Kuz faslida daraxt barglarining ko‘p va ketma-ket to‘kilishini, yo‘laklarda sochilib yotishini, shamol essa qurigan barglar yerni qoplab olishini ko‘p bora kuzatganmiz. Bugun ham ko‘chalarda ana shu manzaraga tez-tez guvoh bo‘lamiz. Gunohlarimiz ham zikr sababli xuddi shunday to‘kiladi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اذْكُرُوا اللَّهَ ذِكْراً كَثِيراً وَسَبِّحُوهُ بُكْرَةً وَأَصِيلاً
“Ey iymon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilinglar. Va ertayu kech uni poklab yod etinglar”. (Ertalab ham, kechqurun ham dunyoda katta o‘zgarishlar ro‘y beradi. Shuning uchun ham bu ikki vaqtda Allohni poklab yod etish alohida ta’kidlanmoqda.) (Ahzob surasi, 41-42-oyatlar).
Azizlar, Alloh taolo bu oyatda O‘zini ko‘p zikr qilishimizni buyurmoqda. Keyingi oyatda esa O‘zini ertayu kech poklab yod etishimizni amr qilmoqda. “Poklab yod etish” arabchada “Tasbeh” deyiladi. Ya’ni bu Subhanalloh deyishdir. Bu ulug‘ zikrlardandir. Demak, Robbimizni ko‘p zikr qilishimiz uchun Uni ertayu kech, doim zikr qilib yurishga barchamiz odatlanishimiz kerak!
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barglari qurigan daraxt yonidan o‘tdilar. Aso bilan daraxtga urgandilar, barglar to‘kildi. Shunda u zot alayhissalom: «Albatta, Alhamdulillah, Subhanalloh, Laa ilaaha illalloh, Allohu Akbar bandaning gunohlarini, xuddi ushbu daraxt barglari to‘kilgani kabi to‘kib yuboradi» dedilar.
Demak, qilgan gunohlarimizga astoydil tavba qilish bilan birga ushbu hadisda keltirilgan zikrlarni ixlos bilan ko‘proq aytib yursak, inshaa Alloh, gunohlardan forig‘ bo‘lamiz.
Qarang, ushbu hadisda kelgan zikrlar tilga oson. Ularni aytish uchun insonda ixlos, muhabbat bo‘lishi kerak. Bir daqiqa ichida mazkur zikrlarni ko‘p bor aytish mumkin. Ana shunda, avvalo, Allohni zikr qilganimiz uchun savobga erishamiz, qolaversa, gunohlardan ham qutulamiz.
Alloh taolo bizni ko‘p zikr qiluvchi zokir bandalarlaridan qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.