O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga ukalari Sultonxon Alimovning vafoti munosabati bilan xorijiy davlatlar muftiylari nomidan hamdardlik maktublari kelmoqda. Jumladan, Rossiya muftiylari kengashi raisi, Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar diniy boshqarmasi rahbari, muftiy, shayx Ravil Gaynutdin muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga quyidagi mazmunda ta’ziya bildirdi.
«Rossiya muftiylari kengashi, Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi nomidan Siz aziz birodarimga, sizning butun oilangizga ukangiz Sultonxon Alimovning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildiraman. Alloh taolodan duo qilamiz, marhumning barcha qarindoshlari va do‘stlariga qayg‘u va yordamimizni izhor qilamiz. Albatta, biz hammamiz Allohdanmiz va Unga qaytuvchimiz. Alloh taolo bir musulmonning ruhini qabul qilsin va uning gunohlarini kechirsin va Qiyomat kuni unga Jannat bog‘laridan joy ato etsin», - deyiladi ta’ziya maktubida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Osmonlaru yerni yaratgan Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.
Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.
Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.
Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.
Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].
Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?! Albatta, yo‘q.
Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.
Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang.
Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning. O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Hud surasi, 102-oyat.