Ajdodlar ruhiga hurmat xalqimizning eng oliy fazilatlaridan biridir. Xotira shunday ruhiy-ma’naviy, insonning insonligini anglatuvchi, uni o‘tmish va kelajak bilan bog‘lab turuvchi buyuk qadriyat, ilohiy qudratdir.
Joriy yilning 10 fevral kuni Hadis ilmi maktabida ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi munosabati bilan “Navoiyni yod etib” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tadbir ikki qismda tashkil etildi. Dastlab Maktab majlislar zalida o‘qituvchi va talablar uchun “Navoiy ijodini anglash” mavzusida ilmiy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi. Ilmiy majlisga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazidan direktor Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor B.To‘rayev, Diniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘limi boshlig‘i filalogiya fanlar nomzodi, dots.nt O.Rustamov, Samarqand davlat universiteti 2 kurs magistranti A.Sobirov ishtirok etdi.
Tadbir avvalida maktab rektori O.Yusupov so‘zga chiqib, respublikamizda Navoiy hazratlarining ijodini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar va amaliy ishlar, mutafakkir zotning tavalludiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng professor B.To‘rayev Alisher Navoiyning “Munojaat” asarining yozilish tarixi va asarda keltirilgan nazmiy baytlarning mazmun-mohiyati haqida, dots.nt O.Rustamov Alisher Navoiy qurdirgan ma’rifiy-madaniy inshoatlar, islom ma’rifatini anglashda Xoja Ahror Vali bilan muloqotlari to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Albatta, Navoiyxonlik kechalarini g‘azal va baytlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ushbu tadbirda tashrif buyurgan magistrant A.Sobirov Navoiy asarlardan g‘azallar o‘qib, ularni sharhlash asnosida baytlarda ilgari surilgan ilohiy ishq mavzusida ilmiy ma’ruza qildi.
Ilmiy-ma’rifiy davra suhbatidan so‘ng Maktab oshxonasida Alisher Navoiyni xotirlab Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari hamda maktab o‘qituvchi va talablar uchun ehson dasturxoni tashkil etildi. Tadbir yakunida xatmi Qur’on qilinib, diyorimizda o‘tgan barcha allomalar, xususan, mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy hazratlariga baxshida qilindi.




J.Akramov
Hadis ilmi maktabi
O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i
2026 yilning ilk kunlarida viloyat bosh imom-xatibi rahbarligida viloyatimizda faoliyat yuritayotgan shahar va tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda yangi yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor vazifalar, joylarda diniy-ma’rifiy ishlar sifatini oshirish, aholi o‘rtasida ma’naviy targ‘ibotni yanada kuchaytirish, yoshlar va oilalar bilan ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat bosh imom-xatibi tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi, amaliy ko‘rsatma va tavsiyalar taqdim etildi. Shuningdek, imom-xatiblarning mas’uliyati va intizomi, jamiyat oldidagi muhim burchi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda 2026 yilda diniy-ma’rifiy faoliyatni yanada tizimli, mazmunli va samarali tashkil etish zarurligi qayd etilib, mazkur muloqot joylarda amalga oshiriladigan ishlar uchun mustahkam dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati