Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida o‘tkazilayotgan 38-xalqaro kitob ko‘rgazmasida 300 metr uzunlikdagi Mus'haf qo‘lyozmasi namoyish etildi.
The National nashrining yozishicha, qo‘lyozma muallifi, hindistonlik rassom M Dileef ekani aytilgan. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, Qur’oni karimning to‘liq ko‘chirilganidan keyingi qo‘lyozma shakli 1 kilometr uzunlikda bo‘ladi.
Rassom Allohning Kalomini butun dunyoga yoyishni maqsad qilganini aytib, ushbu qo‘lyozma Hindiston, Turkiya singari mamlakatlarda namoyish etilganini qayd etgan. Endilikda Yevropa bo‘ylab ko‘rgazmalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Sharjada o‘tayotgan kitob ko‘rgazmasi joriy yilning 9 noyabriga qadar davom etadi. Unda 2000 dan ortiq dunyo nashriyotlari o‘z kitoblari bilan ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV