Mukammal Islom dini jamiyat uchun zarar bo‘lgan barcha amallarni gunohlar sarasiga qo‘shdi. Hattoki, bunday amallarning oz miqdordagisiga ham ruxsat bermadi. Balki, bunday gunohlarga nisbatan qattiq jazolar, ma’lomat va xatarlar borligini takror-takror eslatdi. Ba’zilarini Qur’on bilan, ba’zilarini esa Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan xarom qildi. Mo‘minlarni bu jirkanch ishlarni qilishdan qaytardi.
Mana shunday qaytarilgan amallardan biri bu – poraxo‘rlik ya’ni, zamonaviy til bilan aytganda korrupsiyadir. Poraxo‘rlikning xatari, unga berilgan jazo va malomatning miqdorini ushbu qisqagina hadis orqali bilishimiz mumkin. Mashhur sahobalardan bo‘lgan Savbon roziyallohu anhu aytadilar: “ Rosululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchi, pora oluvchi va ularning o‘rtasidagi vositachini la’natladilar”. (Imom Ahmad rivoyati)
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlaridan ozgina xabari bor inson biladiki, u zot muomala va axloqda tengsiz edilar. U kishining muborak zabonlaridan har xil fahsh, malomat, ta’na va la’nat so‘zlari chiqmas edi. O‘zlariga berilgan turli ozorlarga, ozor bergan kimsalarga ham duoyibad, qarg‘ish yoki la’nat so‘zlarini aytmaganlar.
Biroq, poraxo‘rlik shunday illatki, uning gunohi shu qadar ulkanki, shuning uchun Rosululloh sollallohu alayhi vasallam pora berganni ham, olganni ham va hatto ularning o‘rtasida vositachi bo‘lib turgan insonni ham la’natladilar. Bu bejiz emas albatta. Buning o‘z sabablari bor.
Ba’zi gunohlarning zarari faqat o‘z sohibiga tegadi. Boshqalar uchun zarar keltirmaydi. Yana ba’zi gunohlar borki, uning zarari sanoqli kishilargagina ta’sir qiladi. Va yana shunday gunohlar, illatlar borki, ularning oqibati butun jamiyatga zarar keltiradi. Insonlarnig kelajagiga, millatning va yurtlarning rivojlanishiga to‘g‘anoq bo‘ladi. Poraxo‘rlik ham aynan shunday, butun jamiyatga va kelajakka zarar keltiruvchi gunohlar sarasiga kiradi.
Qolaversa, poraxo‘rlik Alloh taoloning bir nechta farzlariga e’tiborsiz bo‘lishga, ularga amal qilmaslikka, bir qancha gunoh amallarning sodir bo‘lishiga yo‘l ochadi. Masalan, birgina ta’lim sohasidagi korrupsiya ilm-fan va ma’rifatga zarba beradi. Pora evaziga o‘qishga kirgan, pora evaziga imtihondan o‘tgan talaba uchun ilmning qiymati bo‘lmaydi. Balki, u talabada “pul ilmdan ko‘ra kuchliroq vositadir”, degan tasavvur paydo bo‘ladi. bu esa o‘z navbatida, “ilm olish farz” degan buyruqqa nisbatan e’tiborni yo‘qqa chiqaradi. Jamiyatda o‘z sohasining bilimdonlari kamayishiga, bu sabab insonlar orasida murosa va xotirjamlik yo‘qolishiga, turli xil qiyinchiliklarning yuzaga kelishiga olib keladi. Poraxo‘rlik kishilar o‘rtasida adolat qilishga to‘sqinlik qiladi. Kimlargadir zulm qilishga yo‘l ochadi. Kishilarda adolatga, ezgulikka, jamiyat va davlatga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘lishiga hamda bundan boshqa judayam ko‘p illatlarning yuzaga chiqishiga sabab bo‘ladi. Aynan shuning uchun ham, Rosulimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam poraga, korrupsiyaga aloqador bo‘lgan barcha kishilarni eng og‘ir so‘z bo‘lgan la’nat bilan zikr qildilar.
Bugun davlatimiz, xususan yurtboshimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi qattiq kurash yo‘lga qo‘yildi. Jazolar va nazoratlar kuchaytirildi. Bu albatta quvonarli xol. Chunki, davlat rahbarining talabi Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning talabi bilan, Alloh taoloning talabi bilan muvofiq tushmoqda. Maqsadlar bir nuqtada birlashmoqda. Demak, yurtboshimizning maqsadi ham aynan jamiyatning rivoji, adolat va shaffoflikni ta’minlash, zulm va nohaqliklarga barham berishdir. Bu yo‘lda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarishimiz kerak. O‘zini mo‘min sanagan, din, millat, yurt va jamiyat rivoji uchun befarq bo‘lmagan har qanday shaxs korrupsiyaga qarshi birlashib harakat qilmog‘i lozim bo‘ladi. zero, Robbimiz bizni shunga buyurgan: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang”. (Moida surasi, 2-oyat)
Azizlar! Robbimiz chaqirgan hamkorlikka sizlarni ham qo‘shilishingizni istayman. Unutmang! Bu hamkorlikdan hech kim zarar ko‘rmaydi.
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi: Islomov Yorbek
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ko‘plab ilohiyot olimlari va solihlar bu dunyoning chin mohiyatini izohlab, uning vasvasalari qay darajada xatarli ekanligini uqtirishga urinib kelganlar. Quyida ularning hamma uchun foydali bo‘lgan ayrim tavsiya va ogohlantirishlarini keltirib o‘tamiz.
1. Imom Junayd Bag‘dodiy quddisa sirruhu dedilar:
"Kim kunni hayotdan siqilib noligan holatda boshlasa, u go‘yo o‘z Yaratganidan shikoyat qiluvchiga o‘xshaydi. Kim dunyo ishi uchun g‘am cheksa, go‘yoki Allohga g‘azab qilgan kabidir. Kimki bir boy oldida uning boyligi sabab o‘zini yerga urib, xo‘rlasa, batahqiq, dinining uchdan ikki qismidan ayrilibdi".
2. Mashoyixdan birlari aytgan ekanlar:
"Alloh biron kimsani O‘ziga do‘st qilishlikni iroda aylasa, uning ko‘ziga dunyoni xunuk qilib ko‘rsatadi".
3. Shuningdek, murshidi komillardan yana birlari aytgan ekanlar :
"Ey tolib! O‘tkinchi dunyo manfaatlarining birovga zoriqib qolmaydigan miqdori bilan kifoyalansang bo‘ldi, uni butunlay tark etaman, deb ham urinib yurma!".
4. Ulug‘lardan birlari ta’kidlabdilar:
"Ikki muhim xislat bor, kimki ularni o‘zlashtirsa, ortidan odamlarni ergashtiruvchi peshvo, imom bo‘lishiga shak-shubha yo‘q:
Birinchisi, o‘tkinchi dunyodan ko‘ngil uzib, unga nisbatan befarq, beparvo bo‘lish; ikkinchisi, birodarlardan yetguvchi ziyonu zahmatlarga sabr etib, ularni har narsada o‘zidan ustun va haqli deb bilish”.
5. Imom Shozaliy quddisa sirruhu dedilar:
“Alloh qulini nafaqat bu dunyo va uning ahlining bahridan o‘tmagunicha, balki ikki olam manfaatlaridan tamomila ko‘ngil uzmagunicha sevmaydi”.
6. Imom Shozaliy quddisa sirruhu yana ta’kidlaydilar:
“Dunyoni sevguvchi har qanday odam Allohning nazarida xunukdir. Uni qalbidan va qo‘lidan butunlay chiqarib tashlashlik murid uchun vojib narsadir”.
Bu dunyo – o‘tkinchi soya, u banda bilan Alloh orasidagi to‘siqdir. Qalbida unga nisbatan hattoki bir chang zarrasi miqdoricha muhabbati bo‘lgan odam Yaratganining chin quli bo‘lolmaydi. Bundan tashqari, to uning mag‘ziyu po‘chog‘idan ham kechmas ekan, Yaratganiga maqbul bo‘lishligi mumkin emasdir.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.