Ma’lumki, shu yilning oktyabr oyida muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan Yaqin Sharqdagi urush o‘choqlaridan «Mehr-2» deb atalgan operatsiya doirasida 64 nafar o‘zbekistonlik bola ona-Vatanimizga olib kelingan edi. Hukumatimiz tomonidan ushbu norasida bolalarga mehr-muruvvat ko‘rsatilib, yaqinlari bag‘riga qaytarildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov Xorazm viloyati bo‘ylab safarlari chog‘ida yurtimizga olib kelingan ana shunday o‘smir yoshlar holidan xabar oldilar va shirin so‘zlar, hadyalar ila ko‘ngillarini ko‘tardilar.
Yaqin Sharqdagi urush jarayonlarida soxta g‘oyalarga aldanib ishtirok etgan ayrim ota-onalarning noto‘g‘ri harakati jabrini ko‘rgan jajji bolalar ham borligi inson qalbini larzaga soladi. Ularning murg‘ak qalblari qancha ozor chekmadi, mungli ko‘zlaridan qancha ko‘z yoshlar oqmadi deysiz?!
Muftiy hazratlari boshchiligida bir guruh mutasaddilar mana shunday og‘ir hayotiy davrlarni boshidan o‘tkazib, Vatanga qaytgan murg‘ak o‘smirlar xonadoniga tashrif buyurib, uning yashash shart-sharoitlari bilan tanishib, yaqinlari bilan suhbat qurdilar.
Ota-onasining bosgan noto‘g‘ri qadami oqibatida katta qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan ma’sum o‘smirga “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatilishi, issiq kiyim-boshlar, kir yuvish mashinasi va moliyaviy yordamlar berilishi ularning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi.
Zero, Islom dinimizda ham yosh bolalarga mehr-oqibat ko‘rsatishga targ‘ib etilgan. Hazrati Payg‘ambarmiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib aytganlar: “Kichiklarimizga rahm-shafqat qilmagan va kattalarimiz qadrini bilmaganlar bizlardan emasdir” (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Demakki, bunday yosh bolalarni olovli mintaqalardan xalos etib, ularning vayron bo‘lgan ko‘ngillarini shod etib, dillariga xursandchilik ulashish dini mubinimiz nuqtayi nazaridan eng savobi ulug‘ amallardan ekaniga shubha yo‘q.
Shuningdek, muftiy hazratlari ishtirokida yetim bolalar, kam ta’minlangan oilalar va jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarga ehson dasturxoni yozilib, "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachalari ulashildi. Bundan tashqari hududdagi “Mehribonlik” uyiga tashrif buyurilib, iliq so‘zlar va ajoyib sovg‘alar orqali tarbiyalanuvchilar qalblariga shodlik ulashildi.
Xorazm viloyati safari davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati












O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
5 yanvar kuni Namangan viloyati bosh imom xatibi Abdulloh domla Samatov boshchiliklarida viloyat vakilligi xodimlari, shahar va tuman bosh imom-xatiblari hamda "Haj-2025" ziyoratchilaridan iborat tuzilgan ishchi guruh a’zolari uchun Namangan viloyati Namangan tumanidagi “Sayid Jaloliddin“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lgan hojilar bilan Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
birinchi yo‘nalish – imom-xatibning “Haj-2025” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish;
ikkinchi yo‘nalish – imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
uchinchi yo‘nalish – imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Ishchi guruh a’zolari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Namangan tumanida faoliyat olib bordi.
Shuningdek Ishchi guruh a’zolari Namangan tumani masjidlari hududidagi mahallaning bir necha xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘raldi. Xonadondagi yoshlarni ta’lim tarbiyasi bilan tanishildi, ularning muammolari o‘rganildi, taklif, fikr, mulohazalari tinglandi va mahallalarda namunaviy bo‘lgan oilalarga kirib keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati