(Davomi)
U o‘zi yaratgan narsalardan birortasiga o‘xshamas. Unga ham biror narsa o‘xshash emas. O‘zining zotiy va fe’liy sifatlari bilan azaldan bor bo‘lgan va abadiy bor bo‘lur. Zotiy sifatlari – hayot, qudrat, ilm, kalom, eshitish, ko‘rish, iroda. Fe’liy sifatlari – xalq etish, yasash va boshqa shu mazmunga dalolat qiluvchi sifatlar. U o‘zining barcha ism va sifatlari bilan birgalikda doim bo‘lgan va abadiy bo‘lajak. Unga biror ism yoki sifat keyin qo‘shilib qolgan emas.
Shuningdek, U O‘z ilmi bilan olimligicha hamon kelmoqdakim, ilm Uning azaliy sifatidir. Qudrati bilan qodirligicha hamon kelmoqdakim, qudrat Uning azaliy sifatidir. Kalomi bilan gapiruvchi holida kelmoqdakim, kalom Uning azaliy sifatidir. Xalq etishi bilan xoliqligicha hamon kelmoqdakim, xalq etish Uning azaliy sifatidir. Ish qilish (fe’l) bilan ish qiluvchi (foil) holida hamon kelmoqdakim, fe’l Uning azaliy sifatidir. Demak, fe’l egasi – Alloh, fe’l Uning azaliy sifatidir, fe’lning mahsuli – yaratilgan (mahluq), Uning fe’li esa yaratiluvchi emas. Shuningdek, uning barcha sifatlari azaldan paydo qilingan ham, yaratilgan ham emas. Kimki, ularni yaratilgan yoki paydo qilingan desa yoki (so‘ralganda) jim turib qolsa yoxud u to‘g‘rida shak qilsa, u Allohga kofir bo‘lur.
2-qism
Qur’on – Allohning kalomi. U mus'haflarda bitilgan, qalblarda yodlangan, tillarda o‘qilgan, Muhammad alayhissalomga nozil qilingandir. Qur’on bilan qilgan talafuzimiz, uni yozgan bitigimiz, uni qilgan qiroatimiz maxluq (yaratilgan)dir, lekin, Qur’on maxluq emasdir.
Qur’ondagi Alloh taoloning Muso va boshqa payg‘ambarlar (alayhimussalom), Fir’avn va Iblis to‘g‘risida zikr etgan qissalarining barchasi Allohning kalomidir. Allohning kalomi g‘ayri maxluq. Muso va boshqa yaralganlarning kalomi maxluqdir. Qur’on esa ularning emas, balki Allohning kalomidir.
Allohning O‘zi Qur’onda xabar berganidek, Muso alayhissalom Allohning kalomini eshitgan. Musoga gapirmay turib ham Alloh taolo mutakkalim (gapiruvchi) edi. Barcha mavjudotni yaratmay turib ham U xoliq (yaratuvchi) edi. Uning mislidek narsa yo‘qdir va U eshituvchi va ko‘ruvchidir.
Alloh taolo Muso (a.s.)ga so‘zlagan paytda azaldan o‘z sifati bo‘lib kelgan kalomi bilan so‘zlagan. Uning barcha sifatlari maxluqotlarning sifatlaridan tubdan farq qiladi, ya’ni U biladi, lekin biz bilgandek emas. Qudrati bizning qudratimizdek emas. Ko‘radi, lekin biz ko‘rgandek emas. Eshitadi, lekin biz eshitgandek emas. Gapiradi, lekin biz gapirgandek emas. Biz til, og‘iz, lab kabi vositalar va harflar bilan gapiramiz. Alloh taolo vositasiz, harflarsiz gapiradi. Harflar maxluq, Allohning kalomi esa, g‘ayri maxluq.
Allohni narsa deb atash mumkin. Lekin o‘zga narsalardek tasavvur qilmaslik sharti bilan. Uni narsa deganda jismsiz, moddasiz, moddaning sifatlarisiz, chegarasiz, akssiz, tengsiz, mislsiz deb bilmoq kerak bo‘ladi.
Qur’onda O‘zi zikr etganidek, Allohning qo‘li, yuzi, nafsi (O‘zi) bor deb bilamiz. Bular Uning sifatlaridan, lekin qanday, qanaqa deyilmas. Hatto qo‘liqudrati yoki ne’mati ham deb ta’vil etilmas Aks holda uning bir sifatini yo‘qqa chiqarilgan bo‘lur. Bu esa qadariylar va mo‘tazililar so‘zidir. Biz aytamizki, qo‘li o‘ziga xos, kayfiyatsiz sifatdir. Shuningdek, Uning g‘azabi va rizosi ham o‘ziga xos kayfiyatsiz sifatlaridandir.
(Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning
“Fiqhi akbar” kitobi)
Muhammad ibn Abdulloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning rasuli va bandasi bo‘lib, u zotni Alloh taolo butun olamlarga rahmat qilib yuborganini aytadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarni butlarga, quyoshga, daraxtlarga, olovga va boshqa narsalarga sig‘inishdan voz kechib, faqat Allohga ibodat qilishga da’vat qildilar. Chunki bularning barchasi Alloh yaratgan narsalardir, ular o‘z-o‘zidan na foyda bera oladi, na zarar yetkaza oladi.
Alloh taolo Qur’onda shunday deydi:
"Muhammad Allohning rasulidir" (Fath surasi, 29-oyat).
"Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasining otasi emasdir, balki u Allohning elchisi va payg‘ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir" (Ahzob surasi, 40-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insoniyat uchun rahmat bo‘lib kelganlar. U zot odamlarni dunyo gumrohligidan qutqarib, oxirat azobidan saqlab, hidoyat va jannat ne’matlariga yetaklaydilar.
Alloh taolo aytadi:
"Biz seni (ey Muhammad) olamlarga faqar rahmat qilib yubordik" (Anbiyo surasi, 107-oyat).
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloqlarini yuksak sifatlarda madh etib: "Albatta, siz ulug‘ axloq uzradirsiz" deb marhamat qilgan. (Qalam surasi, 4-oyat)