Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Mart, 2025   |   11 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:42
Peshin
12:38
Asr
16:39
Shom
18:28
Xufton
19:41
Bismillah
11 Mart, 2025, 11 Ramazon, 1446

Qur’on ilmlari: VAHIYNI TUSHUNIB YETMASLIK

21.12.2019   3376   33 min.
Qur’on ilmlari: VAHIYNI TUSHUNIB YETMASLIK

Yuqorida bayon qilingan vahiy holatini tushunib yetmaslik ko‘p narsalarga to‘siq bo‘lishi turgan gap. Bu ulkan haqiqatni o‘rganmay turib, o‘zicha «xulosa chiqarish» va bu xulosani boshqalarga «ilmiy haqiqat» deya taqdim qilish eng yomon narsa ekanini maktabda o‘qib yurgan chog‘imda anglab yetgan edim. Bir kuni bo‘sh qolgan dars soatida maktabimizning mudiri sinfimizga kirib, bizga «ta’lim» bera boshladi. Mudir Qur’oni Karim haqida so‘z yuritib, quyidagilarni aytdi: «Muhammad Payg‘ambar bir to‘p ilmli odamlarni to‘plab, uyga qamagan. «Bitta kitob yozasanlar», degan. Kitob yozib bo‘lingandan so‘ng haligi odamlarni qatl qilgan. So‘ngra kitobni bedapoyaga qo‘yib, odamlarni chaqirgan va «Menga osmondan kitob tushdi», deb haligi kitobni ko‘rsatgan. Shuning uchun keksalar «Bedapoyaga bavl qilib bo‘lmaydi», deyishadi...»

Mudir sinf xonasidan chiqib ketishi bilan bolalar orasida muhokama boshlandi. Hamma mudirning gapiga ishonib bo‘lmasligini ta’kidladi-yu, ammo biror kishi bor haqiqatni ayta olmadi. Haqiqatni mullalar bilishini ta’kidlashdi. Men uyga borgaiimda otamizga bo‘lib o‘tgan hodisani aytgan edim, u kishi menga kerakli narsani qisqacha tushuntirib berdilar.

Vahiyning haqiqatini tushunib yetmaslik faqatgina maktabimiz mudiri kabi dahriylik tuzumi odamlariga tegishli emas. Bundan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hamasr bo‘lgan mushriklar ham bu haqiqatni inkor qilib, Qur’oni Karim haqida o‘zlaricha turli uydirmalar va bo‘htonlar to‘qigan edilar.

Mazkur bo‘htonlar turli-tuman taxminlardan boshqa narsa emas edi. Ming afsuski, ularning barchasi Qur’oni Karimga qarshi aytilgan edi. Eng yomoni, hozirgacha aytilib kelmokda. Shu bilan birga, bu narsa Alloh taoloning inoyati ila qaysidir ma’noda Qur’oni Karimning haq ekaniga xizmat ham qilmoqda. Mazkur bo‘htonlar asossiz ekani o‘z isbotini topgan sayin, kishilar Qur’oni Karimiing haq ekaniga yana ham qat’iyrok ishonch hosil qilmoqdalar.

Qur’on ilmi mashoyixlari bu mavzuga alohida e’tibor bilan qaraydilar. Qur’oii Karimga qarshi to‘qilgan bo‘htonlarga erinmasdan raddiyalar qiladilar. Chunki bunda Qur’oni Karimning haq ekanini anglatish, Qur’on dushmanlarining bo‘htonlari nohaq ekanini bayon qilish uchun qulay fursat bor.

Quyida mazkur bo‘htonlardan hamda ularga qarshi Qur’oni Karimning o‘zi va mashoyixlarimiz taqdim qilgan raddiyalardan ba’zilarini o‘rganamiz.

  1. «Qur’on alg‘ov-dalg‘ov tush ko‘rayotgan majnunning gapidir» degan da’vo.

Arablar nazarida alg‘ov-dalg‘ov tushlar jinnilik junbushidan bo‘ladi, degan tushuncha bor edi. Shuning uchun ham ular o‘zlariga vahiy nozil bo‘layotganini aytgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hakdarida «Bu alg‘ov-dalg‘ov tush ko‘rayotgan majnun» degan gap tarqatishdi.

Alloh taolo Duxon surasida marhamat qiladi:

ثُمَّ تَوَلَّوۡاْ عَنۡهُ وَقَالُواْ مُعَلَّمٞ مَّجۡنُونٌ١٤

«...va: «Bu o‘rgatilgan majnun», dedilar» (14-oyat).

Qalam surasida shunday deb marhamat qiladi:

وَإِن يَكَادُ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ لَيُزۡلِقُونَكَ بِأَبۡصَٰرِهِمۡ لَمَّا سَمِعُواْ ٱلذِّكۡرَ وَيَقُولُونَ إِنَّهُۥ لَمَجۡنُونٞ٥١

«Va kofirlar zikrni eshitayotganlarida seni ko‘zlari bilan toydirmoqchi bo‘lurlar va: «Albatta, u majnundir», derlar» (51-oyat).

Alloh taolo ularning bu bo‘htonlarini rad qilib, O‘z Nabiysiga tasalli berib, Qalam surasining avvalida shunday degan edi:

نٓۚ وَٱلۡقَلَمِ وَمَا يَسۡطُرُونَ١ مَآ أَنتَ بِنِعۡمَةِ رَبِّكَ بِمَجۡنُونٖ٢

«Nuun. Qalam bilan va satrlarga yozadigan narsalar bilan qasam. Sen Robbing ne’mati ila majnun emassan» (1-2-oyatlar).

Arablar dastlab u zotga nozil bo‘layotgan vahiyning holatini tushuna olmay, turli gaplarni aytib ko‘rishdi. Lekin o‘zlari qilayotgan tuhmatlarga ularning o‘zlari ham ishonmaye edilar. Alloh taolo ularning bu masxaraomuz holatlarini tasvirlab, Anbiyo surasida quyidagilarni aytadi:

بَلۡ قَالُوٓاْ أَضۡغَٰثُ أَحۡلَٰمِۢ بَلِ ٱفۡتَرَىٰهُ بَلۡ هُوَ شَاعِرٞ فَلۡيَأۡتِنَا بِ‍َٔايَةٖ كَمَآ أُرۡسِلَ ٱلۡأَوَّلُونَ٥

«Ular: «Balki, alg‘ov-dalg‘ov tushlardir, balki, o‘zi uydirib olgandir, balki, u shoirdir. Bas, bizga avvalgilarga yuborilganidek, mo‘jiza keltirsin», dedilar» (5-oyat).

Ular Qur’onning sodir bo‘lishini uxlagan kishining tushi, majnunning dovdirashi, to‘qib chiqarilgan narsa, yolg‘onchining uydirmasi, shoirning ilhomi kabi allanimalarga o‘xshatmoqchi bo‘lishdi. Oyati karimadagi «balki» so‘zining uch bor kelishi ularning o‘zlari aytayotgan gaplariga o‘zlari ishonmayotganlarini bildiradi. Soddagina qilib, «Allohning oyati» deyish o‘rniga shunchalik tubanlik, makkorlik botqog‘iga botishdi.

Qur’on vahiysini «tush» deydiganlarning gumonlari haqiqatdan mutlaqo yiroq tushunchadir. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qalblari har qanday holatda uyg‘oq bo‘lishi, ko‘zlari uxlasa ham, qalblari uxlamasligi ma’lum va aniq bo‘lishi bilan birga, Qur’oni Karimning biror oyati tushda nozil bo‘lgan emas. Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vahiyni tushunib, o‘zlariga singdirib olish xususiyatlari dastlabki «Iqro’» surasi vahiy bo‘lganidan to Qur’onning oxirgi oyati nozil bo‘lib, Rafiqi A’loga rihlat qilgunlariga qadar bardavom bo‘lgan. Bu haqikat ko‘plab sahih, ishonchli xabarlarda takror-takror kelgan.

Shu o‘rinda ba’zi mufassirlar va zamondosh yozuvchilarning, yaxshi niyat bilan bo‘lsa-da, «Hiro g‘orida Nabiy sollallohu alayhi vasallamga dastlabki vahiy nozil bo‘lga nida, u zot uxlagan bo‘lganlar», deb tasavvur qilishlari xato ekanini ta’kidlab qo‘ymog‘imiz lozim.

Balki Imom Buxoriy va Imom Muslimning «Sahih»lari hamda boshqa ishonchli manbalarda kelganki, ilk vahiy no­zil bo‘lgan paytda ham u zot uyg‘oq holda haqiqatni izlab, Alloh taolo haqida tafakkur qilib o‘tirgan bo‘lganlar. Shuning uchun ham qo‘rqib, qalblari iztirobga tushgan, badanlari titragan holda Xadija roziyallohu anhoning oldiga kelganlar. Agar bu ish uyqularida sodir bo‘lganida, uyg‘onganlaridan keyin qo‘rqinchlari ketgan bo‘lardi. Balki ish Qur’oni Karim Najm surasida aytganidek bo‘lgan:

مَا كَذَبَ ٱلۡفُؤَادُ مَا رَأَىٰٓ١١ أَفَتُمَٰرُونَهُۥ عَلَىٰ مَا يَرَىٰ١٢

«Qalb (ko‘z) ko‘rganini yolg‘onga chiqarmadi. U bilan o‘zi ko‘rgan narsa ustida tortishasizlarmi?!» (11-12-oyatlar).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aytgan so‘zlari, qilgan tasarruflari hozirgacha eng to‘g‘ri so‘z, eng odil yechim bo‘lib kelayotir. U kishining insoniyat uchun qilgan xizmatlari, keltirgan manfaatlari bashariyat tarixida biror insondan sodir bo‘lmaganiga tarixning o‘zi guvoh. Buni nafaqat musulmonlar, balki kofirlar ham baralla aytishmoqda. Bu narsa hatto isbot talab qilmas haqiqatga aylanib bo‘ldi.

Ana shunday zotga qadimgi mushriklar turli alg‘ov-dalg‘ov gaplarni aytadigan «jinni» deya tuhmat qilishgan bo‘lsa, bugungi Qur’on dushmanlari bu gapni «ilmiy» asosda tarjima qilib, «Muhammad isteriya xastaligiga mubtalo bo‘lgan, kasali tutgan paytdagi har xil gaplarni odamlarga Qur’on deb aytgan», deya bong urishmoqda. Yuqorida keltirilgan misollarda aytilgan gaplarni isteriya xastali­giga uchragan odam gapira olmasligini mazkur xastalikdan ko‘ra og‘irroq dardga uchraganlar ham aytmasa kerak...

  1. «Quronni Muhammad alayhissalomning o‘zi to‘qib olgan», degan da’vo.

Mushriklar Muhammad alayhissalomni yolg‘onchilikda ayblar, «Qur’onni o‘zi to‘qib olgan, «Allohdan tushyapti», degani yolg‘on», deyishgan. «Uydirmachining bo‘htonlari» yoki «yolg‘onchining terib olgan gaplari» kabi bunday da’volarni arablarning o‘zlari Muhammad alayhissalom haqlarida bergan guvohliklari rad qiladi. Chunki ular u zotni sodiqlik va omonatdorlik sifatlari bilan sifatlashar edi. Uydirmachi va yolg‘onchilarning asl basharalari tez kunda ochilib qoladi.

Xo‘sh, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qaysi narsada yolg‘on gapirdilar? G‘ayb ma’lumotlaridami, o‘tgan zamon xabarlaridami yoki kelasi zamon daraklaridami?

Chegaralangan arab madaniyati o‘sha davrda ushbu sohada kim yolg‘onchi-yu, kim rostgo‘y ekanini ajratib beradigan darajadagi hakamlik imkoniyatini bera olarmidi?!

Darhaqiqat, Qur’oni Karim borliq va undagi mavjudotlarning dastlabki yaratilishi, ularning muqarrar borish joyining vasfini qilgan. Oxiratning ne’matlari va uning alamli azoblarining tafsilotini aytgai. Jahannam eshiklarining adadini va har bir eshik oldida vakil qilingan farishtalarning adadini sanagan. Shularning barchasini Kitob berilgan ilm ahllarining ko‘z o‘ngida arablar oldiga ko‘ndalang qo‘ygan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamda ushbu keng g‘aybiy ma’rifat qayerdan paydo bo‘lib qoldi?! Vaholanki, u zot butparast, savodsiz qavmlar orasida yashar edilar. Yoki bu ma’rifat ushbu qavmga osmondagi yulduzlardan tushdimi yoxud She’royu Mirrix yulduzlaridan keldimi?! U zot sollallohu alayhi vasallam payg‘ambarliqdan oldin ular orasida qirq yil yashamadilarmi?! Qirq yoshga yetganda endi adashib, ig‘voga tushdilarmi?! Ularning o‘zlari u zot­ni «Rostgo‘y», «Ishonchli» deb nomlamaganmidilar?!

Alloh taoloning o‘sha rostgo‘y va ishonchli zotga ularni jim qilib qo‘yadigan ilmni berishi ajablanadigan narsami?!

Alloh taolo Yunus surasida marhamat qiladi:

قُل لَّوۡ شَآءَ ٱللَّهُ مَا تَلَوۡتُهُۥ عَلَيۡكُمۡ وَلَآ أَدۡرَىٰكُم بِهِۦۖ فَقَدۡ لَبِثۡتُ فِيكُمۡ عُمُرٗا مِّن قَبۡلِهِۦٓۚ أَفَلَا تَعۡقِلُونَ١٦

«Sen: «Agar Alloh xohlaganida, uni sizlarga tilovat qilmas edim va U uni sizlarga o‘rgatmas edi. Batahqiq, men orangizda undan oldin ham umr kechirdim. Aql yuritib ko‘rmaysizlarmi?» deb ayt» (16-oyat).

Darhaqiqat, Muhammad sollallohu alayhi vasallam vahiy kelgunicha ham qirq yil davomida ularning ichida yashagan edilar. Yaxshi sifatlari bilan ularning orasida mashhur bo‘lgan edilar. Xususan, o‘ta rostgo‘y bo‘lganlaridan Amin degan laqabni olgan edilar. Arablar u zotning ismlariga qo‘shimcha qilib, «Muhammad al-Amin» - «Ishonchli Muhammad», deb qo‘yishar edi. Ana shunday sifatlarga ega bo‘lgan odam qirq yoshga kirganida birdan yolg‘on gapirib qolishi, xususan, Allohning nomidan yolg‘on gapirishi hech bir aqlga sig‘adimi?! O‘zini bilgan har bir odam, hatto dushman, kofir bo‘lsa ham, bu haqiqatni darhol anglab yetardi. Rum imperatori Hiraql bilan Abu Sufyon va uning sheriklari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mashhur suhbatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sifatlari ham tilga olingan edi.

O‘shanda Hiraql Abu Sufyondan: «Gaplarini aytishidan oldin uni yolg‘onda ayblar edingizmi?» deb so‘radi. O‘sha paytda kufrning boshi, mushriklarning rahnamosi bo‘lgan Abu Sufyon: «Yo‘q», deb javob berdi. Shunda Hiraql: «Aniq bilamanki, odamlar sha’niga yolg‘on gapirmabdimi, Alloh sha’nida yolg‘on to‘qishi mumkin emas», dedi.

Ha, Muhammad sollallohu alayhi vasallam qirq yoshga yetgunlaricha Qur’on va Islom haqida bir og‘iz ham gapirmagan edilar. Chunki u kishi bunday ishlar bo‘lib ketishini o‘ylamagan ham edilar. Qirq yoshga kirganlarida, Allohdan vahiy keldi va u kishi amri ilohiyga itoat etib, o‘sha vahiyni odamlarga yetkaza boshladilar. U zot Alloh haqida yolg‘on gapirishlari mumkin emas edi. Agar shunday qiladigan bo‘lsalar, Alloh u zotni o‘z hollariga tashlab qo‘ymasdi, balki jazolar edi. Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning g‘aybiy ilmlarga oid aytgan so‘zlarini avvalgi ilohiy kitoblardan xabardor insofli shaxslar ham tan olishar edi.

Endi Qur’onda kelgan tarixiy ma’lumotlar, kelajakka oid xabarlar haqida bir o‘ylab ko‘raylik. Qur’oni Karim o‘tgan zamon xabarlaridan qay birini keltirgan bo‘lsa, eng ibratlisini, o‘tgan ummatlar qissalaridan eng go‘zallarini haqiqat asosida keltirdi va oldingi kitoblardagi xatolarni to‘g‘riladi. Ulardagi anbiyolarning ma’sumligiga futur yetkazadigan yanglish tushunchalarni isloh qildi. Ba’zi ta­rixiy adashishlarni rad etdi. U tarixiy qissalarni bayon qilar ekan, tinglovchi o‘sha voqealarning shohidi va kuzatuv-chisi sifatida o‘zini go‘yo o‘sha voqe’likning egalari orasida, ularning asrida yashagandek his etadigan qilib tasvirladi.

Masalan, Nuh alayhissalom va u kishining qavmlari allaqachon o‘tib ketgan. Ularning xabarini Muhammad alayhissalom ham, u kishining qavmlari – Arabiston aholisi ham bilmas edilar. Ana shu odamlarga ular uchun noma’lum bo‘lgan ilm – Nuh alayhissalom va qavmlarining xabari vahiy yo‘li bilan keldi.

Alloh taolo Hud surasida O‘z Nabiysiga Nuh qissasini aytib berib, so‘ngra quyidagilarni aytadi:

«Bular g‘ayb xabarlaridan bo‘lib, ularni senga va­xni qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni sen ham bil­mas eding va sening qavming ham. Bas, sabr qil, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir» (49-oyat).

Alloh taolo Qosos surasida Muso alayhissalomning Madyan va Misrda o‘tkazgan kunlari, u yerdagi hodisalarning uzun tafsilotlarini keltirar ekan, so‘ngida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga shunday deydi:

وَمَا كُنتَ بِجَانِبِ ٱلۡغَرۡبِيِّ إِذۡ قَضَيۡنَآ إِلَىٰ مُوسَى ٱلۡأَمۡرَ وَمَا كُنتَ مِنَ ٱلشَّٰهِدِينَ٤٤

«Biz Musoga ishni hukm qilgan paytimizda, sen g‘arbiy tomonda emas eding va guvohlardan ham bo‘lmagansan» (44-oyat).

Ya’ni «Biz Musoga payg‘ambarlikni, Tavrot va uning hukmini bergan paytimizda, sen Tur tog‘ining g‘arbiy tomonida emasding. Bu ishga guvoh ham bo‘lmagansan».

Qur’on nozil bo‘lguniga qadar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muso alayhissalom va qavmlari haqida hech narsa bilmaganlaridan, bu to‘g‘rida bir og‘iz ham so‘z gapir­magan edilar. Aks holda dushmanlar darhol yuzlariga solar edi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Qur’onda Muso alayhissalomning qissasi batafsil kelishi, hatto yahudiy va nasroniylarning bu boradagi xatolarini to‘grilashi Qur’onning haqiqiy ilohiy Kitob ekaniga yorqin dalildir.

وَلَٰكِنَّآ أَنشَأۡنَا قُرُونٗا فَتَطَاوَلَ عَلَيۡهِمُ ٱلۡعُمُرُۚ وَمَا كُنتَ ثَاوِيٗا فِيٓ أَهۡلِ مَدۡيَنَ تَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِنَا وَلَٰكِنَّا كُنَّا مُرۡسِلِينَ٤٥

«Lekin Biz bir necha avlodlarni paydo qildik, bas, ularning umri cho‘zildi. Sen Madyanda turib, ularga oyatlarimizni tilovat qilib berganing yo‘q. Ammo Biz Rasul yuboruvchi bo‘ldik» (45-oyat).

Muso alayhissalomning davrlaridan keyin bir necha asrlar, qanchadan-qancha avlodlar o‘tib ketdi. Bu orada Muso alayhissalomning qissalari unutildi yoki buzildi. Sen hozir Makkada turib, Madyan xabarlarini qavmingga tilovat qilib bermoqdasan. Biroq qavming bunga ishonmayapti. Madyan qayoqda-yu, Makka qayoqda. Sen tilovat qilayotgan Madyandagi hodisalar qachon o‘tgan-u, hozir qaysi zamon. U yerdagi va u vaqtdagi ishlar unutilib ketgan, hech kim bilmaydi.

«Ammo Biz Rasul yuboruvchi bo‘ldik».

Ana o‘sha yuborgan Paygambarimiz sensan. Senga mazkur xabarlarni Qur’on oyatlari orqali yetkazdik. Faqat sen Payg‘ambar bo‘lganing uchun bu ishlardan eng to‘g‘ri xabar­larni odamlarga yetkazmoqdasan. Shuning o‘zi ham sening haq Payg‘ambar ekaningga dalildir.

Alloh taolo Oli Imron surasida sayyida Maryamning Iyso alayhissalomni dunyoga keltirishlari, uni kafillikka olishga qur’a tashlashgani, Zakariyo alayhissalomning Maryamni uz kafilliklariga olganlarini bayon qilib bo‘lganidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarata shunday deydi:

ذَٰلِكَ مِنۡ أَنۢبَآءِ ٱلۡغَيۡبِ نُوحِيهِ إِلَيۡكَۚ وَمَا كُنتَ لَدَيۡهِمۡ إِذۡ يُلۡقُونَ أَقۡلَٰمَهُمۡ أَيُّهُمۡ يَكۡفُلُ مَرۡيَمَ وَمَا كُنتَ لَدَيۡهِمۡ إِذۡ يَخۡتَصِمُونَ٤٤

«Bu g‘ayb xabarlaridan bo‘lib, uni senga vahiy qilmoqdamiz. Maryamni qay birlari kafillikka olishga qalamlarini tashlashayotganlarida oldilarida emasding va tortishayottanlarida ham oldilarida emasding» (44-oyat).

Shuningdek, Alloh taolo Yusuf surasida Yusuf alayhissalom va aka-ukalarining hayotiy qissalarini uzoq zikr qilib, so‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarata shunday deydi:

ذَٰلِكَ مِنۡ أَنۢبَآءِ ٱلۡغَيۡبِ نُوحِيهِ إِلَيۡكَۖ وَمَا كُنتَ لَدَيۡهِمۡ إِذۡ أَجۡمَعُوٓاْ أَمۡرَهُمۡ وَهُمۡ يَمۡكُرُونَ١٠٢

«Bu g‘ayb xabarlardan bo‘lib, uni senga vahiy qilmoqdamiz. Ular makr qilib, ishlari haqida kelishayotganlarida, oldilarida bo‘lmagan eding» (102-oyat).

Ular hasad qilib, Yusufni yo‘qotish uchun makr-hiyla ishlatib, maslahatlashayotganlarida ularning oldilarida bo‘lsang ekanki, bu gaplardan xabardor bo‘lsang. Odamlar ibrat olib, o‘zlarini o‘nglasinlar, to‘g‘ri yo‘lga tushsinlar, degan maqsadda Biz senga bu qissani vahiy qilmoqdamiz.

Yuqorida kelgan misollar Qur’oni Karimning o‘tmish voqealari, tarixiy hodisalar xususida keltirgan ma’lumotlariga misollar edi. Ularning tarixiy voqe’likka to‘gri kelishi, Qur’oni Karimning tarixiy xabarlari o‘sha davrda qadimgi ilmlarga sohib bo‘lganlar tomonidan ham, hozirda zamonaviy ilm egalari tarafidan ham qayta-qayta o‘z isbotini tonishi bu ma’lumotlarning rostligi, uni yetkazgan zot rostgo‘y ekani, bu xabarlarni u zotga Olamlarning Robbi nozil qilganining eng yorqin dalilidir.

Endi kelajak haqida bergan xabarlari va ularning natijalari haqida ham bir-ikki misol keltirsak.

Qur’oni Karim kelajak xabarlaridan bir nechtasining pardasini ochdi. Ular mushriklar hayotida ro‘yobga chiqib, ularni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.

Rumning Fors davlatidan uchragan mag‘lubiyatidan so‘ng, Alloh taolo aytganidek, sanoqli yillar ichida qaytadan g‘alaba qozonishi sodir bo‘ldi.

Alloh taolo Rum surasida marhamat qiladi:

الٓمٓ١ غُلِبَتِ ٱلرُّومُ٢ فِيٓ أَدۡنَى ٱلۡأَرۡضِ وَهُم مِّنۢ بَعۡدِ غَلَبِهِمۡ سَيَغۡلِبُونَ٣ فِي بِضۡعِ سِنِينَۗ لِلَّهِ ٱلۡأَمۡرُ مِن قَبۡلُ وَمِنۢ بَعۡدُۚ وَيَوۡمَئِذٖ يَفۡرَحُ ٱلۡمُؤۡمِنُونَ٤ بِنَصۡرِ ٱللَّهِۚ يَنصُرُ مَن يَشَآءُۖ وَهُوَ ٱلۡعَزِيزُ ٱلرَّحِيمُ٥

«Alif laam miim. Rum mag‘lub bo‘ldi. Yaqin yerda. Va ular mag‘lubiyatlaridan keyin tezda g‘olib bo‘lajaklar. Sanoqli yillarda. Undan oldin ham, keyin ham barcha ish Allohdandir. O‘sha kunda mo‘minlar shodlanurlar... Allohning nusratidan. U xohlaganiga nusrat berur. Va U o‘ta izzatlidir, o‘ta rahmlidir» (1-5-oyatlar).

Rum Forsdan yengildi. Bu hodisa arablarga yaqin yerda bo‘ldi. Rum va Fors yerlari Arabiston yarim oroliga bevosita chegaradoshdir. Rumliklar bu mag‘lubiyatlaridan keyin tezda, sanoqli yillar ichida qaytadan g‘olib bo‘lajaklar. Rumliklar g‘olib bo‘ladigan kunda mo‘minlar Allohning nusratidan shodlanadilar. Alloh xohlaganiga nusrat beradi. Va U Zot o‘ta izzatli (barchadan g‘olib) va o‘ta rahmlidir.

Fors va Rum davlatlari orasidagi qirg‘inbarot urush natijalaridan keyin bunday gaplarni Alloh taolo aytmasa, odam bolasi jur’at qilib ayta olmas edi. Har qanday odamning xayoliga, shunchalar qaqshatqich zarbaga uchragan, tilka-pora bo‘lib ketgan Rum davlati qanday qilib bir necha yil ichida qudratli Fors davlatini yenga oladi, degan fikr kelishi turgan ran edi. Shunday bo‘ldi ham. Mushriklar Qur’oniy xabarni masxara qilib, kula boshlashdi. Ular manzarani o‘z qarichlari bilan o‘lchashar, Alloh taoloning o‘lchovi esa boshqa ekani xayollariga kelmas edi.

Ushbu hodisa haqida bir qancha rivoyatlar kelgan. Shulardan biri ulug‘ mufassir va tarixchi imom Ibn Jarir Tabariyning Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan qilgan rivoyatidir:

«Mushriklar forsliklarning rumliklardan ustun bo‘lishini orzu qilishar edi. Musulmonlar esa rumliklarning forslardan ustun bo‘lishini orzu qilishardi. Chunki ular ahli kitob edilar. Ularning dinlari o‘zaro yaqin edi.

«Alif laam miim. Rum mag‘lub bo‘ldi. Yaqin yerda. Va ular mag‘lubiyatlaridan keyin tezda g‘olib bo‘lajaklar. Sanoqli yillarda» oyatlari nozil bo‘lganida, mushriklar:

«Ey Abu Bakr! Sening og‘ayning «Rum sanoqli yillarda Forsdan ustun bo‘ladi», demoqda-ya?!» deyishdi. Abu Bakr:

«To‘g‘ri aytadi», dedilar. Ular:

«Biz bilan garov o‘ynaysanmi?» deyishdi. Yetty yil muddatga to‘rttadan tuyaga garov o‘ynashdi. Yetti yil o‘tdi. Hech narsa bo‘lmadi. Bundan mushriklar shodlanishdi. Musulmonlar mahzun bo‘lishdi. Abu Bakr bo‘lib o‘tgan gapni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga zikr qildi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:

«Sizningcha, «biz’u» (sanoqli yillar) qancha?» deb so‘radilar. Abu Bakr:

«O‘ndan oz», deb javob qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Bor, garovning ustiga yana qo‘shimcha qil va muddatni ikki yilga oshir», dedilar. Ikki yil o‘tmay turib, otliqlar kelib, Rumning Fors ustidan g‘olib kelganining xabarini berishdi. Mo‘minlar bundan shodlandilar».

Oyati karimada Rumning «biz’u», ya’ni «sanoqli yillar»da g‘olib kelishi aytilgan edi. Bu o‘n yildan oz muddatda, deganidir. Shuning uchun ham mushriklar yetti yil o‘tsa ham biror ran bo‘lmaganidan xursand bo‘lishdi. Ammo Payg‘ambar alayhissalom oyati karimada aytilgan narsa bo‘lishiga to‘la ishonchda edilar. Shuning uchun ham u zot hazrati Abu Bakrga garov qiymatini oshiripshi irshod qildilar. Allohning aytgani sodir bo‘ldi.

Alloh Aziz, hammaning ustidan G‘olib va barchaga mehribondir. Ma’lumki, Alloh taolo vaqti-soati kelib, rumliklarni forsdan, musulmonlarni mushriklardan ustun qildi. Bu oyatlar nozil bo‘lgan paytda hech bir odam bolasi rumliklarning forsdan, musulmonlarning mushriklardan g‘olib kelishini tasavvuriga sig‘dira olgan emas. Lekin oradan oyatda aytilgan sanoqli yillar – to‘qqiz yil o‘tib, rumliklar forsliklar ustidan g‘olib keldi.

Mushriklar Makkada nozil bo‘lgan Qamar surasida kelgan oyatning tasdig‘i o‘laroq, hijratning ikkinchi yili Katta Badrda mag‘lubiyatga uchradilar. Vaholanki, bu ikki jamoaning o‘zaro to‘qnashuvi sodir bo‘lishini Makkada bo‘lgan vaqtlarida na mushriklar, va na musulmonlar aslo tasavvur qilmagan edilar.

Alloh taolo Qamar surasida dedi:

سَيُهۡزَمُ ٱلۡجَمۡعُ وَيُوَلُّونَ ٱلدُّبُرَ٤٥

«U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar» (45-oyat).

Ibn Abu Hotim qilgan rivoyatda Ikrima aytadilarki, «U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar» oyati nozil bo‘lganda, hazrati Umar: «Qaysi jamoat yengiladi?! Qaysi jamoat g‘olib bo‘ladi?!» degan edi. Keyinroq hazrati Umar: «Badr urushi kuni Payg‘ambar alayhissalom-ning sovutga dam urib, «U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar» oyatini o‘qiyotganlarini ko‘rganimda, ushbu oyatning ma’nosini tushundim», degan».

Imom Buxoriyning rivoyatlarida Abdulloh ibn Abbos bunday deydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Badr kuni chodir ichida turib: «Allohim! Sendan O‘zing bergan axding va va’dangni so‘rayman! Allohim! Istasang, bugundan keyin Senga ibodat qilinmaydi!» dedilar. Shunda Abu Bakr Siddiq u zotning ko‘llaridan tutib: «Yetar, ey Allohning Rasuli, Robbingizga ko‘p yolvordingiz», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovutlarining ichida sakrar ekanlar, «U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar» oyatini o‘qib chiqdilar».

Badr urushida son va qurol jihatidan katta ustunlikka ega bo‘lgan kofirlar sharmandalarcha yengildilar. Ularda to‘qqiz yuz ellik nafar jangchi, yetti yuzta tuya, yuzta ot, yetarlicha qurol va boshka zarur ashyolar bor edi. Musulmonlar uch yuz o‘n uch kishidan iborat edilar, xolos. Allohning madadi bilan musulmonlar g‘olib kelishdi. Mushriklardan yetmish kishi o‘ldi, yetmish kishi asirga tushdi. Musulmonlardan esa o‘n to‘rt kishi shahid bo‘ldi. Allohning va’dasi yuzaga chiqdi.

Ushbu oyati karima ulkan mo‘jiza hisoblanadi. U Makkada nozil bo‘lgan paytda musulmonlar oz sonli va kuchsiz edilar. Hech kim ularning mushriklar ustidan g‘alaba qozonishlariga ishonmas edi. Lekin ko‘p vaqt o‘tmay, bu oyat hayotda – Madinai Munavvarada, Badr urushida o‘z ifodasini topdi.

Alloh taolo Hudaybiya yilida mo‘minlarga Masjidul-Haromga kirishlari to‘grisidagi bergan va’dasiga – xavfdan keyin omonlik va’dasiga xilof kilmadi. Sochlarini olib va qisqartirib, ibodatlarining qazosini bajarishlariga bergan va’dasiga ham xilof qilmadi.

Voqea bunday bo‘lgan edi: bir kuni sahobai kiromlar to‘planib o‘tirgan edilar, huzurlariga Rasululloh alayhissolatu vassalom keldilar va ularga tushlarida hammalari sochlarini oldirgan holda, eminlikda, qo‘rqinchsiz Masjidul Haromga kirib borayotganlarini ko‘rganlarini aytdilar. Hamma bu bashoratdan xursand bo‘ldi.

Hijratning oltinchi yili Zulqa’da oyining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umrani niyat qilib, safarga chiqdilar. U zot bilan birga muhojir va ansoriy musulmonlar, madinalik arablar – hammasi bo‘lib, bir ming to‘rt yuz kishi umraga chiqdi. Ammo mushriklar ularning yo‘llarini to‘sishdi. Oxiri Hudaybiyada ikki taraf sulh tuzib, musulmonlar ortga qaytishdi. Qaytayotganlarida, Makkai Mukarrama bilan Madinai Munavvara orasidagi yo‘lda kechasi Fath surasi nozil bo‘ldi. Unda Alloh taolo jumladan, shunday degan edi:

لَّقَدۡ صَدَقَ ٱللَّهُ رَسُولَهُ ٱلرُّءۡيَا بِٱلۡحَقِّۖ لَتَدۡخُلُنَّ ٱلۡمَسۡجِدَ ٱلۡحَرَامَ إِن شَآءَ ٱللَّهُ ءَامِنِينَ مُحَلِّقِينَ رُءُوسَكُمۡ وَمُقَصِّرِينَ لَا تَخَافُونَۖ فَعَلِمَ مَا لَمۡ تَعۡلَمُواْ فَجَعَلَ مِن دُونِ ذَٰلِكَ فَتۡحٗا قَرِيبًا٢٧

«Batahqiq, Alloh Rasulining tushini haq ila tasdiqladi. Albatta, Masjidul Haromga, inshaallox, omonlikda, sochlaringiz olingan, qisqartirilgan holda, qo‘rqmasdan kirasizlar. Bas, U siz bilmagan narsani biladi va (sizga) bundan boshqa yaqin fathni qildi» (27-oyat).

Bu oyatda Alloh taolo mo‘minlarga bir nechta xushxabarni yetkazmoqda. Avvalo, Payg‘ambar alayhissalomning tushlarini tasdiqlamoqda. Qolaversa, Masjidul Haromga kirish albatta nasib etishining xabarini bermoqda. Ushbu xabarini Allohning Uzi ta’kidlab berayotganiga qaramay, yana O‘zi «inshaalloh» - «Alloh xohlasa» degan iborani ishlatmoqda. Bunday deyish iymon odoblaridan bo‘lib, dunyodagi har bir ishni va voqeani Alloh taoloning xohishiga boglashdan iboratdir. Hudaybiya sulhidan keyin ko‘p o‘tmay, bu va’da amalga oshdi. Rasululloh alayhissalomning tushlari tasdiqlanib, Makkai Mukarrama fath bo‘ldi. U yerdagi barcha aholi Islomga kirdi. Islom Arabiston yarim orolining boshqa taraflariga ham tarqaldi.

Bundan ham ajablanarlisi, Alloh taolo Nabiysining shaxsini va obro‘sini insonlardan saqlashni O‘z zimmasiga olishidir. Vaholanki, o‘sha davrda u zotni qatl qilishga rag‘batlilar atroflarida to‘lib-toshar edi. Shunday tahlikali bir paytda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni odamlardan O‘zi saqlashini baralla e’lon qildi.

Alloh taolo Moida surasida marhamat qiladi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلرَّسُولُ بَلِّغۡ مَآ أُنزِلَ إِلَيۡكَ مِن رَّبِّكَۖ وَإِن لَّمۡ تَفۡعَلۡ فَمَا بَلَّغۡتَ رِسَالَتَهُۥۚ وَٱللَّهُ يَعۡصِمُكَ مِنَ ٱلنَّاسِۗ إِنَّ ٱللَّهَ لَا يَهۡدِي ٱلۡقَوۡمَ ٱلۡكَٰفِرِينَ٦٧

«Ey Rasul! Senga Robbingdan nozil qilingan narsani yetkaz. Agar (shunday) qilmasang, Uning risolatini yetkazmagan bo‘lasan. Alloh seni odamlardan saqlar. Albatta, Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas» (67-oyat).

Bu oyati karimada Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, har qanday sharoitda, odamlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan munosbatlariga qaramay, da’vat qilaverish lozimligini buyurmoqda. Zotan, payg‘ambarlik vazifasi o‘zi shundan iborat. «Agar Robbingdan nozil qilingan narsani yetkazmasang, Allohning payg‘ambarligi vazifasini ado etmagan bo‘lasan. Ammo yetkazish oson ish emas. Islom da’va-ti yo‘lida to‘siqlar ko‘p bo‘ladi. Musulmon da’vatchining dushmanlari ko‘p bo‘ladi. Unga qarshi tur li ig‘vo-bo‘htonlar uyushtiriladi, malomatlar toshlari otiladi, obro‘siga, moliga va joniga suiqasd qilinadi. Ammo bu narsalardan qo‘rqma. Chunki seni odamlarning yomonliklaridan Allohning O‘zi asraydi».

Rivoyatlarda kelishicha, ushbu oyati karima nozil bo‘lishidan oldin Nabiy sollallohu alayhi vasallamning turar joylarini sahobalardan ba’zilari qo‘riqlab turishar ekan. Ushbu oyati karima nozil bo‘lganidan so‘ng, u zot alayhissalom muborak boshlarini chodirdan chiqarib, eshik oldida qo‘riqchilik qilayotgan sahobalar guruhiga: «Ey odamlar, ketaveringlar, Alloh meni O‘z himoyasiga oldi», degan ekanlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhud kuni dushmanga eng yaqin masofada turdilar. O‘shanda o‘lim u zotga kavushlarining bog‘ichidan ham yaqinroq edi, hatto Aliy karramallohu vajhahu: «Agar urush qizib ketsa, biz Rasulullohning himoyalariga o‘tib olardik, natijada biror kishi dushmanga u zotdan yaqinroq bo‘lmay qolar edi», deganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hunayn g‘azotida xachirlarini dushman tomonga haydab bordilar. Mushriklar yuzlanib, u zotni o‘rab olishganda, qochmadilar, balki xachirlaridan tushib, go‘yo o‘zlarini ularning o‘qlariga tutgan holda:

«Men haq Nabiydirman, emasdir yolg‘on!

Abdulmuttalibga erurman o‘g‘lon!» dedilar.

Zoturriqo’da Payg‘ambar alayhissalom daraxt ostiga tushdilar va qilichlarini unga osdilaru, yonboshlab, uxlab qoldilar. Yonlarida hech kim qolmagan edi. Shunda mushriklardan bir kishi kelib, qilichni oldi-da, u zot­ga o‘qtalib: «Mendan qo‘rqasanmi?» dedi. «Yo‘q», dedilar. «Mendan seni nima to‘sa oladi?» dedi. «Alloh», dedi­lar. U: «Mendan seni nima to‘sa oladi?» dedi. «Alloh», dedilar. Uchinchi marta ham so‘ragan edi, «Alloh», dedi­lar. Haligi odamning qo‘lidan qilich tushib ketdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilichni olib: «Endi seni mendan kim to‘sa oladi?» dedilar. U kishi o‘tirib qoldi. So‘ngra Islomini e’lon qildi. G‘ayb xabarlarini bu qadar keskin tarzda aytish uchun yo behuda taxminlar yoki o‘ta ishonchli vahiy bo‘lishi lozim. Biror kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda taxminchining xayolotlarini, uydirmachilik alomatlarini ko‘rmagan. U zotning rostgo‘y, sog‘lom va barkamol inson bo‘lganlarini do‘st ham, dushman ham bilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kelajak haqida Allohdan deb aytgan xabarlari voqe’likda sodir bo‘lganining o‘zi u kishining haq payg‘ambar ekanlari, rostgo‘y va ishonchli zot bo‘lganlarining isbotidir. U zotni yolg‘onchi deyish iymon keltirishdan qochish uchun o‘ylab topilgan bo‘htondan boshqa narsa emas.

  1. «Muxammad Qur’onni odamlardan o‘rgangan», de­gan da’vo.

Arab mushriklaridan bir guruhi Qur’onni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga insonlardan biri o‘rgatishini faraz qilishdi. Vahiyning manbasini Muhammad alayhissalom shaxslarining atrofidan izlay boshlashdi. O‘z qabilalarining odamlari savodsiz bo‘lgani uchun, unga ulardan biri ta’lim bergan, degan da’voni qilishga jur’atlari yetmadi. Voqe’likdan ma’lumki, johil inson odamlarga bi­ror narsani o‘rgata olmaydi. Ular buni yaxshi bilishardi.

Ular to‘satdan xayollaridagi o‘sha «muallim»ni topganday bo‘lishdi. Bu ulkan muallim kim bo‘ldi ekan? Ushbu muhim ilm manbai kim ekan? Bu – rumlik gulom, ajam, nasroniy odam. Makkada temirchilik qilib, kilich yasaydigan shaxs. O‘z shevasiga ko‘ra o‘qish va yozishdan xabardor kishi. «Kitob»dan faqat xomxayollarnigina biladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ba’zan uning hunarini tomo­sha qilgani kelar edilar. Bu hol savodsiz arablarning «Bu uning muallimi» deyishlari uchun qulay fursat bo‘ldi.

Qur’oni Karim ularning mazkur puch xayollariga o‘rinli, ta’sirli va qanoatli raddiyani berdi. Alloh taolo Nahl surasida shunday deydi:

وَلَقَدۡ نَعۡلَمُ أَنَّهُمۡ يَقُولُونَ إِنَّمَا يُعَلِّمُهُۥ بَشَرٞۗ لِّسَانُ ٱلَّذِي يُلۡحِدُونَ إِلَيۡهِ أَعۡجَمِيّٞ وَهَٰذَا لِسَانٌ عَرَبِيّٞ مُّبِينٌ١٠٣

 

«Batahqiq, bilamizki, albatta, ular: «Unga birorta bashar ta’lim bermoqda, xolos», derlar. Ular ishora qilayotganning tili ajamiydir. Bu esa ochiq-oydin arab tilidadir» (103-oyat).

Muhammad ibn Is'hoqning Nabiy alayhissalom haqlaridagi siyrat kitobida shunday rivoyat qilinadi: «Rasululloh alayhissalom Marva tepaligidagi Subayda degan joyda Jabr ismli bir nasroniy g‘ulom bilan o‘tirar edilar. Shundan so‘ng Alloh «Batahqiq, bilamizki, albatta, ular: «Unga birorta bashar ta’lim bermoqtsa, xolos», derlar. Ular ishora qilayotganning tili ajamiydir. Bu esa ochiq-oydin arab tilidadir» oyatini nozil qildi».

Shunga o‘xshash boshqa bir necha rivoyatlar ham bor. Umumiy ma’no shuki, mushriklar Qur’onning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Allohdan kelayotganini tan olmasdan, «Uni Muhammadning o‘zi to‘qib chiqarmoqda», degan tuhmatni qilib ko‘rdilar. Ammo o‘ylab ko‘rishsa, umrida ta’lim ko‘rmagan, o‘qish-yozishni bilmagan odam Qur’onga o‘xshash narsani to‘qib chiqarishi mumkin emasligini tushunishlari qiyin emas edi. Shuning uchun ham «Unga Qur’onni birorta odam o‘rgatmoqda», «Falonchi o‘rgatmoqda», degan boshqa uydirma – yolg‘onni to‘qidilar.

Kofirlik, mushriklik odamlarni ana shunday johil qilib qo‘yadi. Avval boshda Muhammad sollallohu alayhi vasallamni uydirmachiliqda ayblayotganlar birpas turib, o‘zlari uydirmachilik bilan tuhmat etishga o‘tib oldilar. Ularning johilliklari shu darajaga yetdiki, qanday qilib bo‘lsa ham, Qur’onning ilohiy Kitob ekanini inkor etish maqsadida to‘qiyotgan uydirmalari g‘oyatda mantiqsiz va o‘zlariga qarshi dalil bo‘layotganini ham unutib qo‘yishdi. Ha, ozgina o‘ylagan odam Qur’onni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib olishlari mumkin emasligini tushunadi. Buni turli zamon kofirlari ham anglab yetadi. Ammo kufr jaholati sababli «Qur’onni Muhammad o‘zi to‘qishi mumkin emas, uni Alloh nozil qilgan», deya olmaydi. Buning o‘rniga, boshqa ahmoqona uydirmalarni aytadi.

Qadimgi Quraysh kofirlari: «Muhammadga Qur’onni Jabr, Balzot yoki Ya’iysh o‘rgatdi», deb ajam qullarning ismlarini aytganlar. Ulardan bir ming to‘rt yuz yil keyingi kofirlar: «Muhammad katta olimlarni to‘plab, Qur’onni yozdirdi, so‘ngra ularning hammasini o‘ldirib yuborib, Kitobni bedapoyaga tashlab qo‘ydi-da, odamlarni chaqirib kelib, «Mana, menga osmondan Kitob tushdi», deb da’vo qildi», deyishdi. Uyalmay-netmay, ushbu uydirmani dars qilib o‘tishdi. Ularning bu uydirmalari o‘zlarining aqlsizliklariga dalolat ekanini tushunib yetishmas edi.

 

Davomi bor...

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Umr – bebaho va topilmas ne’matdir! (+video)

10.03.2025   6848   1 min.

Bir hadis sharhi
 

Imom Termiziy va imom Dorimiyning “Sunan”lariga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan qimirlamaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshlikda nima amal qilgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani (haqida va) olgan ilmiga qay darajada amal qilgani to‘g‘risida”, dedilar.