Tobe’inlarning ulug‘i Muhammad ibn Munkadir Muoviya ibn Johima roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifni o‘qib qoldi:
Mu’oviya ibn Johima roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, ey Rasululloh, men g‘azotga bormoqchi edim, maslahatingizni olishlik uchun keldim, dedi. Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Onangiz bormi?”, dedilar. U kishi: “Ha”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Onangizni xizmatlarini g‘animat biling, chunki jannat uning oyog‘i ostidadir”, dedilar (Imom Nasaiy va Hokim rivoyati).
Hadisni o‘qigach, onasining oldiga chopdi. Ona yoshi bir joyga borgan, qop-qora, etlari suyakka yopishib ketgan, qariya ayol bo‘lib, doim hovlidagi supada yolg‘iz o‘tirar edi. Jannat ana shu kampirning oyoqlari ostida ekan....
Ibn Munkadir rohmatullohi alayh onasining huzuriga borib, uning bag‘riga oshiqdi. Chap yuzini yerga qo‘ydi. O‘ng qo‘li bilan onasining poyini yuz-ko‘ziga tortib, surtmoqchi bo‘ldi. Ona oyoqlarini olib qochar, farzand esa uni o‘ziga tortar edi.
- Qo‘ying bolam, siz olim odamsiz, sizga yarashmaydi, deya tortingan ko‘yi farzandini turgazmoqchi bo‘ldi.
- Olimligim meni jannatga kiritmas ekan onajon. Sizning hokingizni tavof qilsam, jannat eshiklaridan biri men uchun ochilsa, deya umid qilaman, dedi u zot.
Keyinchalik u zot: “Akam tunni namoz o‘qib o‘tkazdi. Men onamning oyoqlarini ushlab o‘tkazdim. Mening tunim o‘zimni hursand qilganchalik uning tuni meni hursand qilmadi”, deb xotirlagan edi.
Endi o‘zimizga boqaylik azizlar! Hammamiz g‘o‘ddayganmiz! Men shu minbarga o‘zim chiqib qoldimmi? Yo‘q, meni bu joyga duolari bilan chiqargan kishilar hozir yer ostidalar.... Salovotlarni go‘zal o‘qib bergan qorilar o‘zlari qori bo‘lishdimi? Yo‘q, go‘dakligidan tahoratsiz ko‘krak tutmagan onalari ularni qori qildi. O‘ylab ko‘ring, nega hammamizning farzandimiz qori emas...
O‘zimizga savol beraylik: biz bu hadisga qanchalik amal qilamiz? Ularni jerkyapmiz, ba’zan dillarini og‘rityapmiz. O‘tmishda o‘tganlardan shunday naql bor: ota-onangga ishlatgan qo‘pol so‘zlaringni, qarg‘ishingni, qamchingni bolang uchun olib qo‘y!
Mehr berdikmi, ardoqladikmi farzandimiz ertaga bizga mehr beradi, ardoqlaydi. Xor qilsak, ertaga Alloh bizni bundanda battar xor qildiradi.
Qiyomat kunida, holimiz tang ahvolda qolganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak shafoatlarini umid qilamiz. Lekin kim unga haqli? Janobimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashib, og‘ishmay amal qilgan, qaytarganlaridan qaytgan kishi haqlidir.
Toshkent shahar “Avayxon” masjidi imom-xatibi Aliqul domla Xoliqulovning juma ma’ruzasidan
08.11.2019
Imom Abul Mu’in Nasafiy rahmatullohi alayh "Tabsiratul adilla" asarlarida Xuroson va Mavoraunnahr aholisi hanafiylikni Imomi A’zam rahmatullohi alayhning yetakchi shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy, uning shogirdi Abu Suraymon Juzjoniy, uning do‘sti Shayx Abu Bakr Ahmad, Shayx Is'hoq Sobih Juzjoniy, Imom Abu Bakr Juzjoniy, Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy Ansoriy va Imom Moturidiy silsilasi orqali o‘rgangan deb keltiradi. Imom Nasafiyning ta’kidlashlaricha bu olimlar ilk davrdan boshlab Movarounnahrning barcha hududlarida hamda Xurosonning Marv va Balx shaharlarida hanafiylik mazhabini yoyishda jonbozlik ko‘rsatishgan.
Imom Moturidiy rahimahulloh Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning e’tiqodiy qarashlarini yaxshi o‘zlashtirishdan tashqari mintaqamizda hanafiylik tarqalishida muhim hissa qo‘shganlar.
Kosonsoy tuman "Buzrukho‘ja" jome masjidi imom-xatibi
Sodiqjon Abdurahmanov
Manba: @Softalimotlar