Bugungi kunda ekstremistik kayfiyatdagi mutaassib shaxslar tomonidan “jihod” va “hijrat” kabi tushunchalarni atayin asliyatidan buzib talqin etish holatlari kuzatilmoqda. Bunday qarashlarga hali Islomni yaxshi tushunmaydigan kishilar, ayniqsa, yoshlar ko‘p chalg‘imoqda, oqibatda ularning shirin hayoti butkul izdan chiqmoqda.
Bu kabi tushunchalar aslida qanday izohlanishi va ularni g‘arazli talqin etishning og‘ir gunoh ekani haqida quyida bayon etiladi.
Islom dinini niqob qilib olgan buzg‘unchilar o‘ta nozik va hassoslik bilan yondashish talab etiladigan “jihod” va “hijrat” kabi tushunchalarni turli shaxslarning fikrlariga tayangan holda internet saytlarida talqin etmoqdalar. Bunday talqin yoshlar ongida Islom go‘yo, yovuzlikka, jangu jadal, qon to‘kish, boshqa dindagilarga qarshi murosasiz kurash olib borishga asoslangan botil tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.
Hozirda ijtimoiy tarmoqlardagi ekstremistik ruhdagi ko‘plab materiallar insonlarni “jihod” qilishga, sababsiz o‘z yurtidan “hijrat” qilib, chiqib ketishga chaqirib, Islom dini niqobi ostida o‘zlarining manfur niyatlarini amalga oshirish payida bo‘lmoqda. Ularning maqsadi din yo‘lida xizmat qilish emas, balki dunyoviy manfaat, mol-dunyoga erishishdir. Hali tafakkuri shakllanmagan, ilmi va tajribasi yetarli bo‘lmagan yoshlar bunday saytlarga kirib qolsa, oqibati qanday ayanchli yakunlanishi kunday ravshan.
Mana shunday tushunchalarni g‘arazli talqin etadiganlardan biri “Abdulloh Zufar” ismli shaxsga mahalliy zabardast ulamolar hamda Saudiya Arabistonida, Misrda, Turkiyada faoliyat ko‘rsatayotgan ahli ilmlar yoppasiga unga ochiq e’tiroz bildirishgan.
Jumladan, Abdulloh Zufar ijtimoiy tarmoq orqali e’lon qilgan ma’ruzasida jihod hamma uchun farz ekani haqida so‘z yuritgan. Aslida, jihod ikki qismdan iborat:
“Talab jihodi” hozir yo‘qligiga ulamolar ijmo (ittifoq) qilishgan. Chunki, hozirda hamma davlatlar urushmaslikka kelishgan.
“Mudofaa jihodi” dushmanlar musulmonlar yashaydigan yurtga urush qilib, bostirib kirsa, himoya uchun farz bo‘ladi.
Abdulloh Zufar fiqhiy manbalardagi “Mudofaa jihodi”ga taalluqli masalalarni muayyan davlat fuqarolarini o‘zi yashab turgan yurt hukumatiga qarshi qayrashda ayyorlik bilan foydalanishi uning asl maqsadini fosh qiladi.
Aslida “Mudofaa jihodi” har bir fuqaroning dini, qadriyatlari hamda Vatani oldidagi burchidir. Ushbularga qaratilgan har qanday tahdidga qarshi turib, ularni himoya qilishi nafaqat kishining diniy, balki insoniy burchidir.
“Mudofaa jihodi” ham hammaga farzi ayn bo‘lmaydi. Imom Abu Hanifa va qolgan uch mazhabboshi imomlarimiz, shuningdek, jumhur ulamolarning barchasi jihodning farzi kifoya ekaniga ittifoq qilganlar. Chunki, Madinai munavvaraga Makka mushriklari hujum qilganida ba’zi sahobalar ma’lum sabablarga ko‘ra mudofaa janggiga chiqa olmaganlar.
Shunda Alloh taolo ular haqida shunday oyat nozil qilgan:
وَكُلًّا وَعَدَ اللَّهُ الْحُسْنَىٰ ۚ وَفَضَّلَ اللَّهُ الْمُجَاهِدِينَ عَلَى الْقَاعِدِينَ أَجْرًا عَظِيمًا
ya’ni: «Alloh hammalariga yaxshilikni va’da qilgan. Alloh mujohidlarni o‘tirib oluvchilardan buyuk ajr ila afzal qilgan» degan (Niso surasi, 95-oyat).
Alloma alouddin Kosoniy rahimahulloh aytadilar: “Ushbu oyatda mujohidlar va jihodda ishtirok qilolmaganlarga ham jannatni va’da qildi. Agar jihod hamma holatda farzi ayn bo‘lganda edi Alloh unda ishtirok etolmaganga jannatni va’da qilmas edi. Chunki unda ishtirok etmaslik harom bo‘lar edi” (Badoi’ as-sanoi’. 7-juz. 380-bet).
Ma’lumki, jihodning o‘ziga yarasha qoidalari bor. Birinchidan, jihodga safarbar qilish uchun “Xalifa” bo‘lishi lozim. Vaholanki, xalifalik masalasi tarixda qolgani barchaga ma’lum. Qolaversa, jihod joriy bo‘lishi uchun ummatning ijmosi ham talab etiladi. Bular chaqirayotgan “jihod”ga islom ummatining deyarli barchasi qarshi ekani kundek ravshan.
Bugungi kunda jihodga targ‘ib qilayotgan guruhlar qaysi siyosiy kuchlarga xizmat qilayotganlarini o‘zlari ham bilmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim noma’lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo‘lda o‘ldirilsa bas u johiliyat o‘limini topibdi” deb aytganlar. Ya’ni, kimki noma’lum bayroq ostida, uni kimning qo‘lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va bu yo‘lda o‘lsa u johiliyatda o‘lgandek bo‘ladi.
Shuni ham ta’kidlab o‘tishimiz lozimki muqaddas dinimiz hatto urush ostida bo‘lgan va dushman zaminlarida yashagan, lekin jangovorlik sifatiga ega bo‘lmagan insonlarning o‘ldirilishiga ham ruxsat bermaydi. A.Zufar kabilarning aksariyat xalqi musulmon bo‘lgan o‘lkalarda begunoh insonlar o‘ldirilayotgan, nishonga olinayotgan hujumlarga shar’an ruxsat ko‘zi bilan qarashi mumkin emas.
«Niso» surasining 93-oyatida bir mo‘min kishini qasddan o‘ldirganlar jahannam azobiga duchor bo‘lishi xabar berilgan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bu haqda «Dunyoning yo‘q bo‘lib ketishi Alloh nazdida bir mo‘minning nohaq o‘ldirilishidan ko‘ra yengilroqdir» deb bu jinoyatning oqibati qancha yomon ekaniga ishora qilmoqdalar (Ibn Moja rivoyati).
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “jihod” so‘zi ayrim kimsalar iddao qilayotganidek “urush” ma’nosini anglatmaydi. Arab tilida urush boshqa so‘zlar bilan ifoda etiladi. Urush ma’nosini anglatish uchun, asosan, “qitol” so‘zi ishlatiladi. "Jihod" so‘zining lug‘aviy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, ma’lum davrlarda xalqlarning bosqinchilarga qarshi jon-jahdi bilan jang qilishi ham jihod deyilgan. Keyinchalik ushbu oxirgi ma’no boshqalaridan ustun kelib, “jihod” ko‘proq qo‘llaniladigan bo‘ldi.
Hozir esa buzg‘unchi toifalar o‘zlari ilgari surayotgan yovuz maqsadga erishish uchun yangi “jihod” turlarini o‘ylab topishyapti. Ular “jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ‘ib qilib, aybsiz odamlarning qoni nohaq to‘kilishiga sababchi bo‘lmoqda. Bunga dunyoning turli nuqtalarida “jihod” yoki “shahidlik” niqobi ostida amalga oshirilayotgan qo‘poruvchiliklar misol bo‘ladi. Ayniqsa, Afg‘oniston, Pokiston, Suriya va Iroq davlatlarida bo‘layotgan xudkushliklar oqibatida begunoh qariyalar, ayollar va yosh bolalarning o‘limi ko‘paygani juda achinarli holdir.
Islom dushmanlari musulmonlar o‘rtasida fitna chiqarish uchun internet – “o‘rgimchak to‘ri”dan juda ustalik bilan foydalanishmoqda. Birgina "Facebook" ijtimoiy tarmog‘ida turli tillarda bir qancha guruhlar ochib, soxta g‘oyalarini muntazam ravishda tarqatib, ko‘paytirib borishyapti.
Terrorchilar o‘zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilish natijasida ayrim yoshlarni o‘zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo‘lishayotgani achinarli hol, albatta.
Shu o‘rinda mashhur olim, marhum Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahullohning terrorchilar xususida aytgan quyidagi so‘zlarini keltirish lozim: “Ular bir vaqtning o‘zida biror aybi yo‘q musulmonlarni kechasi bo‘g‘izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish” deydilar. Ular oddiy yo‘lovchilar to‘la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo‘shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish” deydilar. Har kim ko‘zlarini yumib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. Ul zot shunday razil ishlarga rozi bo‘larmidilar?”
Muqaddas Islom dinida begunoh inson qonini to‘kish buzg‘unchilikning eng ulkan ko‘rinishi hisoblanadi. Islom dini hatto chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Bunday vahshiylikni qilayotganlar dinga e’tiqod qo‘ygani haqida qancha lof urmasin, qilgan yovuzliklari bu da’volari soxta ekanini fosh etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
«Musulmon Ummatining Buyuk G‘alabaga va Vatan himoyasiga qo‘shgan hissasi: tarix saboqlari va zamonaviy muammolar» nomli Astraxandagi II Xalqaro ilmiy-diniy konferensiyada
Diniy idoramiz vakili ishtirok etdi
Xalqaro anjumanda Janubiy federal okrug, Kavkaz orti va Yaqin xorij diniy arboblari hamda davlat hokimiyati organlari vakillari, ilmiy va ekspert jamoatchiligi, ta’lim muassasalari, oliygohlar o‘qituvchilari va talabalari, Rossiya harbiy qismining rahbarlari, Rossiya Federatsiyasi subyektlaridan diniy va jamoat arboblari, an’anaviy konfessiyalar diniy peshvolari va ko‘plab ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Forum G‘alabaning 80 yilligi va “Vatan himoyachilari” yili doirasida o‘tkazilishini inobatga olgan holda, uning ishi davomida musulmon ulamolarining fuqarolik jamiyatini jipslashishdagi roli, shuningdek davlatlarimiz taraqqiyotining muhim tarixiy bosqichlarida diniy arboblarning davlat siyosatiga qo‘shgan hissasi muhokama qilindi.
Xalqaro forumda ma’ruza uchun so‘z berilgan Diniy idoramiz vakili Ibrohimjon domla Inomov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomlari va duoi-xayrlarini hurmat bilan yetkazdi.
Astraxan davlat universitetida talaba yoshlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi” mavzularida to‘xtalib o‘tdi.
Turli xil diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat buyrug‘i, ham zamon talabi, ham davr ehtiyoji ekanligiga e’tibor qaratilib, keng tushunchalar berildi.
Xalqaro konferensiya doirasida Rossiya musulmonlari Markaziy Diniy idorasi raisi, Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazratlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida tashrif uchun minnatdorlik izhor etib, o‘zining eng katta va iliq samimiy salomlarini, eng yaxshi tilak va xayrli duolarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga albatta yetkazishni bir necha bor ta’kidlab o‘tdi.
Rossiya musulmonlari Markaziy Diniy idorasi raisi, Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazratlarining O‘zbekistonga, Buxoroga, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha baland ekanligi ko‘zlarida yosh bilan mehr ila ifoda etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining ham salomlari delegatsiyamiz a’zosi tomonidan hurmat bilan yetkazildi.
Xizmat safari davomida konferensiya ishtirokchilari, xorijiy mehmonlar, vatandoshlarimiz hamda mahalliy fuqarolar va rasmiy tashkilotlar mas’ullari bilan bo‘lgan suhbatlarda delegatsiyamiz vakili tomonidan bugungi kundagi mamlakatimizdagi qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib, davlatimiz va hukumatimiz tomonlaridan yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz kamoloti, masjidu-madrasalarimiz obodligi uchun behisob darajada ishlar olib borilayotganligini yoritib, bugungi kundagi mamlakatimizdagi hamma sohalarda, ayniqsa diniy sohada juda ham katta islohotlar, misli ko‘rilmagan yangiliklar to‘g‘risida xabar berib o‘tildi.
Astraxanda o‘tkazilgan «Musulmon Ummatining Buyuk G‘alabaga va Vatan himoyasiga qo‘shgan hissasi: tarix saboqlari va zamonaviy muammolar» nomli II Xalqaro ilmiy-diniy konferensiya Rossiya Federatsiyasining ko‘plab markaziy, hududiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoritib borildi.