Yomon xulqlardan biri xusumatdir. Xusumat so‘zi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da: “Xusumat arabcha – janjal, nizo; dushmanlik, adovat. Birovga nisbatan bo‘lgan kek, adovat; qasd; dushmanlik”, deb izohlanadi. Xusumat insonlarni o‘zaro birdamligini, do‘stligini zaiflashtiradi. Shu sababli Alloh taolo o‘zaro nizolardan tiyilishga buyuradi: “O‘zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch quvvatingiz ketadi” (Anfol surasi, 46-oyat).
Xusumat qilish insonga hech qanday manfaat keltirmaydi. Balki u inson uchun ikki dunyoda ham zarardir. Imom G‘azzoliy rahimahulloh: “Xusumat va tortishuv-yomonlikning kurtagidir” degan. Donishmandlar xusumatning asosiy sabablarini quyidagicha bayon qilishadi:
Inson kun davomida turli insonlar bilan uchrashadi, ular bilan suhbatlashadi. Yaxshi insonlar o‘z suhbatdoshlari, suhbatlashish sharoitlari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, xusumatdan uzoq bo‘ladilar. Masalan, bugungi ob-havo, narx-navo haqida tortishib vaqtlarini behuda o‘tkazmaydilar.
Ayrim kishilar birovlarning ishidan xato-kamchilik qidirish bilan ovora bo‘ladilar. O‘zgalarning aybini fosh qilib, kamchiliklarini butun ommaga fosh qiladilar. Kishilar aybini topib, uni xusumatga aylantirish nodonlarning ishidir. Birovning aybini topish bilan shug‘ullanishdan ko‘ra, o‘z aybi bilan shug‘ullangan yaxshidir. Agar imkon bo‘lsa, odamlarning ayb-kamchiliklarini berkitish yaxshi fazilat hisoblanadi. Hozirgi paytda ayrim kishilar birovning ozgina kamchiligini topsalar, uni baralla butun ommaga oshkor qilishni, bu qilgan ishlaridan maqtanib yurishni yaxshi ko‘radilar.
Alisher Navoiy “Mahbubul-qulub” asarida: “Noxush xabarni chin bo‘lsa ham do‘stingga yetkazma; birovdan ayb ko‘rsang yuziga solma. Qo‘yaver, o‘sha chin xabarni dushman yetkazsin va sen sabr qil, u ayb mojarosini dushman qilsin. Aqlli odam yolg‘on gapirmas; ammo, barcha rost gapni aytaverish ham to‘g‘ri emas. Birovni nohaq hijolatga solmoq-o‘z nodonligini izhor qilmoq va bir ko‘ngilni og‘ritmoqdir. Bu kabi kishini xafa qiladigan chin so‘zdan ko‘ra zarurat yuzasidan-o‘rni bilan gapirilgan yolg‘on yaxshidir”, deb yozadilar.
Yaxshi insonlar o‘zlariga qilingan haqsizlik uchun tortishmaydilar, g‘azablanmaydilar. Aksincha, vazminlik, muloyimlik bilan bu holdan chiqishga harakat qiladilar. Insonning o‘z o‘zini xusumatdan saqlashi, uning yuksak fazilat sohibi ekanini ko‘rsatadi.
Ruhiddin AKBAROV
Qarshi tuman Akbar xalifa Eshon ibn Muxtor masjidi imom-xatibi
Mir Arab oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirlar doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda inson qadrini ulug‘lash g‘oyasining jamiyat ma’naviy hayotidagi ahamiyati ta’kidlandi.
Shuningdek, 2025 yilda diniy soha vakillari faoliyati yuzasidan sarhisob yig‘ilishi o‘tkazilib, sohadagi islohotlar, ustuvor vazifalar va kelgusi rejalar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ma’naviy-ma’rifiy sohada faollik ko‘rsatgan bir qator soha vakillari taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati