Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Dekabr, 2025   |    ,

Toshkent shahri
Tong
06:18
Quyosh
07:44
Peshin
12:25
Asr
15:15
Shom
17:00
Xufton
18:19
Bismillah
18 Dekabr, 2025, ,

Qiz farzand ko‘rgan bo‘lsangiz

18.12.2019   2653   1 min.
Qiz farzand ko‘rgan bo‘lsangiz

Ba’zan “Yana qiz tug‘dingmi? Buncha qiz tug‘averasan?” deb ayolini malomat qiladiganlarni eshitib qolamiz. Avvalo, homilaning o‘g‘il yoki qiz bo‘lishiga ayolingiz aybdor emas. Homilaning o‘g‘il yoki qiz bo‘lishini iroda qiluvchi Alloh taoloning O‘zidir! Bandasining qo‘lidan hech narsa kelmaydi.

Unutmang, ikkita qizingiz bor degani, do‘zaxdan ikkita parda bor deganidir. Yana qiz farzand ko‘rdingizmi, pardalar soni yana bittaga ko‘payibdi-da!

Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kimning uchta qizi bo‘lsa, ularni sabr bilan o‘stirsa, topganidan ularni kiyintirsa, ular uning uchun do‘zaxdan parda bo‘ladi, dedilar”.

Nima, “Qizni boqish, uzatish osonmas hozirgi paytda” deysizmi?

Nega unday deysiz? Razzoq bor! Razzoq degani qimirlagan jonzotning rizqini beruvchi degani! Robbimiz sizning ham, qizingizning ham rizqini beradi!

Olamlar Robbi Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan: 

وَلاَ تَقْتُلُواْ أَوْلاَدَكُم مِّنْ إمْلاَقٍ نَّحْنُ نَرْزُقُكُمْ وَإِيَّاهُمْ

Ochlikdan qo‘rqib, bolalaringizni o‘ldirmang. Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz  (An’om surasi, 151-oyat).

Qolaversa, do‘zaxni berkitadigan parda o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi-ku, do‘stim! Buning uchun do‘zaxdan uzoqlashtirib, jannatga yaqinlashtiradigan amallarni ko‘proq qilish, shu jumladan, qiz farzand ko‘rganda xursand bo‘lish, ularni odob-axloqli etib tarbiya qilish lozimdir.

Menimcha, endi qiz farzand ko‘rganingizda xafa bo‘lmasangiz, “Hamma farzandlarim qiz bo‘lsa ham roziman” deydigan kayfiyatga o‘tsangiz kerak!

Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni go‘zal qilsin!

 

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Abu Dabida oila qadriyatlariga bag‘ishlangan anjuman boshlandi

16.12.2025   10150   1 min.
Abu Dabida oila qadriyatlariga bag‘ishlangan anjuman boshlandi

15 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti tashabbusi bilan 2026 yil “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan oila qadriyatlarini mustahkamlashga bag‘ishlangan xalqaro anjuman boshlandi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda. 

Konferensiya Qur’oni karim tilovati va “Oila – xalq yuragi” nomli videolavha namoyishi bilan boshlandi. Ochilish marosimida BAA Bag‘rikenglik va birdamlikda yashash vaziri Shayx Nahayon bin Muborak Ol Nahayon, Amirliklar Fatvo Kengashi raisi Abdulloh bin Bayya, Marokash podshohligi Vaqflar va Islom ishlari vaziri doktor Ahmad Tavfiq, Amirliklar Islom ishlari, vaqf va zakot bosh boshqarmasi raisi, doktor Umar Habtur ad-Dir’iy, Mavritaniya fatvo kengashi raisi, doktor Aslam bin Sayyid Mustafo, taniqli ulamolar, mashhur muftiylar va ilmiy-tadqiqotchilar kabi 300 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

So‘zga chiqqan notiqlar Islom dinida oila mustahkamligiga katta e’tibor qaratilishi barobarida bugungi kunda oila masalasiga yanada jiddiy ahamiyat qaratishga katta urg‘u berishdi. 
Jumladan, shariat buyurganidek, inson nasl-nasabini saqlash, silai rahm qilish, ota-onani e’zozlash, jufti haloliga e’tirom ko‘rsatish, farzandlarni yaxshi tarbiyalash singari muhim vazifalarni keng targ‘ib etish, hozirgi xavf-xatarlar davrida oilani mustahkamlash, uning jamiyat rivojidagi o‘rni, birdamlik manbai ekanini tushuntirish kabi masalalar haqida so‘z bordi.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt rivojlangan pallada oilaviy rishtalarni muhofaza qilish va mazkur taraqqiyot imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarurligi, davr talabidan kelib chiqqan holda zamonaviy tahdidlarga javob beradigan, oila qadriyatlarini asrab-avaylaydigan, uning saodatini ta’minlaydigan dolzarb fatvolar ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi.

Anjuman davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati