(QIZLARNI TURMUSHGA TAYYORLASH)
«Oila men uchun muqaddas. Muqaddasligi shuki, avvalambor qayerda ishlashidan qat’i nazar, kim bo‘lishidan qat’i nazar agar oilada tarbiya, oilada muhit, oilada halollik, munosabat, tarbiyaga alohida e’tibor bermasa, hech qachon natija bo‘lmaydi. Shuning uchun men farzandlarimning tarbiyasiga juda katta e’tibor beraman. Har bir farzandimga ham, nevaramga ham alohida o‘zimning munosabatim bor. Har bir nevaramning alohida xarakterini bilaman, orzusini, istagini bilaman»,
Sh.Mirziyoyev
Islomda balog‘atga yetmagan, turmushga tayyor bo‘lmagan o‘smir qizlarni uzatish yoki nikohlash qatiy lozim, degan gap yo‘q.
Yangi qurilayotgan har bir oilaning mustahkamligi, undan sog‘lom avlod dunyoga kelishi, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va boshqa shu kabi hayotiy masalalar. Ana shu ilk qadam – qizlarimizning voyaga yetib, turmushga chiqishi bilan bevosita bog‘liqdir.
Ming afsuski, keyingi vaqtlarda qizlarni hayotga tayyorlamay turmushga uzatish eng dolzarb va hammani o‘ylantiradigan muammoli masalalardan bo‘lib qolmoqda. Ota-onalar orzu-havasga tezroq yetishish maqsadida, hatto, yoshlarning fikri bilan qiziqmasdan to‘y qilish taraddudiga tushib ketmoqdalar. Yigit-qizlar turmushga tayyormi, yo‘qmi, buni hisobga olmayapdilar. Ayrim insonlar balog‘at yoshini kamolot yoshi, deb tushunishadi. Aslida esa balog‘at yoshi nikoh yoshi emas, balki nikoh qurish uchun voyaga yetgan bo‘lish shart.
Zero, oilada yigit va qiz o‘z vazifa va mas’uliyatlarini ado etishlari, sog‘lom zurriyotlarni dunyoga keltirishlari uchun avvalo o‘zlari sog‘lom bo‘lishlari kerak. Hozirga kelib tibbiy ko‘rikning ahamiyatini aksariyat ota-onalar tushunib yetdilar. Ammo shunday bo‘lsa-da, “Hali turmushga chiqmagan yosh qiz turli yo‘nalishdagi shifokorlarga uchrab yurishining nima keragi bor?” deb tor mulohaza yuritadiganlar ham yo‘q emas. Ana shunday fikrlash sababli tibbiy ko‘rikning talab darajasida o‘tkazilishiga e’tibor bermay, giyohvandlikka berilgan yoki nasliy kasalligi bo‘lgan kuyovga uzatish oqibatida baxtsiz qolgan qizlar, pushaymon chekkan ota-onalar hayotda uchrab turibdi.
Aksariyat erta oila qurgan qizlarda kamqonlik, kamquvvatlik kuzatiladi. Bu hol kelinlarning uzoq vaqt bo‘yida bo‘lmasligi, homiladorlik og‘ir kechishiga, go‘daklar nobud bo‘lishi yoki nogiron tug‘ilishiga, tug‘uruqdan keyingi turli asoratlarga, hatto bepushtlikka olib kelishi mumkinligini shifokorlar ta’kidlaydi.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deb ta’kidlaganlar (Bayhaqiy rivoyati). Zaruriy ko‘nikmalarni egallamay, bilim olmay turib turmushga chiqqan qiz ayol, rafiqa, ona, beka, jamiyat a’zosi sifatidagi vazifalarini to‘kis ado etishga qiynaladi. Nasl-nasabimizning bevosita davomchilari bo‘lmish farzand-nabiralarimizni vujudga kelishida qiz va yigitlarimiz har tomonlama barkamol, sog‘-salomat bo‘lishlarining ahamiyati katta ekanligini unutmaylik. Shundan kelib chiqqan holda, bo‘lajak kelin va kuyovlarimizni “hayot” deb atalmish va ayni vaqtda katta mas’uliyat va burchga asoslangan mustahkam oila qurish ishiga puxta tayyorlashimiz zarur. Baxtli va saodatli kelajak garovi bo‘lgan mustahkam oila, sog‘lom ona va bola mas’uliyatiga hech qachon beparvo va loqayd bo‘lmaylik. Ayniqsa, bo‘lajak ona, murabbiya, oila bekasi bo‘ladigan qizlarimizni turmushga berishdan oldin tarbiyasi, sog‘lig‘i, kasb-hunar o‘rganishi, yaxshi ma’lumotli bo‘lishi, oila, qaynona va eri bilan bo‘ladigan munosabat va muomalalar, burch va vazifalarini yaxshi bilishi yo‘lida ko‘proq bosh qotiraylik va harakat qilaylik. Yoshlar o‘rta umumta’lim maktabi ta’limini olishlari shart. Zero, dinimiz ta’limotlariga ko‘ra ilm olish, ma’rifatli bo‘lish, hayot uchun zarur bo‘lgan barcha ko‘nikmalarni o‘rganish har bir qiz bola uchun ham farzdir. Bordi-yu, shundan oldin turmush qursalar, o‘qish ham chala, oila yumushlari ham, uy bekaligi va boshqa ishlar ham chala bajarilishiga yo‘l ochilgan bo‘ladi. Muhimi, ilmli va kasb-hunarli ayolgina farzandining komil inson bo‘lishiga intiladi.
Hanafiy mazhabi mo‘tabar manbalaridan «Durrul muxtor» kitobining «Nikoh fasli»da bunday deyiladi: “Odamzodga nikoh va imondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yo‘q. Oila shunday saodatbaxsh bir bog‘ki, u hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma ma’lum muddatdan so‘ng kuchini yo‘qotadi, ammo bir-birlaridan rozi bo‘lgan umr yo‘ldoshlarning birgalikdagi hayoti o‘lim bilan ham tugamaydi”.
Nikoh ikki dunyo saodatiga yigit va qizni birga eltuvchi muqaddas rishta bo‘lsin.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi
#Maqola #Ixtilof #G‘uluv
Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).
Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar.
Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q.
G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.
Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi