Naql qilinishicha, Buxoro muhaddisi va hofizi, Imom Buxoriyning ustozi Muhammad ibn Salom Poykandiy tushlarida Rosululloh sallallohu alayhi vasallamni Buxoroga hadislarda sifatlangan mashhur tuyalarini minib, boshlariga oq kuloh (do‘ppi) kiygan holda kelganlarini ko‘rdi. Odamlar bu muborak tashrifdan bag‘oyat xursand edilar. Rosululloh sallallohu alayhi vasallam Abu Hafs Kabirning uylariga kelib tushdilar. So‘ng Abu Hafs Kabir Rosul alayhissalomga kitob o‘qib berdi, Ul zot esa Abu Hafs Kabirning mutolaasiga quloq solar va maqullar edilar[1].
Musulmon olami balki butun dunyo Movarounnahrdan yetishib chiqqan faqih-allomalarimizni katta hurmat-e’tibor bilan tilga olishlari hammaga ma’lum. Ammo o‘lkaga eng birinchi fiqh ilmini olib kelib, uni keng yoygan va bu joyda butun olamga mashhur Movarounnahr fiqh maktabiga asos solgan faqih bobokalonimizning hayotlari ko‘pchiligimizga hali noma’lum va qiziqarli ekaniga shubha yo‘q.
Islom huquqi – fiqh shakllanganidan so‘ng bu o‘lkada Muhammad ibn Hasan Shayboniyning mashhur shogirdi Abu Hafs Kabir al-Buxoriy orqali ilk bor, tom ma’noda keng tarqala boshlagan. Imom Shofi’iy Abu Hanifa haqlarida «Odamlar fiqhda u zotning boqimandalaridir (shogirdlaridir)» degan bo‘lsalar, Movorounnahr faqihlari ham Abu Hafs Kabirning boqimandalari, shogirdlari hisoblanadi. Chunki, Movorounnahrga fiqh ilmini olib kelgan va Buxoroda ilk madrasani qurdirgan ham Abu Hafs Kabir hisoblanadilar.
Butun islom olamiga Abu Hafs Kabir nomi bilan tanilgan buyuk faqih, muhaddis, Imom Buxoriyning zamondoshi va ustozi[2] bo‘lgan yurtdoshimizning to‘liq ismlari Abu Hafs Ahmad ibn Hafs ibn Zibriqon ibn Abdulloh Ijliy Buxoriy bo‘lib, 150/768 yili Ko‘hna Buxoroning “Faxsodara” maxallasida tug‘ilgan. Allomaga Kabir (Katta) nomi berilishi haqida Abdulhay Laknaviy: «Abu Hafs Buxoriyni Kabir deb atashlari o‘g‘illari Abu Hafs Sag‘ir (Kichik Abu Hafs) bilan farqlash uchun bo‘lgan», deydilar.[3] Chunki farzandlari Abu Hafs Sag‘ir ham otasidek islom olamida mashhur faqih bo‘lgan. Bu haqda Imom Zahabiy «Siyaru a’lamin nubala»asarida: «Ahmad ibn Hafs (ya’ni Abu Hafs Kabir) buyuk faqih, Movorounnahr va butun mashriq ustozi hamda Buxoroning shayxul-islomi bo‘lgan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs (ya’ni Abu Hafs Sag‘ir)ning otasidir», deydilar.
Abu Hafs Kabir boshlang‘ich ta’limni Buxoroda olgandan so‘ng, Bag‘dodga borib, Imom A’zam (rahmatullohi alayh)ning shogirdi Imom Muhammad (rahmatullohi alayh)dan ta’lim oldilar. Bu haqda Imom Zahabiy: «Abu Hafs Kabir Imom Muhammaddan fiqhni o‘rgandi hamda Vaki’ ibn Jarroh, Abu Usoma, Hushaym ibn Bashir, Jarir ibn Abdulhamid kabi muhaddislardan hadis eshitdi. Bilinglarki, Abu Hafsdan kelgan rivoyatlar ishonchli hisoblanadi», deydilar.[4] Muhammad Zohid Kavsariy ham:«Abu Hafs Kabir va Abu Sulaymon Juzjoniy Imom Muhammad kitoblarining rivoyatida asos hisoblanadilar», deydilar[5]. Bundan ko‘rinadiki, Imom Muhammadning asarlari keyingi avlodga asosan ushbu ikki shogird orqali yetgan va ular Imom Muhammadning eng yaqin shogirdlaridir.
Shuningdek, Abu Hafs Kabir Imom Muhammadning asosiy ilmiy merosi va hanafiy mazhabining asosi hisoblangan «Zohirur-rivoya» kitoblarining roviysi hamdir. Faqatgina oltinchi kitob – «Kitab as-siyar al-kabir» Abu Hafs Kabir ona yurtlariga qaytgandan so‘ng yozilgani uchun uni rivoyat qilish nasib etmadi.[6] Abu Hafs Kabir rivoyatlari bilan bizgacha yetib kelgan Imom Muhammadning asarlari nafaqat Islom olamida balki butun dunyo huquqshunosligining asos manbasi hisoblanadi. Ushbu olti kitobni o‘rganib chiqqan g‘arb sharqshunoslari Imom Muhammadni «Islom Grotsiysi[7]» deb atashgan edi. Lekin Imom Muhammad Grotsiydan sakkiz yarim asr muqaddam xalqaro huquqning barcha sohalaridagi me’yorlarni o‘z asarlarida ilk bor mufassal yoritib bergan edilar.
Abu Hafs Kabir Iroq ahli fiqhi va boshqa ko‘pgina ilmlarni puxta egallagandan so‘ng, ona shahri Buxoroga ilm va taqvo bilan boyigan xazina misol bo‘lib qaytdilar. Xalq u kishini katta xursandchilik bilan kutib oldi. Shundan so‘ng, eski manzillari yaqiniga bir necha masjid va madrasa qurdirib, talabalarga ta’lim berish hamda xalqdan tushgan savollarga fatvo berish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Abu Hafs Kabir, amir yoki oddiy fuqaro bo‘ladimi, qanday muammo bilan kelsa, hal qilib berishga harakat qilgan. Shu bois, odamlar olimni «Hojatbaror imom» deb hurmatlashgan.
Rivoyat qilinishicha, bir kuni Imomning ziyoratiga Buxoro amiri Muhammad ibn Tolut kelib, salobatlaridan tili aylanmay qoladi va ziyorat so‘ngigacha bir og‘iz gapirishga botina olmaydi. Qaytishda hamrohi bo‘lgan vaziriga: «Men Xalifa va juda ko‘p ulug‘lar huzuriga kirganman lekin, hech kimdan bunchalik haybatlanmagan edim» degan ekan.[8] Shuningdek, faqihning har kun Qur’oni karimning teng yarmini xatm qilishga odatlanganlari va bu umrlarining oxirigacha davomiy bo‘lgani manbalarda zikr qilinadi.[9]
Abu Hafs Kabir o‘zlari bergan fatvolarni jamlab «Fatovoyi Abu Hafs» kitobini yozganlar. Allomaning fatvolari Islom olamida keng tarqalgan bo‘lib, u kishi bergan fatvolar va asarlaridan olingan iqtiboslardan keyingi davr ulamolari o‘z asarlarida keng istefoda etishgan. Jumladan: «Bahrur-roiq sharhu kanzul-daqoiq», «Fatovoi Olamgiriya», «Fatovoi hindiya», «Taxrij min fatovoi Abu Xafs Kabir Buxoriy»,«Durru-l-muxtor», «Inoya sharhu-l-hidoya», «Mabsutu-s-Saraxsiy», «Badoi’u-s-sanoi’», kabi kitoblarda mavjud. Shuningdek, Abu Hafs Kabir «Kitab at-taxrij» va «Navodir» nomli asarlar muallifi hamdir.[10]
Muhammad ibn Ja’far Narshaxiyning «Buxoro tarixi» kitobida quyidagicha hikoya qilinadi:«Abu Hafs Kabirning shuhrati Islom olamiga tarqaldi, hatto arab diyori olimlari biron-bir mushkul masalaning javobini bilmay qolishsa, Buxorodan ular tomon qatnaydigan karvonga o‘z vakillarini qo‘shib masalaning javobini bilib kelish uchun jo‘natishar edi. Bir kuni hojilar karvoni kelayotganida, karvondan bir kishi Abu Hafsning yoniga kelib, bir masalaning javobini so‘radi, Abu Hafs ajablanib: «Nima uchun Iroq olimlaridan so‘ramadingiz?» dedi. Haligi odam: «Ulardan so‘radik, lekin ular javob bera olmadi va menga Buxoroga borib, bu masalani Abu Hafsdan yoki uning farzandidan so‘ragin, ular senga bu masalaning javobini aytadi deyishdi», deb javob berdi.[11]
Abu Hafs Kabirning madrasasi hozirgi «Poyi Kalon» mavzeida bo‘lgan. Alloma uydan madrasaga borishda bozor orqali o‘tganida haybatlaridan bozorchilarning shovqin-suroni to‘xtab qolar edi.[12]
Abu Hafs Kabir tarbiyalagan shogirdlardan Abu Hafs Sag‘ir, Abu Ja’far Rizvon ibn Salim Badokoriy, Hotam ibn Nasr ibn Molik G‘ijdivoniy, Abul Hasan Muqotil ibn Said Baydariy, Muhammad ibn Hotam Subizg‘ukiy, Abu Zahhok Fazl ibn Hasson Sutikaniy, Abu Said Sulaymon ibn Dovud Sharg‘iy va uning o‘g‘li Abu Usmon Said ibn Sulaymon Sharg‘iy, Horis ibn Abul Vafo al-Buxoriy, Abu Solih Toyyib ibn Muqotil Hunomatiy, Abul Hasan ibn Tolib G‘ishatiy kabi allomalar yetishib chiqdi.[13] Jumladan, buyuk muhaddis – Imom Buxoriy ham faqihdan yoshliklarida ta’lim olgan.[14]
Abu Hafs Sag‘ir(faqihnig farzandi kichik Abu Hafs)ning to‘liq ismlari – Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs ibn Zibriqon al-Buxoriydir. U kishi o‘z otalarida talim olib, katta faqih va Buxoro shayxi darajasiga yetishgan.
Abu Hafs Sag‘ir ham arab yurtlariga ilmiy safar qilganlar. Bu safar davomida Abul Valid at-Tayolisi, Humaydi, Yahyo ibn Ma’in kabi muhaddislardan hadis eshitgan. Safar davomida Imom Buxoriy bilan hamroh bo‘lgan.[15]U zotni «al-Ahva’ val-ixtilaf» («Havoyi gaplar va ixtiloflar»), «ar-Raddu ala-l-lafziyya» («Yuzaki qarovchilarga raddiyalar») nomli kitoblari mavjud. Shu o‘rinda yuqoridagi ikki kitob haqidagi Abdulhay Laknaviy quyidagi so‘zlarini keltiramiz: «Ushbu ikki kitobni ko‘pgina manbalarda, jumladan «Kashfuz-zunun» hamda «al-Funun» asarlarida Abu Hafs Kabirga nisbat berishgan, bu esa xatodir. Aslida bu kitoblarni Abu Hafs Sag‘ir yozgan», deb aytadilar.[16] Abu Hafs Sag‘ir 264/878 yili Ramazon oyida vafot etganlar.[17]
Abu Hafs Kabir 216 hij. (832 mil.) yili vafot etganlarida Buxorodagi Darvozayi Nav qarshisidagi tepalikka dafn qilindi. Shundan keyin odamlar bu darvozani Hazrati Imom darvozasi deb atay boshlashdi.
Abu Hafs Kabir dafn qilingan tepalikga yaqin joyda allomaning darsxonasi va atrofda ko‘plab masjidlar joylashgani hamda keyinroq Abu Hafs Kabirning qabri ustiga maqbara qurilganini Narshaxiy «Buxoro tarixi»da zikr qilib o‘tgan.
Toshkent islom instituti
“Hadis va islom tarixi fanlari”
kafedrasi o‘qituvchisi Yusuf Abduraximov
[1]Husnut-taqoziy. – B. 72.
[2]Qarang: Muhammad Zohid al-Kavsariy. Bulug‘ul amaniy fi siyrati imam Muhammad ibn al-Hasan. Hims, (Suriya) “Al-Andalus” 388/1969.– B.9.
[3]Abdulhay Laknaviy. Al-Favoidul al-Bahiyya fi tarojimil hanafiya. –Misr, «Matba’a as-sa’ada” 1324/1906.
[4]Imom Zahabiy. Siyaru a’lamin nubala. – Misr:«Maktaba at-tavfiqiya” (yili ko‘rsatilmagan)J. 10. – B. 159.
[5]Husnut-taqoziy – B.72.
[6]Doktor Ali Ahmad an-Nadaviy. Imom Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy nobig‘out fiqhil-islami. –Damashq, «Dorul qalam” 1314/1994. –B.54.
[7]Yevropaliklar tomonidan xalqaro huquq asoschisi sifatida qabul qilingan olim.
[8]Muhammad Zohid Kavsariy. Husnut-taqoziy fi siyrati Imam Abu Yusuf. Misr, “Maktabtul-azhariyya” (yili ko‘rsatilmagan) – B. 70.
[9]Husnut-taqoziy.– B.72.
[10]Tuzuvchilar guruhi. Islomshunoslik qomusiy lug‘ati. –T: Toshkent islom universiteti, 2014. –B.70.
[11]Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy. Buxoro tarixi. – T.:«Sharq bayozi”. – 1993. –B.53, 54.
[12]Qarang: Husnut-taqoziy. – B. 71.
[13]Tuzuvchilar guruhi. Islomshunoslik qomusiy lug‘ati. –T.: Toshkent islom universiteti 2014. –B.70.
[14]Husnut-taqoziy. – B. 71.
[15]Qarang: Husnut-taqoziy. – B. 71.
[16]Favaidul bahiyya. – B.19.
[17]Favaidul bahiyya. – B.19.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Savol: Xudoning borligiga dalil nima?
Javob: 1. Xudoga ishonish insonning fitrati (tug‘ma moyilliklari va xususiyatlari)da bordir. Hozirgi pozitiv va ijtimoiy ilm-fan diniy his-tuyg‘u insonda fitriy ekanligini ko‘rsatmoqda. Go‘dakda ikki yoshdan boshlab diniy-e’tiqodiy his shakllana boshlaydi. Bola uch va besh yoshlar orasida sababiyat qonunini tushunadi. O‘zi bilan boshqalarning farqiga boradi, hatto: “Meni, qushlarni, o‘yinchog‘imni kim yasagan?” – deb so‘ray boshlaydi. Insonda tug‘ilishidan Yaratuvchiga nisbatan moyillik, sog‘inch bordir.
Inson fitriy hissiyotlar bilan o‘zining ochligini sezadi, demak, ochlik hodisasi mavjud. Inson fitriy hissiyotlar bilan Xudoning borligini his etadi, bu esa Xudoning mavjudligiga dalolat qiladi.
Ba’zan bu fitrat jamiyatdagi (noto‘g‘ri tarbiya, atrof-muhitda botilning g‘olibligi va da’vati xobisa kabi) monelar yoki (kibr, inod, qaysarlik va g‘aflat singari) nafsoniy to‘siqlar bilan to‘siladi, inson haqiqatni ko‘rolmay qoladi. Lekin qattiq musibatlar shamoli bu to‘siqlarni uchirib, inson fitratini ozod qiladi. Natijada, inson darrov Allohga qaytadi, Unga yolvorishga tushadi.
Insonning ich-ichida, zamirida boshqa tug‘ma moyilliklar qatori Xudoga ishonish, undan yordam so‘rash kabi ilohiy tuyg‘ular mavjud. Inson ichki hissiyoti bilan ochligi, to‘qligi, sevishi, nafratlanishini sezishi bu tuyg‘ularning haqiqatan mavjudligiga dalolat qiladi. Inson zamiridagi Xudoga bo‘lgan ishonch hissi ham Uning borligiga shubhasiz dalolatdir.
2. Mantiq va falsafa qoidalari ham Xudoning borligini isbotlaydi. Bu olam oldin yo‘q edi, keyin paydo bo‘ldi. Keyin vujudga kelgan barcha narsalar bir paydo qiluvchiga muhtoj. Demak, olam ham bir yaratuvchiga muhtojdirki, bu yaratuvchi barcha narsaga qodir Allohdir.
3. Xudoni inkor qiluvchilar bu olam o‘z-o‘zidan, tasodifan paydo bo‘lgan, deyishadi. Holbuki, oddiy bir stol ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin emas. U oldin daraxt edi, keyin taxta qilindi, so‘ngra usta undan stol yasadi. Axir shu oddiy stol o‘z-o‘zidan paydo bo‘lolmagach, bizni qamrab olgan o‘ta murakkab hamda mukammal tizimlarni tashkil qiluvchi sanoqsiz yulduz va galaktikalardan iborat ulkan koinot qanday qilib o‘z-o‘zidan paydo bo‘lsin?!
Masalan, faqat quyosh tizimining kattaligini ko‘rib chiqaylik. Quyosh bu tizimning markazidir. Yerdan 150 million kilometr uzoqlikda. Bir soniyada yerni 7,5 marta aylanib chiqadigan yorug‘lik quyoshdan bizgacha 8,5 daqiqada yetib keladi. Soatiga 1000 km tezlik bilan uchadigan samolyot quyoshga 17 yilda yetib boradi. Quyosh ham butun tizimi bilan birgalikda boshqa markaz atrofida aylanadi.
4. Bir kishi ertalab turib hammomga kirganida, issiq suv, sochiq, sovun kabi yuvinish vositalarini taxt qilib qo‘yilgan holda topadi. Albatta, u rafiqasi yo boshqa birov barvaqt turib, buning g‘amini qilgan, deb tushunadi. Boringki, buni o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgan, tasodif deb ham faraz qilaylik.
Bu odam yuvinib chiqib, xonasiga kirsa, kiyimlari dazmollanib, turli pishiriqlar bilan tuzalgan va issiq choy damlab qo‘yilgan. Endi eng ahmoq odam ham aniq biladiki, bu rafiqasi yo uydagilardan birining ishi. Chunki bunday jiddiy amallarning paydar-pay tasodifan bo‘laverishi aslo mumkin emas. Xuddi shuningdek, atrof-muhitdagi shart-sharoitlar, kurrai zamin, balki butun koinot hayotimiz uchun moslashtirilib, aniq me’yor bilan o‘lchab qo‘yilgan. Ajabo, bularni kim qilgan?
Yer va koinotning hayotimiz uchun moslashtirib qo‘yilganiga ba’zi misollarni ko‘rib chiqaylik.
Quyosh hozirgi joyidan ko‘ra yerga bir oz yaqinroq bo‘lsa edi, ona sayyoramiz yonib ketib, yashashga imkon topilmasdi. Salgina uzoqlashsa, yerdagi bor narsa muzlab qolib, zaminimiz hayot uchun yaroqsiz bo‘lardi.
Yerning quyosh atrofida aylanish tezligi bir oz kamaysa, quyoshning tortish kuchi bilan unga yaqinlashib, kuyib ketardi. Aksincha, tezligi bir oz oshsa, uzoqlashib, muzlab qolgan bo‘lardi. Hozir yer bilan quyosh orasidagi masofa yerda hayot bo‘lishi uchun aynan mosdir.
Yer atmosferasidagi havo tarkibidagi kislorod, vodorod, azot, argon, karbonat angidrid va boshqa gazlar mavjud. Shuningdek, ularning nisbati inson, hayvonot va o‘simliklar hayoti uchun mosdir. yerning tortishish kuchi ko‘proq bo‘lganda, atmosferada xavfli miqdorda ammiak va metan yig‘ilib qolar edi.
Agar yer qobig‘i qalinroq bo‘lganida edi, kislorodning katta qismi atmosferadan unga o‘tib ketardi.
Yerni kim aynan shu tezlikda yurgizmoqda?
Sayyoralar orasidagi masofani yerdagi hayot uchun kim muvofiq qilib qo‘ydi?
Yer atmosferasidagi gazlar nisbatini kim yashash uchun moslab qo‘ydi?
Bularning barchasini qudrat va ilm sohibi bo‘lgan Alloh qilmoqda.
5. Kimyo laboratoriyasi misoli: Faraz qiling, bir kimyo laboratoriyasidasiz. U yerda tokchalardagi turli maxsus idishlarda har xil moddalar turibdi. Birdan kuchli shamol ko‘tarilib, butun idishlarni yerga ag‘darib yubordi. Ularning ichidagi moddalar to‘kilib, bir-biriga aralashib ketdi. Tasodifan ularning har qaysisi bir dardga shifo bo‘lib qoldi: ba’zisi quvvat beruvchi, ba’zisi vitamin, ba’zisi davo bag‘ishlovchi. Qo‘qqisdan o‘z-o‘zidan minglab shunday foydali dori-darmonlar paydo bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. Yer yuzidagi o‘simliklar, chorvalar ham shu moddalarga o‘xshaydi. Ba’zisi dori, ba’zisi vitamin, ba’zisi quvvat, ba’zisi oziqdir. Bular ham o‘z-o‘zidan bo‘lishi mumkinmi?
6. To‘kilgan bo‘yoqlar misoli: Bir stolda turli bo‘yoqlar turgan edi. Bir kuni o‘tayotib, stolga teginganingizda, buyoqlar yerda yotgan bir qog‘ozga to‘kilib ketdi. Ajabnalarlisi shuki, u qog‘ozda tasodifan nihoyatda chiroyli rasm gavdalanadi. U bir bog‘ning rasmi. Bog‘ning o‘rtasida katta bir uy. Uyning atrofida turli daraxtlar. Bir daraxtning tagida so‘rida mo‘ysafid nabirasi bilan o‘tiribdi. Rasm nihoyatda aniq va ravshan. Jajji nabirasining o‘ynayotganidan xursandligi mo‘ysafidning yuzida aks etib turibdi. Hovlining boshqa tomonida bolaning onasi o‘choqda taom pishirmoqda. Bo‘yoqlar to‘kilib tasodifan shunday murakkab va tafsilotli rasm namoyon bo‘lishi mumkinmi? Siz aytasizki: soddaroq bir shakl ifodalanishi mumkin. Lekin bunday murakkab rasm paydo bo‘lishini aql bovar qilmaydi.
Keling, bundan ham murakkabroq rasmga, ya’ni voqeiy olamga qaraylik. Hayvonot, nabotot, inson, yer, boshqa sayyoralar, galaktika va koinot. Mana shu murakkab rasmdan kichik bir qismini olib, ko‘rib chiqaylik. Masalan, inson tasvirini. U chiroyli va munosib shaklga ega: bosh, tana, qo‘l, oyoq. Inson a’zolari vazifa e’tiboridan uch qismdir:
a) hayotiy a’zolar – yurak, miya, orqa miya, nafas organlari – ularsiz inson yashay olmaydi;
b) muhim a’zolar – qo‘l, oyoq, ko‘z, quloq, qisman buyrak – inson ularsiz yashashi mumkin;
v) husn beruvchi a’zolar – qosh, kiprik, soch, ko‘z rangi, lab rangi kabilar.
Ma’lum bo‘ladiki, inson tanasidagi har bir a’zoning vazifasi va maqsadi bor. Mana shu barcha ichki va tashqi organlar, nafas olish, qon aylanish, asab tizimlari bilan inson yuqorida zikr etilgan rasmdan million marta murakkabroqdir. Insonning ikki o‘lchamli rasmi shunchaki tasodif tufayli paydo bo‘lmas ekan, million marta murakkabroq uch o‘lchamli inson qanday qilib tasodifan vujudga kelsin?
Hayvonot, nabotot va jamodot olami qay yo‘sinda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lsin?
Koinotda tizimli va hamohang ravishda harakatlanayotgan milliardlab sayyora – yulduzlardan tashkil topgan galaktikalar qanday qilib tasodifan paydo bo‘lsin?
Borliqdagi hamma narsa muayyan tartib, nizom va hamohanglikka ega. Bularning barchasi o‘ta qudratli Yaratuvchidan habar bermoqda.
“Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida hamda kecha va kunduzning almashib turishida aql egalari uchun oyat(belgi)lar bor” (Oli Imron surasi, 190-oyat).
(Davomi bor...)
“Sog‘lom e’tiqod – mo‘minga najot” kitobidan