MUHAMMAD SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM VA VAHIY
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Alloh taolo tomonidan Rasul qilib yuborilishlari yangilik emas edi. U zot insonlarga vahiy nomi bilan xitob qilgan birinchi nabiy ham emas edilar. U zot odamlarga osmonning so‘zidan gapirdilar. Nuh alayhissalomdan boshlab, Alloh ixtiyor qilgan barcha payg‘ambarlar kabi, Alloh taoloning so‘zini aytdilar, havodan gapirmadilar. Alloh taoloning o‘tgan payg‘ambarlarni quvvatlab yuborgan vahiysi Muhammad alayhissalomni quvvatlab yuborgan vahiysiga muxolif emas edi. Balki vahiy holati barchalarida bir xil edi. Chunki uning kelib chiqish joyi va g‘oyasi, Alloh taolo aytganidek, yagona edi.
Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:
۞إِنَّآ أَوۡحَيۡنَآ إِلَيۡكَ كَمَآ أَوۡحَيۡنَآ إِلَىٰ نُوحٖ وَٱلنَّبِيِّۧنَ مِنۢ بَعۡدِهِۦۚ وَأَوۡحَيۡنَآ إِلَىٰٓ إِبۡرَٰهِيمَ وَإِسۡمَٰعِيلَ وَإِسۡحَٰقَ وَيَعۡقُوبَ وَٱلۡأَسۡبَاطِ وَعِيسَىٰ وَأَيُّوبَ وَيُونُسَ وَهَٰرُونَ وَسُلَيۡمَٰنَۚ وَءَاتَيۡنَا دَاوُۥدَ زَبُورٗا١٦٣ وَرُسُلٗا قَدۡ قَصَصۡنَٰهُمۡ عَلَيۡكَ مِن قَبۡلُ وَرُسُلٗا لَّمۡ نَقۡصُصۡهُمۡ عَلَيۡكَۚ وَكَلَّمَ ٱللَّهُ مُوسَىٰ تَكۡلِيمٗا١٦٤
«Biz senga xuddi Nuh va undan keyingi nabiylarga vahiy yuborganimizdek, vahiy yubordik. Biz Ibrohim, Ismoil, Is'hoq, Ya’qub va uning avlodlari, Iyso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymonga vahiy yubordik. Dovudga esa Zaburni berdik.
Va Biz senga ilgari qissalarini aytib bergan rasullarni va Biz qissalarini aytib bermagan rasullarni (yubordik). Va Alloh Muso ila o‘ziga xos gaplashdi» (163-164-oyatlar).
Shuning uchun ham Qur’oni Karim Muhammad alayhissalomning qalblariga nozil bo‘lgan ilmni «vahiy» deb nomlashga qattiq e’tibor bergan. Chunki Qur’ondagi vahiy tushunchasi Alloh taoloning boshqa barcha nabiylarga yuborgan vahiysiga o‘xshash bo‘lishi, ularning yagona ilohiy masdardan kelib chiqqanligi namoyon bo‘lishi lozim edi.
Alloh taolo Najm surasida shunday deydi:
وَٱلنَّجۡمِ إِذَا هَوَىٰ١ مَا ضَلَّ صَاحِبُكُمۡ وَمَا غَوَىٰ٢ وَمَا يَنطِقُ عَنِ ٱلۡهَوَىٰٓ٣ إِنۡ هُوَ إِلَّا وَحۡيٞ يُوحَىٰ٤
«Botayotgan yulduz bilan qasam. Birodaringiz adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. U havodan nutq qilmas. U (Qur’on) yuboriladigan vahiydan o‘zga narsa emas» (1-4-oyatlar).
Ya’ni «Sizning adashmagan va yo‘ldan ozmagan sohibingiz Muhammad alayhissalom Allohning nomidan gapirganida o‘z nafsu havosidan gapirmaydi. Aksincha, u zot «Alloh menga nozil qildi», deb aytayotgan Qur’on vahiydan o‘zga narsa emas.
Alloh taolo Yunus surasida marhamat qiladi:
قُلۡ مَا يَكُونُ لِيٓ أَنۡ أُبَدِّلَهُۥ مِن تِلۡقَآيِٕ نَفۡسِيٓۖ إِنۡ أَتَّبِعُ إِلَّا مَا يُوحَىٰٓ إِلَيَّۖ إِنِّيٓ أَخَافُ إِنۡ عَصَيۡتُ رَبِّي عَذَابَ يَوۡمٍ عَظِيمٖ١٥
«Sen: «Men uni o‘znmcha almashtira olmasman, Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsagagina ergashaman. Albatta, men Robbimga osiy bo‘lsam, buyuk Kun azobidan qo‘rqaman», deb ayt» (15-oyat).
Ha, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning martabalari qancha yuqori bo‘lmasin, Qur’onni, hatto uning biror harfini almashtirishga haqlari yo‘q. U kishining vazifalari Alloh taolo tomonidan kelgan vahiyni – Qur’onni qabul qilib olib, shundayligicha kishilarga yetkazishdir.
Alloh taolo An’om surasida marhamat qiladi:
وَإِذَا لَمۡ تَأۡتِهِم بَِٔايَةٖ قَالُواْ لَوۡلَا ٱجۡتَبَيۡتَهَاۚ قُلۡ إِنَّمَآ أَتَّبِعُ مَا يُوحَىٰٓ إِلَيَّ مِن رَّبِّيۚ هَٰذَا بَصَآئِرُ مِن رَّبِّكُمۡ وَهُدٗى وَرَحۡمَةٞ لِّقَوۡمٖ يُؤۡمِنُونَ٢٠٣
«Va agar ularga oyat keltirmasang, «O‘zing to‘qib qo‘yavermaysanmi?» derlar. Sen: «Men faqat Robbimdan vahiy qilingan narsaga ergashaman, xolos. Bu iymon keltiruvchi qavm uchun Robbingizdan «ko‘z ochguvchi»lar, hidoyat va rahmatdir», deb ayt» (203-oyat).
Kofirlar o‘zlarining buzg‘unchiliklari, kufrlari va Allohga nisbatan yolg‘on to‘qishlari yetmaganidek, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ham yolg‘ondan mo‘jiza to‘qib, Allohga nisbat berishni taklif qilishardi. Ular payg‘ambarlik vazifasini tushunishni ham xohlamaydilar. Holbuki, o‘zidan bir narsani to‘qib, Allohga nisbat berish katta jinoyat, payg‘ambarga to‘g‘ri kelmaydigan ish. Yolg‘iz o‘zlarining ojiz aqllariga suyanuvchilar, tabiiyki, vahiy to‘g‘risida «Bu g‘aroyib narsa-ku!» deb, nojo‘ya o‘y-fikrlarni aytishadi. Alloh taolo ularga raddiya berib, Yunus surasida shunday deydi:
أَكَانَ لِلنَّاسِ عَجَبًا أَنۡ أَوۡحَيۡنَآ إِلَىٰ رَجُلٖ مِّنۡهُمۡ أَنۡ أَنذِرِ ٱلنَّاسَ وَبَشِّرِ ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَنَّ لَهُمۡ قَدَمَ صِدۡقٍ عِندَ رَبِّهِمۡۗ قَالَ ٱلۡكَٰفِرُونَ إِنَّ هَٰذَا لَسَٰحِرٞ مُّبِينٌ٢
«Odamlarga o‘zlaridan bo‘lgan bir kishiga: «Odamlarni ogohlantir va iymon keltirganlarga Robbilari huzurida ular uchun sobitqadamlik borligining xushxabarini ber», deb vahiy yuborishimiz ajablanarli bo‘ldimi? Kofirlar: «Albatta, bu ochiq-oydin sehrgardir», dedilar» (2-oyat).
Alloh taolo O‘z hikmati ila bandalari ichidan bir salohiyatli kishini tanlab, unga payg‘ambarlik martabasini beradi. Unga vahiy yuborib, atrofidagi kishilarni ogohlantirishga amr qiladi. Qadimdan shunday bo‘lib kelgan. Lekin kofir odamlar bu ishga doimo inkor nazari bilan qarashgan, o‘zlaridan bo‘lgan bir odamga Allohdan vahiy kelishi ularga ajablanarli tuyulgan.
Sog‘lom mantiq insonlarning barchasi teng bo‘lgani holda, Alloh taolo ular orasidan xohlagan bittasini ilm, hikmat va iymonda tanlab olishini taqozo qilmaydimi? Mantiq ushbu tanlanishni g‘alati ish deb sanaydimi? Yo‘q, albatta. Aksincha, aql shuni taqozo qiladi. Aql insonga to‘kis hidoyat yo‘lini ko‘rsatib berishdan ojiz ekanini voqe’lik ko‘rsatib turibdi, bunga tarix shohid, aql guvoh.
Qolaversa, o‘zidan bir vakilning Alloh taolodan vahiy qabul qilishining o‘zi insoniyat uchun sharaf.
Endi insonlarning bu ishni bo‘lmag‘ur gap deyishlari, kofirlar esa buni sehrgarlik amaliga o‘xshatishlari mantiqqa to‘g‘ri keladimi?!
Albatta, vahiydan ajablanish to‘g‘ri emas. U tushunilishi oson, jumboqsiz bo‘lishi lozim. Din nuqtayi nazaridan qaraganda, vahiyning haqiqati o‘zi nima? Muhammad alayhissalomga nozil bo‘lgan vahiy bilan boshqa anbiyolarga nozil qilingan vahiy orasida qanday o‘xshashliklar bor?
Dinning ushbu tez, maxfiy bildirishni «vahiy» deb nomlashi so‘zning aynan lug‘aviy ma’nosidan kelib chiqqan. Arab tilidagi «iyhaun» – «vahiy qilmoq» so‘zi tez va maxfiy xabar yo‘llash ma’nosini bildirishini yuqorida aytib o‘tdik.
Alloh taolo O‘zi nozil qilgan Kitoblaridagi oyatlarni Nabiyga olib borishni farishtaga buyurdi va buni «vahiy» deb atadi. Ushbu vahiy bevosita Nabiyning o‘ziga qilingan vahiy bilan mazmunan farq qilmaydi.
Bu ikki vahiyning orasida ziddiyat yo‘q. Farishtaning vahiyni olib kelib, omonat bilan naql qilishi ham, Nabiyning uni olib, o‘ziga singdirishi, yodlashi va yetkazishi ham bir xil vazifani ado etishdir. Ushbu ma’no Najm surasidagi oyatda ko‘rinadi:
فَأَوۡحَىٰٓ إِلَىٰ عَبۡدِهِۦ مَآ أَوۡحَىٰ١٠
«Va bandasiga nimani vahiy qilgan bo‘lsa, vahiy qildi» (10-oyat).
Ya’ni Alloh taolo Muhammad alayhissalomga nimani vahiy qilgan bo‘lsa, Jabroil alayhissalom hech bir xiyonat qilmasdan, qo‘shmasdan yoki kamaytirmasdan, hammasini yetkazdi.
Zero, bu oyatdan murod shuki, Alloh taolo O‘zining bandasi, ishonchli vahiy farishtasi Jabroil alayhissalomga oxirgi Nabiy – Muhammad alayhissalomga vahiy qilishni vahiy qildi. Ushbu oyatda zikr qilinayotgan «vahiy» so‘zining dalolatini Shuaro surasida kelgan boshqa bir oyat bilan oydinlashtirib olish mumkin:
وَإِنَّهُۥ لَتَنزِيلُ رَبِّ ٱلۡعَٰلَمِينَ١٩٢ نَزَلَ بِهِ ٱلرُّوحُ ٱلۡأَمِينُ١٩٣ عَلَىٰ قَلۡبِكَ لِتَكُونَ مِنَ ٱلۡمُنذِرِينَ١٩٤ بِلِسَانٍ عَرَبِيّٖ مُّبِينٖ١٩٥
«Albatta, u (Qur’on) olamlar Robbining nozil qilganidir. Uni Ruhul Amiyn olib tushdi... sening qalbingga, ogohlantiruvchilardan bo‘lishing uchun. Ochiq-oydin arab tilida» (192-195-oyatlar).
Ushbu oyati karimalardagi «Ruhul Amin»dan farishta Jabroil alayhissalom nazarda tutilgan, «ogohlantiruvchilardan» degani esa «payg‘ambarlardan» demakdir.
Binobarin, ushbu to‘rt oyatning ma’nosi quyidagicha bo‘ladi: «Ey Muhammad, Jabroil Qur’onni sening qalbingga payg‘ambarlardan bo‘lishing uchun ravshan arab tilida olib tushdi».
Vahiy holatidagi diniy haqiqatlar va g‘aybiy xabarlar hissiy uslublarga tabiatan mutlaqo bo‘ysunmaydi. Shuningdek, ushbu vahiy holati zohiriy his-tuyg‘u miqyoslariga ham bo‘ysunmaydi. Balki vahiy ikki zot o‘rtasidagi oliymaqom suhbat deya tasavvur qilinishi mumkin, xolos. Bir tarafda beruvchi, buyuruvchi, so‘zlovchi Zot, ikkinchi tarafda qabul qiluvchi, buyurilgan, xitob qaratilgan zot bo‘ladi.
QUR’ONIY VAHIY HOLATI
Alloh taolo Muzzammil surasida deydi:
إِنَّا سَنُلۡقِي عَلَيۡكَ قَوۡلٗا ثَقِيلًا٥
«Albatta, Biz ustingga og‘ir So‘zni tashlarmiz» (5-oyat).
Ya’ni «Qur’onni tashlaymiz». Qur’on o‘zi yengillikka barpo qilingan, lekin u haqiqat mezonida og‘irdir. Uning qalbga ta’siri og‘ir. Hashr surasining 21-oyatida Alloh taolo: «Agar ushbu Qur’onni toqqa nozil qilganmizda, uning Allohdan qo‘rqqanidan titrab-qaqshab, parchalanib ketganini ko‘rar eding», degan. Ha, mas’uliyatini ulkan tog‘lar ham ko‘tara olmaydigan buyuk ishni Muhammad alayhissalom ko‘targanlar.
Yuqorida o‘tganidek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z sahih hadislarida vahiyning qalblariga nozil bo‘lish holatlarini bayon qilib berganlar:
«Ahyonda menga qo‘ng‘iroq jarangi kabi keladi, shunisi menga eng og‘iridir. So‘ng mendan ariydi, men esa aytganlarini undan singdirib olgan bo‘laman. Ahyonda farishta menga inson qiyofasida gavdalanib so‘zlaydi, men uning aytayotganlarini o‘zimga singdirib olaman».
Ushbu hadisi sharifda Rasululloh sollallohu adayhi vasallam vahiy nozil bo‘lishining ikki xil ko‘rinishini so‘zlab bermoqdalar:
Birinchi suratda og‘ir so‘z – Qur’oni Karim oyatlari qalblariga nozil bo‘lar ekan, xuddi qo‘ng‘iroqning jarangiga o‘xshab keladi. Bunda u zot idrok etiladigan so‘zni diqqat bilan tinglaydilar. Vahiy to‘xtagan paytda so‘zlarni to‘la anglab, yodlab olgan bo‘ladilar.
Ikkinchi suratda Jabroil alayhissalom u zotga inson suratida ko‘rinadilar. Ko‘rinishi xuddi oddiy inson shaklida bo‘lgani uchun Rasululloh sollallohu alayxi vasallamga bu vahiy osonroq kechadi.
Birinchi holatda insonning farishtaning holatiga moslashishi, ikkinchisida esa farishtaning insonning holatiga moslashishi talab qilinadi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikkinchisi yengilroq kechadi, unda xotirjamroq bo‘ladilar, qo‘rquv bosmaydi. Birinchi suratda esa ta’sir, bosim shiddatliroq, vahiy og‘irroq bo‘ladi.
Qur’on oyatlarining ko‘ng‘iroq jarangiga o‘xshab tushish jarayoni u zot uchun nihoyatda og‘ir kechardi. Sahobalardan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu shunday hikoya qiladilar: «Mening sonim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sonlariga tegib turgan paytda vahiy tushib qoldi, vahiyning salobatidan, yukidan sonim yorilib ketay dedi». Agar Payg‘ambarimiz alayhissalom tuyada ketdyotganlarida vahiy tushib qolsa, og‘irlikdan tuya ham yura olmay, cho‘kib qolar edi. Vahiy tushgan paytda kunlar sovuq bo‘lsa ham Payg‘ambar alayhissalomning nafas olishlari tezlashib, terlab ketar edilar.
Mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho bu xususda shunday degan edilar: «Darhaqiqat, u zotga qattiq sovuq kunda vahiy nozil bo‘layotganini, so‘ng u zotdan ariganida peshonalaridan ter oqayotganini ko‘rganman».
Ikkinchi suratda vahiyning bosimi yengil va tushishi latifroq bo‘ladi. Bunda qo‘ng‘iroq ovozlari va peshona terlari bo‘lmaydi. Balki beruvchi va oluvchining shakli bir-biriga o‘xshaydi. Bu vaqtda vahiyni naql qiluvchi ishonchli farishta uchun ham, Nabiy sollallohu alayhi vasallam uchun ham ish yengil ko‘chadi.
Ikki suratda ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga vahiy qilingan narsani singdirib olishga o‘ta haris bo‘ladilar. Birinchi surat xususida u zot shunday deganlar:
«So‘ng mendan ariydi, men esa aytganlarini undan singdirib olgan bo‘laman».
Ikkinchi surat xususida ham:
«Men uning aytayotganlarini o‘zimga singdirib olaman», deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu gaplari bilan qalblaridagi to‘la singdirib olish quvvati vahiydan oldin ham, vahiy asnosida ham, vahiydan keyin ham bor bo‘lishini isbot qilmoqdalar. Vahiy yengilroq kechgan taqdirda ham, og‘irroq kechgan taqdirda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni yodlab, o‘zlariga singdirib olar edilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu mukammal singdirishni vahiy nozil bo‘lishi bosqichlarini o‘z ichiga olgan uzun qur’oniy davrda biror marta ham o‘zlarining qabul qilib oluvchi, buyruq kutuvchi insoniy shaxsiyatlariga aralashtirib yubormadilar. U zot vahiyda kelgan narsani o‘zlariga singdirar ekanlar, Allohning huzurida zaif inson hollarida turardilar. Hatto Alloh taolo o‘zlari va qalblarining orasini to‘sib qo‘yishidan qo‘rqardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z duolarida Robblariga yolvorib:
«Allohim, ey qalblarni burib qo‘yuvchi Zot! Mening qalbimni itoatingga burgin. Allohim, ey qalblarni aylantiruvchi Zot! Mening qalbimni diningda sobit qilgin!» der edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiyning dastlabki nozil bo‘lish paytida ba’zi oyatlarning qalblaridan unutilib qolishidan qo‘rqib, ularni vahiy asnosida tillari va lablarini qimirlatib, Jabroil alayhissalomga harfma-harf ergashib talaffuz qilar edilar. Alloh taolo vahiyni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dillariga muhrlab, tillariga joriy qilishni, hatto uni izoh va bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi hamda Rasululloh sollallohu alayhy vasallamni xotirjam bo‘lishga buyurdi.
Alloh taolo Qiyomat surasida shunday marhamat qiladi:
لَا تُحَرِّكۡ بِهِۦ لِسَانَكَ لِتَعۡجَلَ بِهِۦٓ١٦ إِنَّ عَلَيۡنَا جَمۡعَهُۥ وَقُرۡءَانَهُۥ١٧ فَإِذَا قَرَأۡنَٰهُ فَٱتَّبِعۡ قُرۡءَانَهُۥ١٨ ثُمَّ إِنَّ عَلَيۡنَا بَيَانَهُۥ١٩
«Sen shoshilib, u bilan tilingni qimirlatma. Albatta, u(Qur’on)ni jamlash va o‘qib berish Bizning zimmamizda. Bas, Biz uni o‘qisak, qiroatiga zehn solib tur. So‘ngra uni bayon qilib berish ham Bizning zimmamizda» (16-19-oyatlar).
Hazrati Abdulloh ibn Abbos ushbu oyatlar ma’nosida quyidagilarni aytganlar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nozil bo‘layotgan oyatlarda og‘irlik sezar edilar. Biror narsani o‘tkazib yubormasdan, yodlab olish maqsadida unga tillari va ikki lablarini qimirlatib turar edilar. Shunda Alloh ushbu oyatlarni nozil qildi. Ana shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon huzurlariga Jabroil alayhissalom kelsalar, boshlarini quyi solib, jim tinglaydigan bo‘ldilar. Jabroil ketgach, Alloh qanday va’da qilgan bo‘lsa, o‘shanday o‘qiydigan bo‘ldilar».
Alloma Ismoil ibn Kasir xuddi shu oyatlar tafsirida quyidagilarni yozadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qabul qilib olishga shoshilar edilar. Farishtaning qiroatidan oldinga o‘tib ketib qolardilar. Shunda Alloh azza va jalla u zotni tinchlanishga amr etdi. Uni Payg‘ambar alayhissalomning qalblarida jamlab berish, bayon qilib berish, ochiqlab berish kafolatini oldi. Birinchi holat – uni qalblarida jamlash. Ikkinchi holat – tilovati. Uchinchi holat – tafsiri va ma’nosini izoh qilish».
Alloh taolo Toha surasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni vahiyni qabul qilishda shoshilishdan qaytarib, yuqoridagi ma’noni ta’kidlab, shunday deydi:
وَلَا تَعۡجَلۡ بِٱلۡقُرۡءَانِ مِن قَبۡلِ أَن يُقۡضَىٰٓ إِلَيۡكَ وَحۡيُهُۥۖ وَقُل رَّبِّ زِدۡنِي عِلۡمٗا١١٤
«Senga vahiysi bitmasidan, Qur’onga oshiqma va: «Robbim, ilmimni ziyoda qilgin», degin» (114-oyat).
KЕYINGI MAVZULAR:
Muhammad sollallohu alayhi vasallam va Qur’on;