Uylarimizni hashamatli qilib, baland-baland quryapmiz. Ammo oila a’zolari o‘rtasida mehr, oqibat, muruvvat kamaydi.
Tibbiy uskunalar, jihozlar rivojlanib boryapti, ammo yildan yilga kasalliklarning turlari ko‘payyapti.
Insoniyat kosmosga parvoz qilmoqda. Ammo yon qo‘shnimiz och qolayotganidan, qishda sovqotayotganidan xabarimiz yo‘q.
Pullarimiz ko‘p, uy, mashina va boshqa qimmat jihozlar sotib olyapmiz. Ammo xotirjamlik kam. Noshukrlik bor.
Hamma ilmiy jihatdan o‘sib borsa-da, bir-birini, voqealarni, o‘qigan narsalarini his qilish kam.
Ilm olyapmiz, ammo ilmga amal qilish sust.
Haqiqiy do‘stlar kam. Ko‘plari pul, mansab, obro‘ uchun ulfat bo‘lib olgan.
Qimmat soatlarni taqamiz. Ko‘rinishi, shakli, hajmi turlicha. Ammo ko‘p narsaga vaqtimiz yetmaydi.
Yer yuzi bo‘yicha aholi soni ortib boryapti. Ammo o‘zaro mehr, insoniylik yo‘qolib boryapti.
Ey Robbim! Ahvolimizni isloh qilgin va bizga go‘zal xotima bergin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Oisha roziyallohu anho aytadilar: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mehrlari ortib turganini ko‘rgan vaqtimda u zotga: "Yo Rasululloh, Allohga men uchun duo qiling!", dedim.
U zot alayhissalom: "Allohim, Oishaning oldingi va keyingi, oshkorayu maxfiy gunohlarini mag‘firat qilgin!" deb duo qildilar.
Oisha roziyallohu anho juda xursand bo‘lib, kula boshladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Duoim seni quvontirib yubordimi?" dedilar.
Oisha roziyallohu anho: "Axir qanday qilib duoingiz quvontirmasin, albatta xursand bo‘ldim!" dedilar.
U zot alayhissalom: "Allohga qasamki, ushbu duoni ummatim uchun har namozimda so‘rayman", dedilar (Ibn Hibbon rivoyati).