Alloh taolo bandasini turli yo‘llar bilan sinar ekan. Birovga dard berib, boshqa birovning moliga, joniga va shunga o‘xshash turli usullari bilan sinovdan o‘tkazar ekan.
Yaqinda poytaxtimizning “Hazrati Imom” masjidi ro‘parasi – Qorasaroy ko‘chasi 248-xonadonga ham Allohning buyuk sinovi kelib, ushbu xonadonning kichkina oshxonasidan tashqari barcha uylari yong‘indan kul bo‘lgandi.
Ushbu holatdan xabardor bo‘lgan Diniy idora rahbariyatining tavsiyasi bilan homiylik xayriyasi uyushtirildi.
Saxovatpesha xalqimiz, Toshkent shahri imomlarining sa’y-harakatlari bilan, bugun ushbu xonadonga 90 000 000 so‘mdan ziyod xayriya mablag‘lari topshirilib, musibatzadalarning duoi-xayrlari odindi.
Alloh taolo elimizni, yurtimizni turli balo-ofatlardan O‘zi asrasin.





Muhammadnazar Qayumov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi mudiri
15 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti tashabbusi bilan 2026 yil “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan oila qadriyatlarini mustahkamlashga bag‘ishlangan xalqaro anjuman boshlandi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Konferensiya Qur’oni karim tilovati va “Oila – xalq yuragi” nomli videolavha namoyishi bilan boshlandi. Ochilish marosimida BAA Bag‘rikenglik va birdamlikda yashash vaziri Shayx Nahayon bin Muborak Ol Nahayon, Amirliklar Fatvo Kengashi raisi Abdulloh bin Bayya, Marokash podshohligi Vaqflar va Islom ishlari vaziri doktor Ahmad Tavfiq, Amirliklar Islom ishlari, vaqf va zakot bosh boshqarmasi raisi, doktor Umar Habtur ad-Dir’iy, Mavritaniya fatvo kengashi raisi, doktor Aslam bin Sayyid Mustafo, taniqli ulamolar, mashhur muftiylar va ilmiy-tadqiqotchilar kabi 300 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
So‘zga chiqqan notiqlar Islom dinida oila mustahkamligiga katta e’tibor qaratilishi barobarida bugungi kunda oila masalasiga yanada jiddiy ahamiyat qaratishga katta urg‘u berishdi.
Jumladan, shariat buyurganidek, inson nasl-nasabini saqlash, silai rahm qilish, ota-onani e’zozlash, jufti haloliga e’tirom ko‘rsatish, farzandlarni yaxshi tarbiyalash singari muhim vazifalarni keng targ‘ib etish, hozirgi xavf-xatarlar davrida oilani mustahkamlash, uning jamiyat rivojidagi o‘rni, birdamlik manbai ekanini tushuntirish kabi masalalar haqida so‘z bordi.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt rivojlangan pallada oilaviy rishtalarni muhofaza qilish va mazkur taraqqiyot imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarurligi, davr talabidan kelib chiqqan holda zamonaviy tahdidlarga javob beradigan, oila qadriyatlarini asrab-avaylaydigan, uning saodatini ta’minlaydigan dolzarb fatvolar ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati