O‘zbekiston musulmonlari idorasi mo‘min-musulmonlarning diniy mazmundagi savollariga qulay va tezkor javob olishlarini ta’minlash maqsadida, interaktiv va innovatsion xizmatlarni o‘z ichiga olgan fatvo.uz saytini ishga tushirdi. Mazkur sayt diniy savol-javob yo‘nalishida eng zamonaviy xizmatlarni o‘zida mujassam etgani bilan alohida ahamiyatga egadir.
Endilikda, ushbu saytdan foydalanuvchilar shar’iy masalalarga oid o‘z savollarini saytning “Savol yuborish” bo‘limi orqali yo‘llashlari mumkin. Savol matniga audio, video va suratlarni ilova sifatida taqdim etish imkoniyati ham yaratilgan. Berilgan savollarga fatvo sohasida yetarli bilim, tajriba va yuqori malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar qaytariladi.
Saytda “Aqida”, “Poklik”, “Namoz”, “Ro‘za”, “Zakot”, “Xaj va umra”, “Nikoh”, “Taloq”, “Savdo va tijorat”, “Qasam va nazr”, “Ijara”, “Halol-harom”, “Ruhiy tarbiya” va shu kabi dolzarb ruknlar ostida javoblar e’lon qilib boriladi. Kutubxona bo‘limida diniy mazmundagi kitob va risolalar joylab boriladi. Media qismida ulamolarning diniy savollarga bergan video va audio javoblari joylashtirilgan.
Foydalanuvchilar “Izlash” tugmasi orqali o‘zlari uchun zarur bo‘lgan mavzulardagi mavjud shar’iy savol-javoblarni topib, mutolaa qilishlari mumkin.
2020 yil 10 mart kunidan e’tiboran mazkur sayt test rejimida o‘z ish faoliyatini boshladi.
Kelgusida ushbu saytni fatvo va shar’iy masalalar yo‘nalishida qomusiy manbaga aylantirish niyatimiz bor. Bu ezgu ishni Siz aziz o‘quvchilarimiz bilan birgalikda amalga oshiramiz, inshaalloh!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Farz qilingan zakot cho‘ntaklardan olinadigan soliq emas, balki u eng avvalo insonlarga mehr-muruvvat va rahm-shafqat tuyg‘u, shiorlarini singdirish, turli tabaqalar o‘rtasida tanishuv va ulfatlik munosabatlarini mustahkamlashdir. Qur’oni Karimda zakot berishdan maqsad, g‘oya bayon etilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitoban: "Mollaridan sadaqa ol. Bu bilan ularni poklaysan, tozalaysan. Ularning haqqiga duo qil. Albatta, duoying ular uchun taskindir. Alloh o‘ta eshituvchidir, o‘ta biluvchidir" (Tavba surasi, 103-oyat) deyilgan.
Shuningdek, zakot joriy etilishining eng muhim hikmatlaridan biri, nafsni tubanlik kirligidan tozalash va jamiyatni oliy darajaga ko‘tarishdan iboratdir.
Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh.
Izoh: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Zakot — Islomning ko‘prigidir" deganlar. Zakot berish bilan bevalar, yetimlar, nogironlar va muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilinadi. U insonlar o‘rtasida aloqalarni yaxshilab, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi ko‘prik.