Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

27.12.2019 y. Amallar niyatga bog‘liqdir

24.12.2019   7945   10 min.
27.12.2019 y. Amallar niyatga bog‘liqdir

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الْمُطَّلِعِ عَلَى الضَّمَائِرِ وَالنِّيَّاتِ، وَصَلَّى اللهُ وَسَلَّمَ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ الْمَبْعُوثِ بِالْآيَاتِ الْمُحْكَمَاتِ، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنِ اسْتَنَّ بِسُنَّتِهِ مِنَ الْبَرِيَّاتِ، اَمَّا بَعْدُ

AMALLAR NIYATGA BOG‘LIQDIR

Muhtaram jamoat! Niyat – dinimizdagi eng muhim amallardan biri bo‘lib, oddiy ishlar ham niyatni yaxshiligi sababli savobli amallarga aylanadi va niyatning yomonligi tufayli gunoh ishlar qatoriga kiradi. Niyat – qalb amalidir. Agar qalbdan niyat qilib, uni tilda ham zikr etsa, yanada yaxshi. Musulmon kishi dunyo hayotida qilayotgan har bir ishini ibodat darajasiga ko‘tarishga harakat qilishi kerak. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنْسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ

ya’ni: “Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyot surasi, 56-oyat).

Yana bir oyati karimada Alloh taolo O‘z bandalarini faqat ezgu ishlar qilishga chorlab, bunday deydi:

فَمَنْ كَانَ يَرْجُوا لِقَاءَ رَبِّهِ فَلْيَعْمَلْ عَمَلًا صَالِحًا وَلَا يُشْرِكْ بِعِبَادَةِ رَبِّهِ أَحَدًا

ya’ni: “Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin”!  (Kahf surasi, 110-oyat).

Shuning uchun har bir banda chinakam ma’rifatga erishish uchun yaxshi niyat orqali ezgu amallarni ko‘paytirishi lozim. Darhaqiqat, biz qiladigan amallarimiz uchun niyatimizga ko‘ra ajr-savobga erishamiz. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

..."إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ وَإِنَّمَا لِكُلِّ امْرِئٍ مَا نَوَى" 

(مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)

ya’ni: “Amallar faqat niyatlarga ko‘radir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi” (Muttafaqun alayh).

Imom Ahmad ibn Hanbal ushbu hadis haqida: “Ilmning uchdan biri shu  hadisda”, – desalar, Imom Shofe’iy “Ilmning yarmi shu hadisda”, – deb aytganlar. Imom Abu Dovud esa “Bu hadis Islomning madori bo‘lgan hadislardandir”, – deganlar. Mazkur zotlar aytgan ma’lumotlarning o‘ziyoq dinimizda niyatga katta ahamiyat berilganini ko‘rsatib turibdi.

Ushbu hadisga ko‘ra, har bir katta yoki kichik ishni yaxshi niyat bilan bajarsak, savob olamiz. Masalan, yeyish, ichish kabi muboh amallar ibodat va kasbu korga quvvat bo‘lish niyatida bajarilsa, ibodatga aylanib, evaziga ajr olinadi. Ammo faqat qornini to‘ydirish uchun yeb-ichilsa, savob bo‘lmaydi.

Kishi rizq axtarib ko‘chaga chiqishdan oldin “Alloh taolo ahl-oilam nafaqasini zimmamga farz qilgan, shuni ado etish uchun O‘zidan yordam so‘rab, ishga chiqyapman, agar Alloh muvaffaq qilsa, oilam oldidagi shariat yuklagan vazifani bajaraman, topgan pulimdan muhtojlarga va xayrli ishlarga ehson qilaman” deb yaxshi niyat qilsa, uning har bir qadami va olgan har bir nafasi ibodatga aylanadi.

Kishining masjidda o‘tirishidan maqsadi namozni kutish bo‘lsa, o‘tirganini o‘ziga savob oladi. Dam olish niyatida o‘tirsa, dam olishi mumkin, lekin savob olmaydi.

Kishi uyquga yotish oldidan “uxlab tetiklashib olsam, Allohga yanada ko‘proq ibodat qilaman”, deb niyat qilsa, uning uyqusi ham ibodatga, savobli amalga aylanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"مَنْ أَتَى إِلَى فِرَاشِهِ وَهُوَ يَنْوِي أَنْ يَقُومَ يُصَلِّي مِنَ اللَّيْلِ فَغَلَبَتْهُ عَيْنَاهُ حَتَّى أَصْبَحَ: كُتِبَ لَهُ مَا نَوَى، وَكَانَ نَوْمُهُ صَدَقَةً عَلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ عَزَّ وَجَلَّ"

  (رواه الإمامُ النسائي عن أبي الدَرْداء رَضِي اللهُ عنه)

ya’ni: “Kim tunda turib namoz o‘qimoqni niyat qilib, to‘shagiga yotsa, ammo uyqu zo‘rlik qilib bomdodda uyg‘onsa, u kishiga niyat qilgan amalining savobi yoziladi va uyqusi unga Alloh taoloning sadaqasi hisoblanadi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).  

Ilm talab qilishdan maqsad talabi ilm – farz degan niyatda bo‘lsa, savob oladi, kelajakda ilm orqali mol-dunyo va mansabga erishib, o‘ziga va o‘zgalarga manfaat yetkazishni niyat qilgan bo‘lsa, unga alohida savob oladi.

Hayvonlarni boqishda “dinimiz hayvonlarga mehribonlik ko‘rsatishga buyurgan” degan niyatda boqsa, savob oladi, u orqali pul topib, oilani boqishni niyat qilsa, unga alohida savob oladi.

Bu qoida inson hayotidagi har bir narsaga nisbatan qo‘llanilaveradi. “Islom dini – oson din” deyilishining ma’nosi ham shu. Islomda odat va zarurat hisoblangan narsalarni ham ibodatga aylantirish juda oson. Birgina niyatni tuzatish bilan barcha amallar savobga aylanadi.

Imom Jafar ibn Hayyon rahmatullohi alayh shunday deganlar:

"اَلنِّيَّةُ مُلاَّكُ الْأَعْمَالِ فَبِصِحَّتِهَا تَصِحُّ وَبِفَسَادِهَا تَفْسُدُ"

(أخرجَه الإمامُ أحمدُ في الزهد)

ya’ni: “Niyat amallarning boshqaruvchisidir. Agar niyat to‘g‘ri bo‘lsa, amal ham to‘g‘ri va savobli bo‘ladi. Agar niyat buzuq bo‘lsa, amal ham buzuq bo‘ladi” (Imom Ahmad “Zuhd” kitoblarida keltirganlar).

Demak, musulmon inson shunchalar baxtli insonki, u o‘z hayotining har bir lahzasini, har bir amalini Allohga ibodatga aylantirishi mumkin. Musulmon insonning ibodatga aylanmaydigan amali yo‘q, uning shaxsiy, oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va boshqa amallari barchasi ibodat bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa undan ko‘p narsa talab qilinmaydi. O‘z dinining ko‘rsatmalarini o‘rgansayu, niyatini shunga moslasa, kifoya. Shu bilan butun boshli bir hayot ibodatga aylanadi.

Solim ibn Abdulloh rahmatullohi alayhning Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayhga yo‘llagan maktubida bunday satrlar bor edi: “Bilginki, Allohning bandaga yordami, albatta, uning niyatiga qarab bo‘ladi. Kimning niyati xolis, mukammal bo‘lsa, unga Allohning yordami ham to‘la-to‘kis bo‘ladi. Yordamning noqis bo‘lishi, bandaning niyati nuqsonligidandir”.

Hadisi qudsiyda shunday marhamat qilingan:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عنهما عَنِ النَّبِيِّ صلى اللهُ عليه وسلم، فِيما يَرْوي عَنْ رَبِّهِ عَزَّ وَجَلَّ، قَالَ: قَالَ إِنَّ اللهَ كَتَبَ الْحَسَناتِ وَالسَّيِّئاتِ، ثُمَّ بَيَّنَ ذَلِكَ، فَمَنْ هَمَّ بِحَسَنَةٍ فَلَمْ يَعْمَلْها كَتَبَها اللهُ لَهُ عِنْدَهُ حَسَنَةً كامِلَةً، فَإِنْ هُوَ هَمَّ بِها فَعَمِلَها كَتَبَها اللهُ لَهُ عِنْدَهُ عَشْرَ حَسَناتٍ، إِلى سَبْعِمائَةِ ضِعْفٍ، إِلى أَضْعافٍ كَثيرَةٍ، وَمَنْ هَمَّ بِسَيِّئَةٍ فَلَمْ يَعْمَلْها، كَتَبَها اللهُ لَهُ عِنْدَهُ حَسَنَةً كامِلَةً، فَإِنْ هُوَ هَمَّ بِها فَعَمِلَها كَتَبَها اللهُ لَهُ سَيِّئَةً واحِدَةً 

رواه الإمامُ البخاري والإمام مسلم

ya’ni: Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Alloh taolodan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda shunday deganlar: “Albatta Alloh taolo yaxshilik va yomonliklarni yozib, uni bayon qilib qo‘ydi: “Kim bir yaxshilikni qasd qilsayu, amalga oshira olmasa, Alloh taolo O‘z huzurida unga komil bir yaxshilik qildi, deb yozib qo‘yadi. Agar qasd qilib, bajarsa, Alloh taolo unga yaxshi amali uchun o‘ntadan yetti yuz barobar va undan ham ziyodagacha ajr berur. Agar biror yomonlikni qasd qilsayu, uni amalga oshira olmasa, Alloh taolo O‘z huzurida unga komil bir yaxshilik qildi, deb yozadi. Agar yomonlikni qasd qilsayu, bajarsa, Alloh taolo unga bitta yomonlik yozadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Bir kishi olimlarga aytdi: “Menga bir yo‘l ko‘rsatingki, u orqali Alloh taologa doimo maqbul amallar qilay, butun hayotim Alloh uchun ibodatga aylansin”. Unga aytishdiki: “Yaxshilikni niyat qil, qo‘lingdan kelganicha yaxshi amallar qilaver, agar undan toliqsang yoki amalga oshira olmay qolsang ham, uni davom ettirishda himmat ko‘rsataver. Albatta, yaxshi amal qilishga himmatli bo‘lish – uni bajarish bilan barobardir”.

Muhtaram azizlar! Umrimizning yana bir yili tugab, yangi sahifasi ochilmoqda. Shuning uchun barchamiz o‘tgan umrimizdagi yaxshi-yomon ishlarimizdan xulosa qilib, 2020 yilni faqat yaxshi amallar, savobli ishlar, dunyo va oxiratimiz uchun zaxira bo‘ladigan amali solihlar bilan o‘tkazishni maqsad qilmog‘imiz lozimdir.

Mo‘min-musulmon kishi har kunini qadriga yetib, uni o‘tgan kunidan ko‘ra ko‘proq va yaxshiroq savobli amallar bilan o‘tkazishga harakat qilmog‘i lozim. O‘tgan kundagi ishlariga mag‘rurlanib, o‘sha bilan kifoyalanib qolib, yanada ko‘proq harakat qilishga oshiqmaslik – oqil mo‘minning ishi emasdir.

Albatta, shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, bayramni bahona qilib shariatimiz va urfimizga mos kelmaydigan va ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘ladigan ishlarga qo‘l urishdan, xususan, ichkilikbozlik kabi illatlarga berilishdan, farzandlarimizni esa man etilgan pirotexnika vositalarini ishlatmasligidan ogoh etishimiz lozim.

O‘tgan yilni sarhisobini qilib, 2020 yilda umrimizga umr qo‘shilishini, savob va ezgu ishlarimizning ko‘payishini niyat qilib, yaqinlarimizga ham ushbu tilaklarni bildirib, jonajon Vatanimizga tinchlik va barqarorlik, mehribon va mehnatkash xalqimizga farovonlik tilaylik!

Alloh taolo barchamizga har bir ishimizda yaxshi niyatni hamroh aylab, hayotimizni ezgu va savobli ishlar bilan o‘tkazishimizni nasib aylasin! Omin! 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “UMR G‘ANIMAT!” mavzusida bo‘ladi.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Ashuro kuni — muharram oyining o‘ninchi kunidir

04.07.2025   4442   7 min.
Ashuro kuni — muharram oyining o‘ninchi kunidir

Islom tarixidagi eng ulug‘, ma’naviy jihatdan eng ibratli kunlardan biri Ashuro kunnidir. Har yili muharram oyining o‘ninchi kuni nishonlanadigan bu sana nafaqat ro‘za tutish fazilati bilan, balki Alloh taoloning bandalariga ko‘rsatgan marhamati, Muso alayhissalom va uning qavmini najot etganligi bilan ham ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu kunga alohida e’tibor berganlar va ummatlarini ham uning fazilatlaridan bahramand bo‘lishga chorlaganlar. Ashuro kuni musulmonlar uchun ma’naviy poklanish, gunohlarga kafforat va sunnatni hayotga tatbiq etish imkonidir.

 Bu kun musulmonlar uchun ro‘za tutish tavsiya etilgan kunlardan biri bo‘lib, ulamolarning ko‘pchiligi bu kunni ro‘za bilan o‘tkazishni mustahab deb hisoblaydi. Ashuro kuni ro‘za tutish sunnat amallardan biri bo‘lib, uning fazilati juda katta. Tasu’o (to‘qqizinchi) va Ashuro (o‘ninchi) kunlarida ro‘za tutish payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatlardandir. Bu Allohning kunlaridan biri bo‘lib, U Zot o‘z bandalariga marhamat ko‘rsatgan, ya’ni U zot Kalimulloh Muso alayhissalom va Uning qavmi Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinining zulmidan najot etgan kundir.

Ashuro kunini ro‘za bilan o‘tkazishning asosiy sababi bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinidan najot etganidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini juda ahamiyatli deb bilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biror kunni boshqalardan afzal deb ro‘za tutishga uringanlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun — Ashuro kuni va ushbu oy — Ramazon oyidan tashqari” (Imom Buxoriy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Ashuro kuni ro‘za tutishga rag‘batlantirar va: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”,  der edilar (Imom Muslim rivoyati).

Musulmonlar bu sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng amaliyotga tadbiq eta boshladilar. U kishi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘raganlarida, ular: “Bu yaxshi kun bo‘lib, Alloh ushbu kunda Bani Isroilni dushmanlaridan najot etgan, shuning uchun Muso alayhissalom ushbu kunni ro‘za bilan o‘tkazgan”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra yaqinroqman”, deb, o‘sha kuni ro‘za tutdilar va boshqalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.

Shu kundan boshlab bu amal sunnat sifatida amalga oshirila boshlandi va musulmonlar uchun o‘tgan yilning gunohlaridan poklanish, katta savob va fazilatga erishish imkoni sifatida qaraladi.

Ashuro kuni bu barcha musulmonlar uchun muhim sana hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu kunda ro‘za tutishga va ibodat qilishga intiladi.

Ko‘pchilik Ashuro kunini yagona holda ro‘za tutish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ammo Azhar muassasasi o‘z fatvolaridan birida bu fikrni rad etgan. Unda ta’kidlanganidek, juma yoki shanba kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelsa ham, uni alohida holda ro‘za tutish man qilingan emas.

Azhar ulamolarining ta’kidlashlaricha, imom Tahoviy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasiga izn berganlar va unga targ‘ib qilganlar. Lekin bu kun shanbaga to‘g‘ri kelsa, tutmanglar, demaganlar. Buning o‘ziyoq, Ashuro har qanday kunga to‘g‘ri kelsa ham ro‘za tutish mumkinligini ko‘rsatadi”.

Shuningdek, agar Ashuro yoki Arafa kuni juma yoki shanba kuniga to‘g‘ri kelsa yoki insonning odatdagi ro‘zali kuni bo‘lsa, bu holda ro‘za tutishda hech qanday mone’lik yo‘q.

Dorul-Ifto (Misr Fatvo hay’atining 2023 yil 26 iyuldagi 7756 raqamli Professor Doktor Shavqiy Ibrohim Allom fatvosida) ham Ashuro kunini ya’ni muharramning 10-kunini yagona holda ro‘za tutish joizligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ixtilofdan qochish maqsadida, u bilan birga bir kun avval 9-kun yoki bir kun keyin 11-kun ro‘za tutish tavsiya etildi.

Misr Dorul-Ifto muassasasi ta’kidlashicha, muharramning 9-kunini ro‘za tutish  qat’iy sunnatdir. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlarida, Payg‘ambarimizga yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashlarini aytishgan. Shunda u zot: “Kelgusi yili, agar Alloh xohlasa, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutaman”, deganlar. Ibn Abbos aytadilar: kelgusi yil kelmasdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar. Bu hadisni Imom Muslim o‘z “Sahihlarida” keltirganlar.

Sunnatda Ashuro kuni ro‘zasi tutishning fazilati haqida bir qator rivoyatlar keltirilgan. Unga ko‘ra, muharram oyida ro‘za tutish tavsiya etilgan amallardan sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharram oyida tutiladigan ro‘zadir. Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz kechasi o‘qiladigan (tahajjud) namozdir”.

Ashuro kunining fazilati shundaki, bu kun tutiladigan ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:

Arafa kuni ro‘zasi haqida nima deysiz?

U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan va kelgusi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, dedilar.

Ashuro kuni ro‘zasi haqida nima deysiz? deb so‘radilar.

U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar.

Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biron kunni boshqalardan ko‘ra afzal deb ro‘za tutishga shunchalik intiqlik bilan intiqlik qilganlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun Ashuro kuni va ushbu oy Ramazon oyi bundan mustasno”.

Ulamolarimiz Ashuro kunida ahli oilaga ko‘proq sarf qilish, ya’ni ularni quvonchli qilish, rizqda kenglik qilishning tavsiya etilgan amallardan ekanini ta’kidlaydilar. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslanadi:

“Kimki Ashuro kunida o‘z ahliga (oila a’zolariga) kenglik qilsa, Alloh taolo unga butun yili kenglik beradi”.

Xulosa o‘rnida shuni eslash joizki, Ashuro kuni bu bir kunlik ro‘za orqali butun bir yillik gunohlardan poklanish umidi berilgan, Allohning maxsus marhamati to‘kilgan muqaddas kundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biri bo‘lgan ushbu ro‘zani tutmoq, uni 9-kuni yoki 11-kun bilan birga ado etmoq  musulmon kishi uchun katta ajru savob manbaidir.
Shuningdek, bu kunda ahli oilaga shodlik ulashish, rizqda kenglik qilish ham sunnatga uyg‘un amallardan hisoblanadi. Demak, Ashuro kuni ibodat, muhabbat va ma’naviy yangilanish kunidir. Undan oqilona foydalangan kishi na dunyoda, na oxiratda ziyon ko‘rmaydi.

 

Dilshod Aliyev,
"Boloi Hovuz" masjidi imomi.