Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Oktabr, 2025   |   30 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:43
Peshin
12:12
Asr
15:49
Shom
17:36
Xufton
18:48
Bismillah
22 Oktabr, 2025, 30 Rabi`us soni, 1447

“Go‘yoki o‘zimiz erishganmiz!”

08.11.2019   3387   3 min.
“Go‘yoki o‘zimiz erishganmiz!”

Tobe’inlarning ulug‘i Muhammad ibn Munkadir Muoviya ibn Johima roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifni o‘qib qoldi:

Mu’oviya ibn Johima roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, ey Rasululloh, men g‘azotga bormoqchi edim, maslahatingizni olishlik uchun keldim, dedi. Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Onangiz bormi?”, dedilar. U kishi: “Ha”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Onangizni xizmatlarini g‘animat biling, chunki jannat uning oyog‘i ostidadir”, dedilar (Imom Nasaiy va Hokim rivoyati).

 Hadisni o‘qigach, onasining oldiga chopdi. Ona yoshi bir joyga borgan, qop-qora, etlari suyakka yopishib ketgan, qariya ayol bo‘lib, doim  hovlidagi supada yolg‘iz o‘tirar edi.  Jannat ana shu kampirning oyoqlari ostida ekan....

Ibn Munkadir rohmatullohi alayh onasining huzuriga borib, uning bag‘riga oshiqdi. Chap yuzini yerga qo‘ydi. O‘ng qo‘li bilan onasining poyini yuz-ko‘ziga tortib, surtmoqchi bo‘ldi. Ona oyoqlarini olib qochar, farzand esa uni o‘ziga tortar edi.

- Qo‘ying bolam, siz olim odamsiz, sizga yarashmaydi, deya tortingan ko‘yi farzandini turgazmoqchi bo‘ldi.

- Olimligim meni jannatga kiritmas ekan onajon. Sizning hokingizni tavof qilsam, jannat eshiklaridan biri men uchun ochilsa, deya umid qilaman, dedi u zot.

Keyinchalik u zot:  “Akam tunni namoz o‘qib o‘tkazdi. Men onamning oyoqlarini ushlab o‘tkazdim. Mening tunim o‘zimni hursand qilganchalik uning tuni meni hursand qilmadi”, deb xotirlagan edi. 

Endi o‘zimizga boqaylik azizlar! Hammamiz g‘o‘ddayganmiz! Men shu minbarga o‘zim chiqib qoldimmi? Yo‘q, meni bu joyga duolari bilan chiqargan kishilar hozir yer ostidalar.... Salovotlarni go‘zal o‘qib bergan qorilar o‘zlari qori bo‘lishdimi? Yo‘q, go‘dakligidan tahoratsiz ko‘krak tutmagan onalari ularni qori qildi. O‘ylab ko‘ring, nega hammamizning farzandimiz qori emas... 

O‘zimizga savol beraylik: biz bu hadisga qanchalik amal qilamiz? Ularni jerkyapmiz, ba’zan dillarini og‘rityapmiz. O‘tmishda o‘tganlardan shunday naql bor: ota-onangga ishlatgan qo‘pol so‘zlaringni, qarg‘ishingni, qamchingni bolang uchun olib qo‘y!

Mehr berdikmi, ardoqladikmi farzandimiz ertaga bizga mehr beradi, ardoqlaydi. Xor qilsak, ertaga Alloh bizni bundanda battar xor qildiradi.  

Qiyomat kunida, holimiz tang ahvolda qolganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak shafoatlarini umid qilamiz. Lekin kim unga haqli? Janobimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashib, og‘ishmay amal qilgan, qaytarganlaridan qaytgan kishi haqlidir.

Toshkent shahar “Avayxon” masjidi imom-xatibi Aliqul domla Xoliqulovning juma ma’ruzasidan

08.11.2019 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Til – millatning ma’naviy-ruhiy boyligi

21.10.2025   2941   5 min.
Til – millatning ma’naviy-ruhiy boyligi

O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli,

bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.

         Shavkat Mirziyoyev

     O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim siljishlardan biri bo‘lib, ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
 

          Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim.


    Davlat tili siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda xalqni birlashtiruvchi qudratli vosita sanaladi. Ona tilimiz so‘zlashuvchilar soni ko‘pligiga ko‘ra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri ekani ham quvonarlidir. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 60 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.


   So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralari yaqqol tasdiqlaydi. Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida qabul qilinishi esa ona tilimizning nufuzini yanada yuksaltirdi. Davlatimiz madhiyasi xalqaro maydonlarda o‘zbek tilida yangray boshladi. Ayniqsa, ona  tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Til – millatning faxri, g‘ururi, ko‘zgusi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim.        


    Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi xuquqiy jixatdan mustaxkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat  tili  to‘g‘risida”gi  qonunining  qabul qilinishi ona tilimizning taraqqiyoti, rivojlanishi hamda o‘ziga xos va boy bisotini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi.


O‘zbek  tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilimizdagi  hayo, ibo, andisha, oriyat, mehrni yozuvchilarimiz  asarlarida  yaqqol  ko‘rish  mumkin. Mahmud Qoshg‘ariyning "Devoni lug‘atit turk" kitobi, Ahmad Yassaviyning  hikmatlari, Alisher Navoiyning "Xamsa"si, Zahiriddin  Muhammad Boburning "Boburnoma"si, Abdulla Qodiriyning betakror  romanlari-oqibat so‘zlarini  boshqa  tilga  aynan  tarjima  qilib bo‘lmaydi. Ularni faqat o‘zbek tilida ifodalash mumkin. Chunki bu tushunchalar  xalqimizga xos va ularni  aytishga  faqat  shu til  qodirdir. Bizning  ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til  orasida turkiy tillar oilasiga mansub  bo‘lib, jonli  til sifatida  qipchoq, qarluq, o‘g‘iz  lahjalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbek  adabiy tili esa ana  shu lahjalardagi  so‘zlarning  ma’lum  bir me’yoriga  keltirilgan  shaklidir. U  muttasil o‘sib, rivojlanib  bormoqda. Uning rivojida so‘z  mulkining sultoni  Alisher Navoiyning xizmatlari  beqiyosdir. Hazrat  Navoiy  til  xaqida bunday  yozadilar: “Ko‘ngil  xazinasining  qulfi  tildir. Ul  xazinaning  kalitidin so‘z bil”.


O‘z ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. O‘z tili uchun qayg‘urayotgan millat dunyo xalqlari safida o‘z o‘rnini, chinakam mustaqilligini asrashga, himoya qilishga jiddu jahd qilayotgan millat sanaladi. Millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti bo‘lgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.  


Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan e’tibor berishimiz kerak.


Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz, o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Is'hoqxon Ibratning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”.


Biz tilimizni qanchalik asrasak, yuksaltirsak, rivojlanishiga hissa qo‘shsak, o‘zga millatlar ham bizning tilimizni hurmat qilishadi hamda uning dunyo hamjamiyati maydonidagi o‘rni va poydevorini shunchalik mustahkam qo‘ygan bo‘lamiz.


Odiljon  Narzullayev,

Yangiyul tumani  “Qirsadaq’’ jome masjidi   imom  xatibi