Barchamizga ma’lumki, Dajjol qiyomat qoim bo‘lishi oldidan yer yuzida chiqib, ko‘plab odamlarning yo‘ldan adashishlariga sabab bo‘ladigan maxluqdir. U haqida ba’zi savol-javoblarni keltirsak.
- Dajjol qayerda yashaydi?
- Alloh taoloning O‘zigagina ma’lum bo‘lgan orolda.
- Dajjol chiqqanidan keyin qancha yashaydi?
- 40 kun yashaydi.
- Bu kunlarning uzunligi qay darajada bo‘ladi?
- Dajjol chiqqan birinchi kun bir yildek, ikkinchi kun bir oydek, uchinchi kun bir haftadek, qolgan kunlar bizning kunlarimizdek o‘tadi.
- Dajjolning yonida nimalar bo‘ladi?
- Yonida jannat, do‘zaxi yoki ikki daryo bo‘lib, biri muzdek, ikkinchisi alangalanib qaynab turgan bo‘ladi.
- Undagi jannat va do‘zax haqiqiymi?
- Yo‘q, undagi jannat aslida do‘zax, do‘zax esa aslida jannatdir.
- Dajjolning tezligi qanchalik bo‘ladi?
- U shamol kabi tez yuradi. Hadisi sharifda shunday kelgan:
“Ey Rasululloh! U yer yuzida qanday tezlikda harakat qiladi?” “Ortidan shamol esgan yomg‘irli bulut kabi. U bir qavmga kelib, da’vat qiladi. Ular unga iymon keltirib, da’vatini qabul qiladilar...” (Imom Muslim 2937. Imom Termiziy 2240).
- Dajjol qayerlarga kira olmaydi?
- To‘rt joyga kira olmaydi: Makkaga, Madinaga, Quddusga, Tur tog‘iga. Bir hadisda bunday deyilgan: “Dajjolning oyog‘i, bironta makonga yetmay qolmaydi. Lekin Makka, Madina, Baytul-maqdis va Tur tog‘i bundan mustasno. Chunki farishtalar uni bu joylardan quvib chiqaradi”. (Imom Qurtubiyning “Tazkira” kitobi).
- Dajjol necha kishini o‘ldiradi?
- Bir mo‘min yigitni o‘ldiradi. U yigit haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Bu (mo‘min kishi) olamlar Robbisi huzurida shahidlarning eng ulug‘idir”. (Imom Muslim, Imom Buxoriy rivoyatlari).
- Dajjolning shakli qanday?
Said ibn Jumhon Safiynadan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga xutba o‘qib, shunday dedilar: “Har bir Nabiy ummatini Dajjoldan ogohlantirgan. Ogoh bo‘linglar, uning chap ko‘zi g‘ilay. O‘ng ko‘zining ustida ortiqcha eti bor. Ikki ko‘zining o‘rtasiga “kofir” deb yozilgan...” (Tayolisi va Imom Ahmad rivoyatlari).
Boshqa bir hadisda “O‘qishni biladigan va bilmaydigan har bir mo‘min uni o‘qiy oladi” deyilgan.
- Dajjolni kim o‘ldiradi?
- Allohning Nabiysi Iso alayhissalom o‘ldiradilar.
- Yer yuzida Dajjolning fitnasidan kattaroq fitna bo‘lganmi?
- Yer yuzida Dajjol fitnasidan ko‘ra kattaroq fitna bo‘lmagan.
Abu Umoma rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam odamlarga nido qilib, shunday dedilar:
“Ey insonlar! Alloh Odam zurriyotini yaratgandan beri, yer yuzida Dajjol fitnasidan ko‘ra kattaroq fitna bo‘lmagan. Alloh azza va jalla bironta Nabiyni yuborgan bo‘lsa, albatta, u ummatini Dajjoldan ogohlantirgan. Men nabiylarning so‘nggisiman. Sizlar eng so‘nggi ummatsiz. Shubhasiz, u sizlarga chiqadi. Agar u men orangizda bo‘lgan vaqtda chiqsa, men o‘zim har bir musulmon uchun u bilan hujjatlashib (g‘olib chiqaman). Agar u mendan keyin chiqsa, har bir kishi o‘zi uchun hujjatlashadi. Alloh mening o‘rnimga har bir musulmonga yordam beradi...» (Ibn Moja rivoyati).
- Dajjol qayerdan chiqadi va unga kimlar ergashadi?
- Dajjol sharqdan, aniqrog‘i, Xurosondan... Isfaxonning Yahudiyya nomli qishlog‘idan chiqadi. So‘ngra Iroq bilan Shom o‘rtasidagi Hijoz yeriga boradi.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Dajjol mashriqdan, Xuroson degan yerdan chiqadi. Yuzlari teri qoplangan sovutga o‘xshaydigan guruhlar unga ergashadi”.
(Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari).
- Dajjolga dunyodagi barcha kofirlar, yahudiylar, shu jumladan, Isfahon yahudiylaridan yetmish mingtasi ergashadi. Qolaversa, musulmonlar ichidagi johillar, ilmsizlar, avomlar, ayollar va yosh bolalar ergashib ketishlari aytilgan.
- Dajjol so‘zining ma’nosi nima?
- Dajjol so‘zining lug‘aviy ma’nolaridan biri “Yerni kesib o‘tuvchi” deganidir. Bu mal’un, uzoq masofalarni tezlik bilan bosib o‘tishda, yerni tez suratda aylanib chiqishda g‘ayrioddiy qudratga ega. Shuning uchun unga “Dajjol” deb nom berilgan. U yer yuzini xachirga o‘xshaydigan dumsiz eshagiga minib, aylanib chiqadi. Eshagining ikki qulog‘i orasi qirq ziro’ keladi. Dajjol shamol harakatlantirgan yomg‘irli bulut kabi, yer yuzida tez sur’atda harakat qiladi. Bu ham Alloh bandalariga yuboradigan sinovlardan hisoblanadi.
- Dajjoldan qutulish uchun nima qilish kerak?
- Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarda aytgan ishlarni qilish kerak.
Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb duo qilar edilar: “Allohim! Men Sendan, dangasalikdan, qarib-qartayishdan, gunohdan, qarzdor bo‘lishdan, qabr fitnasi va qabr azobidan, do‘zax fitnasi va do‘zax azobidan va boylik fitnasining yomonligidan panoh so‘rayman. Men Sendan yana faqirlik fitnasidan panoh berishingni, Masihi Dajjol fitnasidan panoh berishingni so‘rayman. Allohim! Mening xatolarimni suv, qor va do‘l bilan yuvgin. Oq kiyim kirdan tozalangani kabi qalbimni ham xatolardan tozalagin. Mashriq bilan Mag‘ribni uzoqlashtirganing kabi men bilan xatolarim orasini ham uzoqlashtirgin”. (Beshovlari Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilganlar).
Demak, doim duolarimizda ushbu duoni ham qilib yurishimiz kerak.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Sizlardan bironta kishi Dajjolga yo‘liqsa, unga Kahf surasinig avvalini o‘qisin”. (Imom Termiziy rivoyatlari).
Hazrati sayyidimiz sollallohu alayhi vasallam yana shunday dedilar:
“Sizlardan bironta kishi Dajjolga duch kelsa, uning yuziga tupursin va Kahf surasinig avvalini o‘qisin”. (Imom Tabaroniy rivoyat qilganlar).
Demak, Kahf surasini yodlashga harakat qilib borishimiz kerak ekan.
Alloh taolo barchamizni dajjol fitnasidan asrab, O‘zining huzuriga iymon bilan borishimizni nasib etsin!
Islom.uz sayti va boshqa internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Shu yil 23 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi o‘tkazib kelinayotgan amaliy tadbirlarning navbatdagisi poytaxtimizning Olmazor tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchilik qildi. Shuningdek, unda Diniy idora bo‘limi boshliqlari Islomiddin domla Zuhriddinov, Muzaffar domla Kamolov va Masjidlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi Dilmurod Rahimovlar qatnashdi.
Mazkur tumandagi “Islomobod” masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda Toshkent shahar vakilligi rahbariyati, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari va Olmazor tumanidagi masjid imom-xatiblari ham ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda Zayniddin domla Eshonqulov mazkur kitob bugungi hayotimiz bilan naqadar uyg‘un ekani, dinimizda ham inson va uning qadr-qimmati yuksak ulug‘lanishi, har bir diniy soha xodimining faoliyati uchun dasturamal bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kitob barcha ishtirokchilarga tarqatildi.
Tadbir davomida tuman bosh imom-xatiblari uchun namunaviy maxsus kiyim namunasi taqdimot qilindi. Unda chakmon, duxoba va milliy do‘ppilar namoyish qilindi.
Shuningdek, Toshkent shahri, xususan, Olmazor tumanida 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Unda shahardagi imom-xatiblar faoliyatidagi yutuqlar e’tirof etilib, ba’zi kamchiliklar bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari Rustamov Ergashali boshchiligida tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan tarkib topgan Ishchi guruh tuzilib, ular Olmazor tumanidagi 21 ta masjid va mahallasiga biriktirildi.
Tadbir doirasida amaliyoti nazarda tutilgan yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagilar amalga oshirildi:
Birinchi yo‘nalish bo‘yicha imom-xatiblar 7 toifaga mansub 105 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi: Xususan:
- 20 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, tushunchalari to‘g‘rilandi;
- 15 ta xonadonda jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, muqaddam sudlanganlar bilan suhbat qilindi;
- 20 ta notinch oila o‘rganilib, muammoning sabablari bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi;
- 15 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘yganlar bilan suhbat qilinib, zararli odatlardan saqlanish to‘g‘risida nasihat qilindi;
- nogiron, kasal, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek, tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 20 ta oilaga kirilib, ulardan hol-ahvol so‘rash barobarida sovg‘a-salomlar ulashildi, davolanish va dori-darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi.
Kirilgan 105 ta xonadonning ichidan moddiy imkoniyati cheklanganlariga homiylarni jalb qilgan holda jami 42 000 000 (qirq ikki million) so‘mlik ro‘zg‘orlik mahsulotlari ehson qilindi. Ular orasidan o‘ta nochor bo‘lganlarining moddiy ta’minotidan xabardor bo‘lib turish rejalashtirildi;
Ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha imom-xatib faoliyati o‘rganildi. Jumladan, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar yaratish jihatlari ko‘rib chiqildi.
Uchinchi yo‘nalish bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan 21 ta masjidda peshin namozini ado qilib, jamoatga ma’ruza qilib berdilar. Tinchlik ne’mati, shukronalik, aqidada adashmaslik, mazhabga ergashish kabi muhim mavzudagi chiqishlarda 3800 ga yaqin tinglovchi qamrab olindi.
Shuningdek, yakuniy yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha so‘z yuritdi.
Yig‘ilishda mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari bilan muloqatni muntazam yo‘lga qo‘yish, kadrlar masalasiga e’tiborni kuchaytirish, ma’ruzalarni Fatvo markazidan chiqarilgan juma tezislari va qo‘shimcha adabiyotlardan foydalangan holda boyitish, haftaning dushanba va payshanba kunlari ma’ruzalar qilish haqida so‘zladi.
Diniy idora Moliyaviy nazorat va tahlil bo‘limi boshlig‘i Islomiddin Zuhriddinov masjidlarda ish yuritish hujjatlarini takomillashtirish, ehson qutilardagi tushumlarni komissiya a’zolari ishtirokida dalolatnoma asosida bankdagi hisob raqamlarga kirim qilish, to‘y va marakalarni ixchamlashtirish, janoza marosimlarda bid’at-xurofatlarga chek qo‘yish to‘g‘risida gapirdi.
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov mavjud mahallalarga barcha imom-xatib va imom-noiblarni biriktirish, mahalla yettiligi bilan homkorlikda ishlarni yo‘lga qo‘yish, shar’iy dalil va hayotiy misollar asosida ma’ruza qilish, kiber jinoyatchilikning oldini olish haqida aytib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Olmazor tumani imom-xatiblari yutuq va kamchiliklari yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati