy beriladi»;
> «Kim haqsiz bo‘la turib janjalni to‘xtatsa, unga jannatning chetidan bir saroy beriladi.
> Kim haq bo‘la turib janjalni to‘xtatsa, unga jannatning o‘rtasidan bir saroy beriladi»;
> «Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini Qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi» (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
SAHOBAI KIROMLARDAN NAQL:
♦ «Biz Rasulullohning oldilarida hisob-kitobidan qo‘rqqanimiz uchun ko‘p sukut qilardik».
♦ Soib raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldim. Bas, odamlar meni maqtay boshladilar va go‘zal axloqlar bilan zikr qila boshladilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
— “Rost aytdingiz! Otam, onam sizga fido bo‘lsin! Siz sherigim edingiz. Qanday ham yaxshi sherik edingiz.
Xilof ham qilmas edingiz. Talashib-tortishmas ham edingiz” dedim» (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari).
: ushbu hadisi sharifning roviysi Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhu avvallari Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning sheriklari bo‘lgan edilar. Ikki sherik bir-birlarini juda ham yaxshi bilar edilar. Shuning uchun ular bir-birlarini vasf qilishda boshqalardan ko‘ra afzal edilar.
Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhuning Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga qilgan vasflarida U Zotning talashib-tortishish odatlari yo‘qligi aytilmoqda.
ULUG‘LARDAN HIKMATLAR:
⇒ «Sukut – hikmat, lekin unga amal qilganlar juda oz».
⇒ «Kishi faqat kerakli gapni aytsin. Keraklisi kam, keraksizi ko‘pdir».
⇒ «Insonni yiqitadigan narsalarning eng ko‘pisi — tilidir».
⇒ «Kim “Muhammad sallallohu alayhi vasallamga ummatman, U Zotga ergashaman, U Zotdan o‘rnak olaman”, desa, hech ham talashib-tortishuvchi bo‘lmasin!».
«Sunnat ermish, kofir bo‘lsa, berma ozor,
Ko‘ngli qottig‘, dil ozordin Xudo bezor,
Alloh haqi, ondog‘ qulg‘a sijjin tayyor,
Donolardin eshitib, bu so‘z aydim mano»
(Hoja Ahmad Yassaviy).
⇒ «Har kim gapiradi, lekin kam odam sukutning qiymatini tushunadi».
⇒ «Jannatda faqat pok so‘z. Shuning uchun dunyoda ham pok so‘z — yoxud sukut afzal».
⇒ «Kishi sukut orqali o‘z yuragini, aqlini, vaqtini va obro‘yini saqlab qoladi».
⇒ «Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay»
⇒ «Ko‘p so‘z — ko‘p xato. Sukut — qutqaruv».
⇒ «Aqlli kishi avval o‘ylaydi, keyin gapiradi».
⇒ «Bilimning ko‘pchiligi – so‘zda emas, sukutdadir».
⇒ «Agar bo‘lsang ipak kabi muloyim,
Muloyim sen bo‘lsang, quling bo‘layin.
Qulog‘imga bergan panding olayin,
Kishiga qattiq so‘z aytuvchi bo‘lma»
⇒ «Sukut orqali inson gunohdan, xusumatdan, fitnadan saqlanadi».
⇒ «Tilni himoya qiladigan eng kuchli devor — sukut».
⇒ «Odamning yaxshiligi uning tilida namoyon bo‘ladi».
⇒ «Agarchi ul oyoq ostidadur xor –
Xudo maxluqidur, og‘ritma zinhor!
Takabbur qilmag‘il, ey, bema’oniy,
Faloniy o‘g‘lidurman deb faloniy!»
(So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu).
⇒ «Tilga ega bo‘lgan inson — axloqiga ega bo‘lgan inson».
⇒ «Sukut – taqvo alomatlaridan».
⇒ «Sukut — ibodat sifatida ham bo‘lishi mumkin».
⇒ «Burung‘i holig‘a qilma nazzora,
Ani Tangrim aziz etsa na chora?!?
Ishonma otag‘a, qolma talabdin!
Qiyomatda so‘ralmasdir nasabdin»
So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu).
⇒ «Mo‘minning sifati — foydasiz gapdan saqlanish va sukut bilan nafsini himoya qilish».
⇒ «Agar so‘z yaxshilikka olib bormasa, sukut afzal».
⇒ «Gapni faqat yaxshi va haq so‘z bilan aytish darkor. Nojoiz, qattiq, fitnaga olib keladigan so‘zdan sukut qilish – Alloh amriga muvofiq».
⇒ «Agar sen qiblaga burmasang yuzni,
Besh mahal sajdayu namozing bekor.
Jannatga hech qachon tikmagil ko‘zni
Agar bir mo‘minga yetkazsang ozor»
(Abdulla Oripov).
⇒ «Sidq va xulqning belgisi — nazorat qilingan til».
⇒ «So‘zda tejamkorlik — kamso‘zlik va sukutga yaqin bo‘lgan odob».
⇒ «Agar so‘z rost va haq bo‘lmasa, sukut afzal».
⇒ «Qo‘pol so‘z — ilon gazagidek zararli».
⇒ «Makkaga yetti qat borgancha bo‘lur,
Boshini silasang o‘ksik insonni»
(Abdulla Oripov).
⇒ «Bekorchi va behuda so‘zlarni gapirish ham nafs kasalligidir».
⇒ «Sukut qiladigan odam kam gunoh qiladi, chunki har so‘z qayd qilinadi».
⇒ «Behuda so‘z ham “behuda ishlar”dan. Mo‘min bundaydan o‘zini olib qochadi».
⇒ «Qo‘pol so‘zdan sukut qilgan inson o‘zini ham, boshqani ham azobdan saqlaydi».
⇒ «Kamgap bo‘ling! Og‘zi yopiq baliqni hech kim qarmoqqa tushira olmaydi. Siz ham og‘zingizni yoping. Chunki qanchadan-qancha insonlar sizning xatolaringizni ovlash payida yurgan bo‘ladi. Siz xuddi mayin yomg‘ir kabi bo‘lingki, yomg‘ir qayerga yog‘sa, o‘sha yerga manfaat yetkazadi».
(Davomi bor...)
Ibrohimjon domla Inomov