Ispaniyaning Kordova viloyati Almodovar-del-Rio shahriga o‘tgan asrning 90-yillarida musulmonlar ko‘chib kela boshladi – bular, asosan, Islomni qabul qilgan ispanlardir. Shunday qilib, bu yerda 20 yildan ortiqroq muddat davomida musulmonlar istiqomat qiladi va musulmonlar jamoasi faol ish olib boradi, deya yozadi suffagah.com sayti.
O‘tgan asrning 80-yillarida Ispaniyada demokratiyaning rivojlanishi natijasida Islomni qabul qilgan ilk ispanlar paydo bo‘la boshladi. Yangi musulmonlar Sociedad para el retorno del Islam en Espana (Ispaniyaga Islomning qaytishini xohlovchilar jamiyati) tashkilotini tuzishdi. 1989 yilda Ispaniyada e’tiqod erkinligi to‘g‘risida qonun qabul qilingandan so‘ng, Islom “Ispaniyada tan olingan, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan” din sifatida e’tirof etildi.
Yangi musulmon bo‘lganlar Granadada “Islom kengashi”ni tashkil etishdi. Keyin uning a’zolari Almodovar-del-Rioga ko‘chib o‘tishdi. U yerda jamiyat mana 20 yildirki muvaffaqiyatli faoliyatini olib bormoqda.
“Islom kengashi”ning asoschisi psixiatr Mansur Eskudero shaharda “Dorussalom” masjidini ochdi. Mana 20 yildirki ushbu masjid “Islom kengashi”, Halol instituti va nashriyot markazining manzilgohi hisoblanadi. Har juma “Dorussalom” masjidiga nafaqat bu shahardan, balki boshqa joylardan ham musulmonlar namozga kelishadi. Mahalliy hokimiyat musulmonlar uchun alohida qabriston uchun joy ajratdi.
Hozirgi kunda Ispaniyada milliondan ortiq musulmonlar istiqomat qiladi.
Manba: http://fitrat.uz
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi "Abu Saxiy" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Isro va me’roj voqeasi hikmatlari” mavzusida ma’ruza qilib berdilar.
Islom tarixidan ma’lumki, payg‘ambarlikning o‘ninchi yilida Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bir kechada Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirib, u yerdan osmonlarga ko‘tardi. Bu haqda Isro surasining 1-oyatida bunday xabar berilgan: “O‘z bandasi (Muhammad)ni bir kechada Masjidul Haromdan atrofini barakotli qilganimiz Masjidul Aqsoga olib borgan Zot (Alloh) barcha nuqsonlardan pokdir. Biz unga oyatlarimizdan (mo‘jizalarimizni) ko‘rsatish uchun (shu ishni qildik). Albatta, U eshituvchi va ko‘ruvchidir”.
Ma’ruzada aytilganidek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam osmonlarga jismlari bilan ko‘tarilganlar. Har osmonda payg‘ambarlar va ko‘plab farishtalar bilan ko‘rishganlar. U zotga jannat va jahannam ahlining holi qanday bo‘lishi ko‘rsatilgan. Sidratul-muntaho – yaratilgan mavjudotlar ilmi va harakati tugaydigan joyga yetib, Allohning g‘ayb olamida ko‘pgina ajoyibotlarni ko‘rganlar. O‘shanda ba’zi oyatlar nozil bo‘lgan, besh vaqt namoz farz qilingan.
Muftiy hazratlari ushbu buyuk mo‘jizadan olishimiz zarur bo‘lgan ayrim hikmatlarga to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, Allohning qudrati mutlaqo cheksizligi, Payg‘ambar alayhissalomning maqomlari naqadar ulug‘ligi, namoz – eng oliy maqomda amr qilingan ulug‘ ibodat ekani, imon – g‘oyibga ishonish ekani kabilarni oyat va hadislar bilan sharhlab berdilar.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu buyuk mo‘jizadan munosib ibrat olib, imon-e’tiqodda sobitqadam, hayot sinovlarida sabrli, O‘zidan umidini uzmaydigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati