Joriy yilning 13 dekabr juma kuni O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxtidagi elchixonasi AQSH g‘arbiy sohilidagi eng katta masjid - Virjiniya shtati, Sterling shahridagi Dalles musulmon jamoatchilik markazi (ADAMS Center)da brifing o‘tkazdi. Bu haqda kun.uz nashri xabar beradi.
Ushbu tadbir juma namozi doirasida tashkil etildi. Unda 800 nafardan ortiq kishi ishtirok etgan.
Juma namozida mamlakatning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov chiqish qilib, Qo‘shma Shtatlar musulmonlari uchun O‘zbekistondagi ziyorat turizmining ulkan imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi. O‘zbekistonlik diplomat juma namozida mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, an’anaviy islomiy qadriyatlarni jamiyatda saqlash va targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatda diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etdi.
Masjid bosh imomi, ADAMS markazi rahbari Imom Majid namozxonlarga murojaat qilib, respublika rahbariyati tomonidan islom dini g‘oyalarini targ‘ib qilishga katta ahamiyat berilayotganini e’tirof etdi. «O‘zbekiston islomning asl mohiyatini saqlab qolib, uni o‘qitishning ilg‘or tajribalarini joriy etish, malakali mutaxassislar - islomshunos olimlar tayyorlash bo‘yicha kuchli o‘zbek maktabini yaratishga muvaffaq bo‘lgan mamlakat sifatida jahon hamjamiyati uchun namuna», - dedi u.
Imom Majidning ta’kidlashicha, «O‘zbekiston asrlar davomida bunyod etish muhiti hukmron bo‘lgan, yetakchi olimlar ishlagan, ilg‘or ilmiy ishlar ishlab chiqilgan islom sivilizatsiyasining marvarididir». U Imom al-Buxoriyning, Al-Xorazmiyning, Ibn Sinoning hissasini alohida qayd etib o‘tdi.
Amerikalik imomga ko‘ra, AQSH musulmonlar jamoatchiligi orasida milliy turistik brendni yanada ommalashtirish uchun mustahkam asos bo‘lgan bir qator omillar mavjud.
Birinchidan, O‘zbekiston qadimiy shaharlarning boy me’moriy merosiga ega.
Ikkinchidan, mamlakatda ko‘plab bebaho qo‘lyozmalar saqlanmoqda, shu jumladan Usmon Mus'hafi.
Uchinchidan, respublikada islomiy ta’limotning institutsional asoslari yaratildi.
To‘rtinchidan, hukumat ziyorat turizmini rivojlantirish mexanizmlarini faol joriy etmoqda.
Beshinchidan, «O‘zbekiston dunyoga keng ochilmoqda».
Juma namozidan so‘ng Imom Majid bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, amerikalik musulmonlar guruhlarini muntazam ravishda O‘zbekistonga yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Allohga “qarzi hasana” (Uning yo‘lida ehson) qiladigan kishi bormiki, (U) o‘sha (kishi)ga bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarsa! Uning uchun yana yaxshigina mukofot ham bordir» (Hadid surasi, 11-oyat).
Abu Musodan, u kishi otalaridan, u kishi esa bobolaridan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Har bir musulmonning zimmasida sadaqa bor”, deganlar.
Ramazon – yaxshilik qilish va ezgu amallarda musobaqalashish, saxovatpesha insonlar uchun esa imkoniyat oyidir. Allohning roziligi va savobini orzu qilganlar uchun bebaho fursatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Har bir kishi Qiyomat kuni o‘z sadaqasining soyasi ostida bo‘ladi. Toki odamlar orasida unga nisbatan hukm chiqarilguncha” (Ibn Hibbon va Hokim rivoyati).
Arab shoirlaridan biri bunday yozgan:
Maxfiy va oshkora tarzda sadaqa beruvchi bo‘l,
Qo‘ling bilan qilgan yaxshilik senga soya bo‘lib qaytsin.
Baxillik qilma, saxiy va ehson qiluvchi bo‘l,
Odamlar qiyinchilikka tushganida, ularga ko‘makchi bo‘l!.
Ushbu satrlarda yaxshilik va ehson yo‘lida musobaqalashish hamda muhtojlarga yordam berish, sadaqa qilish, ochlarni to‘yg‘azish, kambag‘allarga saxovat ko‘rsatish, xayrli loyihalarga homiylik qilish va ezgulikka hissa qo‘shish kabi ezgu amallarga targ‘ib qilinadi.
Taniqli ulamolardan biri shayx Ali Tantoviy o‘zining “Odamlar orasida” nomli kitobida bunday yozadi:
Agar siz ixtiyoriy ochlikni his qilsangiz, majburiy ravishda ochlik azobini tortayotganlarni eslang va Robbingiz bergan ne’matlar uchun shukr qiling.
Zero, shukr faqat tilda ming marta “Alhamdulillah” deyish emas, balki boy inson kambag‘allarga saxovat ko‘rsatishi, kuchli inson esa zaiflarga yordam berishi bilan namoyon bo‘ladi.
Ramazon oyida xayrli ishlarga shoshiling:
Yetim va muhtojlarga g‘amxo‘rlik qiling.
Ro‘zadorlar uchun iftorlik uyushtiring.
Masjidlar va xayriya loyihalariga hissa qo‘shing.
Qarzdan aziyat chekayotganlarning og‘irini yengillating.
Kasallar va muhtoj oilalarga yordam bering.
Bu ishlar Alloh bilan qilingan savdodir, uning zaxirasi Rahmon bankida hech qachon tugamaydi. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
“Sizlarning huzuringizdagi narsalar tugab ketur. Alloh dargohidagi narsalar esa boqiydir” (Nahl surasi, 96-oyat).
Ey baxtli insonlar! Muhtojlarga yaxshilik qiling, kambag‘allarga saxovat qiling, qiynalganlarning ko‘z yoshlarini artib, yer yuzidagi insonlarga rahm-shafqatli bo‘ling, shunda sizlarga Yaratgan parvardigor rahm qiladi.
Xususan, muborak Ramazon oyida saxovatli bo‘lishga intiling, chunki Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytganlar: “Eng afzal sadaqa – Ramazonda berilgan sadaqadir” (Termiziy rivoyati).
Allohdan so‘raymizki, bizga so‘zda rostgo‘ylik, amalda ixlos, yaxshilikka muhabbat, yomonlikdan uzoqlashish, ezgu niyatda bo‘lish va ibodatlarimizni qabul bo‘lishini muyassar aylasin. Albatta, U duolarni eshituvchi va ijobat qiluvchi Zotdir.
Doktor Solih bin Ali Abu A’rrodning
“Ramazon maktublari” kitobidan
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.