Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Mart, 2025   |   10 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:25
Quyosh
06:43
Peshin
12:38
Asr
16:38
Shom
18:27
Xufton
19:40
Bismillah
10 Mart, 2025, 10 Ramazon, 1446

Ro‘zadorning 5 xislati (Tanlovga)

9.05.2020   2776   2 min.
Ro‘zadorning 5 xislati (Tanlovga)

 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ramazonda ummatimga boshqa ummatlarga berilmagan beshta xislat berildi: Ro‘zadorning og‘zidan kelayotgan noxush hid Alloh taolo nazdida mushk-anbardan ham xushbo‘yroqdir. Ularga farishtalar to og‘izlarini ochgunlaricha istig‘for aytadi. Alloh azza va jalla jannatiga: “Bandalarim uchun tayyorlangin va bezangin. Ulardan tezda dunyo qiyinchiliklari, tashvishlari ketib, Mening jannatim va ziyofatimga keladilar”, deydi. Ramazonda shaytonlarning eng qaysarlari kishanlanadi va odatda qiladigan ishlarini qila olmaydi va Alloh taolo bandalarini Ramazonning so‘ngi kechasida mag‘firat qiladi”, degan edilar (atrofdagilar): “Yo Rasullloh, u Laylatul qadrmi?” deyishdi. Shunda u zot alayhissalom: “Yo‘q, amal qilgan agar ishini to‘liq qiladigan bo‘lsa, ajr-savob unga to‘liq qilib beriladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Alloh taolo bu xislatlarni faqatgina “Ummati Muhammadiya” ga berdi va bu bilan ularni boshqa ummatlardan ajratib oldi.

Birinchisi: Ro‘zadorning og‘zidan kelayotgan noxush hid Alloh taoloning nazdida eng shirin hushbo‘ylikdan ham afzaldir. Ro‘zador kishi kun bo‘yi hech nima yemay yurgan paytda og‘zidan insonlar nazdida yoqimsiz bo‘lgan noxush hid paydo bo‘ladi. Lekin bu hid Alloh taolo nazdida eng hushbo‘y hiddan afzaldir. Nima uchun? Chunki u bandadagi holat Alloh taologa ibodat qilish natijasida paydo bo‘lgan.

Ikkinchisi: Ro‘zador to og‘zini ochguniga qadar farishtalar uning haqqiga istig‘for aytadilar. Farishtalar kim? Ular Alloh taoloning eng aziz maxluqotlari. Alloh taolo aytadi: “Ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar” (Tahrim surasi, 6-oyat).

Shunday ulug‘ va duosi ijobat farishtalar ro‘zadorni mag‘firat etilishini Alloh taolodan iltijo qilib so‘raydilar.

Uchinchisi: Alloh taolo har kuni ular uchun tayyorlangan jannatni ziynatlanishga buyuradi va unga qarata: “Bandalarimdan aziyat va qiyinchiliklar ketib, huzuringga kelishlariga oz qoldi” - deydi. Shu sababdan, uni solih bandalariga tayyorlash va unga rag‘abtlarini oshirish uchun ziynatlaydi.

To‘rtinchisi: Iblis-shaytonlar kishanband qilinadi va natijada ro‘zador bandani yaxshiliklardan to‘sib, gunoh ma’siyatga undash kabi yomonliklarini qila olmaydi. Bu esa ro‘zador bandalariga berilgan Alloh taoloning yordamidir.

Beshinchi: Agar banda Alloh taolo bu oyda farz qilgan amallarni ixlos bilan qilsa, Alloh taolo ”Ummati Muhammadiya”ni bu fazilatli oyning so‘nggi kechasida mag‘firat qiladi. Banda uchun bundan katta yutuq bormi?!!

Alloh taolo barchamizni shunday xislatlarga ega bo‘lishimizni va bu oydan barcha gunohlardan poklangan holda chiqishimizni nasib qilsin.

 

Muhammad Ali MUHYIDDIN,

Toshkent Islom instituti 3-bosqich talabasi.

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Iftordan oldin ayollar nima qilishi kerak?

6.03.2025   6961   2 min.
Iftordan oldin ayollar nima qilishi kerak?

Hadisi sharifda, Alloh taolo ro‘zadorga iftor vaqtida nima so‘rasa, ato qilishi aytilgan. Yaxshi, agar biror banda o‘sha vaqtda hech narsa so‘ramasa, u holda u nimaga erishadi?

Bizning aksar onalarimiz, opa-singillarimizning holatlari aynan shundayki, iftorlik narsalarini tayyorlashda va dasturxon bezashda shunday band bo‘ladilarki, ularga “Hoy, iftorlik vaqti bo‘lib bo‘ldi, siz ham iftor qilib oling”, deyishga to‘g‘ri keladi.

Buning ma’nosi shuki, u mehnatniku qilgan bir ishchi, lekin, mehnat haqqini beruvchi, xohlaganingcha so‘ra, qancha kerak? deb turganda, so‘rashlik yodiga ham kelmaydi. Bundan ham ulkanroq biror boshqa g‘aflat bo‘lishi mumkinmi?

Ayollar iftorlik narsalari yarim soat oldin tayyor qilinib, dasturxonga qo‘yib qo‘yilganini erlariga tushuntirishlari kerak. Oxirgi yarim soatda biz oshxonada o‘choq tepasida turishimiz o‘rniga va nimalardir qovurilyapti, ba’zan nimalardir pishyapti, bu ishlar bilan band bo‘lish o‘rniga, ushbu oxirgi yarim soat yoki yigirma daqiqa joynamozda o‘tirib, Robbimizga duolar qilib olaylik.

Ayollar uylaridagi barcha yosh bolalarni oldilariga o‘tkazib olsinlar va gunohdan pok bolajonlarga aytsinlarki, ular ham qo‘llarini ko‘tarib duo qilsinlar. Agar kattalar gunoh qilgan bo‘lsalar, yosh bolalar gunohdan pokdilar. Kim bilsin, ushbu gunohdan pok qo‘llar ko‘tarilgach, Alloh  taolo rahm qilib, sizning duolaringizni qabul qilar.

Shuning uchun ayollar iftorning ushbu vaqtlarini qadrlashlari kerak. Agar biror uyda faqat birgina ayol bo‘lsa va u taom pishirishi ham zarur bo‘lsa, u holda duo qo‘l bilan emas, qalb bilan qilinadiki, shunga ko‘ra, qo‘l ish bilan mashg‘ul bo‘lsin va siz ushbu holatda ham qalbingizda Alloh taologa duolar qilayotgan bo‘lsangiz, demak, siz ham ushbu vaqtda Alloh taolodan so‘ragan narsangizga erisha olasiz.

Hazrati Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh