Alloh taolo bandasini turli yo‘llar bilan sinar ekan. Birovga dard berib, boshqa birovning moliga, joniga va shunga o‘xshash turli usullari bilan sinovdan o‘tkazar ekan.
Yaqinda poytaxtimizning “Hazrati Imom” masjidi ro‘parasi – Qorasaroy ko‘chasi 248-xonadonga ham Allohning buyuk sinovi kelib, ushbu xonadonning kichkina oshxonasidan tashqari barcha uylari yong‘indan kul bo‘lgandi.
Ushbu holatdan xabardor bo‘lgan Diniy idora rahbariyatining tavsiyasi bilan homiylik xayriyasi uyushtirildi.
Saxovatpesha xalqimiz, Toshkent shahri imomlarining sa’y-harakatlari bilan, bugun ushbu xonadonga 90 000 000 so‘mdan ziyod xayriya mablag‘lari topshirilib, musibatzadalarning duoi-xayrlari odindi.
Alloh taolo elimizni, yurtimizni turli balo-ofatlardan O‘zi asrasin.
Muhammadnazar Qayumov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi mudiri
Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholanmoqda. Bu o‘zgarishlar zamirida zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, shaxslar, ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan mashhur ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish ishlari mujassam.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan "Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman fikrimizni tasdiqlaydi. Ushbu nufuzli anjumanda "Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni", "Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini", "XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" kabi sho‘balarda muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Muftiylar, ilm-fan arboblari va ilmiy tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalarida buyuk bobomizning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining mohiyati kabi muhim masalalarda so‘z yuritdi.
Tadbirda Misr, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 dan ortiq davlatdan 70 dan ziyod muftiy, nufuzli islomshunos olimlar, davlat va jamoat arboblari, moturidiyshunos tadqiqotchilar, tarixshunoslar va diniy-ma’rifiy soha vakillari qatnashdi.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 1 may, 88-son