Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, bizni muborak Ramazon oyiga yetkazdi va avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri Do‘zax olovidan xalos bo‘lish oyi ne’mati bilan rizqlantirdi. Qancha insonlar bor ushbu kungacha yetib kela olmadi. Ammo, bizni Alloh taolo shunday sharaf bilan siyladi. Bu uchun Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Ushbu oyning fazilatini zikr etish uchun Alloh taoloning quyidagi kalomining o‘zini keltirish kifoya qiladi:
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِيَ أُنزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِّنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ
“Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir” (Baqara surasi 185-oyat).
Butun musulmon ummatini hidoyat yo‘liga boshlashlik uchun nozil qilingan Qur’oni karim ushbu oyda nozil qilingandir. Albatta, ushbu oy musulmon ummati uchun yaxshiliklarni ko‘paytiradigan, Alloh taologa qurbat hosil qiladigan, nafsni tarbiyalaydigan, ma’siyatdan toatga va fasoddan islohga o‘tadigan barakali oy hisoblanadi.
Ramazon bizni o‘zgartirsin! Chunki, bu oyda rahmat va barakalar mo‘lu-ko‘l bo‘ladi. Rahmat esa butun musulmonlarni qamrab oladi, faqatgina yakka bir kishini emas!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Besh mahal namoz va juma keyingi jumagacha, Ramazon keyingi Ramazongacha oradagi (gunoh)larga kafforatdir, agar kishi gunohi kabiralardan saqlangan bo‘lsa», der edilar. (Muslim rivoyat qilgan).
Imom Termiziy rohimahullohning “Sunan”larida keladi, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilanadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Burni yerga ishqalansin! Uning huzurida mening nomim zikr etilib, salovot aytmagan kishini. Burni yerga ishqalansin! Ramazonga kirib, undan (gunohlari) kechirilmay chiqqan kishini. Burni yerga ishqalansin! Ota-onasini kattalik chog‘ida topib, Jannatga kirmagan kishini”.
Ko‘rdim, gunohlar qalbni o‘ldirar,
Unda bardavomlik xorlik keltirar.
Gunohlarni tark etish qalblar hayoti,
Nafsga bo‘ysunmaslik kishi najoti!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Ramazon ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim qadr kechasini iymon bilan, savob umidida ibodat bilan o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi," dedilar. (Muttafaqun alayh)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Ramazonda farzligiga ishonib, savob umidida ro‘za tutsa, uni avvalgi gunohi kechiriladi", dedilar. (Muttafaqun alayh)
Hasan Basriy aytadilar: «Xaloyiq toat-ibodatda musobaqalashishi uchun Ramazon oyini Alloh taolo musobaqa maydoni qildi. Bir qavm u musobaqada g‘alaba qozondi, boshqa bir qavm ortda qolib, yengildi».
Ishonch hosil qilaylik, biz tavba qiladigan va o‘z holatlarimizni to‘g‘irlab, Robbimiz bilan aloqamizni mustahkamlaydigan kunlar oldida turibmiz.
Alloh taolo ushbu oyda qiladigan ibodatlarimizni O‘z dargohida husni maqbul aylasin!
Abdussami’ Ergashev tayyorladi
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV