Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamni butun olamlarga rahmat qilib yuborgan Alloh taboraka va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Go‘zal axloq, chin insoniylikni ummatlariga ta’lim berib, o‘z shaxsida namoyon etgan Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin!
Qadrli yurtdoshlar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va o‘z nomimdan Sizlarni ulug‘ ayyom – Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan Rabiul avval – Mavlid oyi munosabati bilan chin qalbdan, samimiy muborakbod etamiz.
Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsinki, bizni ushbu kunlarga yetkazdi. Bu oyda mo‘min-musulmonlar sevikli Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallamni yanada ko‘proq tanishga kirishadilar, shu maqsadda mavlid marosimlarini o‘tkazadilar, bu borada yozilgan asarlarni ixlos bilan o‘qishni boshlaydilar. Majlislarda xatmi Qur’onlar qilinib, Mavlid kitoblaridan baytlar o‘qilib, uning ma’nolari xalqqa tushuntiriladi.
So‘nggi yillarda Islom dinini ravnaq toptirish, diniy qadriyatlarni targ‘ib etish borasida mamlakatimizda juda ko‘p ishlar qilinmoqda. Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy markazlar, Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Hadis ilmi maktabi kabilarning tashkil etilgani va yangidan-yangi masjid-madrasalar ochilayotgani shu yo‘ldagi ulkan qadamlar bo‘ldi.
Joriy yilda aziz avliyo zot Suzuk ota hamda marhum va mag‘fur Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid-majmualar hamda bir qator yangi jomelarning qurib bitkazilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilishi xalqimiz qalbiga katta surur bag‘ishladi.
Bizlar shunday berilgan ne’matlarning qadriga yetib, dinimiz rivojiga ko‘rsatilayotgan sharoitlarni Alloh taboraka va taoloning ulug‘ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.
Bunday ulug‘ savobli ishlarga bosh bo‘lgan muhtaram Prezidentimiz va bu ishlarga samimiy yondoshgan mutasaddilarga mo‘min-musulmon xalqimiz nomidan cheksiz minnatdorlik izhor qilamiz.
Muhtaram mo‘min-musulmonlar, Mavlid oyida Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot va salomlar yo‘llash lozim. Nabiy alayhissalomga salavot aytishni Alloh taolo Qur’oni karimda biz ummatlarga buyurib, shunday degan:
“Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey, mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!” (“Ahzob” surasi 56-oyat).
“Ummatim!” deb yashagan suyukli Payg‘ambar alayhissalomga salavot aytish juda savobli amal hisoblanib, unga targ‘ibotlar bisyordir. Hadisi sharifda shunday deyilgan:
“Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta rahmat yo‘llaydi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi. O‘n daraja martabasi ko‘tariladi” (Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyatlari).
Yana bir hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:
“Kim menga ertalab o‘n marta, kechqurun o‘n marta salavot aytsa, Qiyomat kuni men uni shafoat qilaman” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatimizning isboti sifatida doimo salavot aytib yurishga odatlanishimiz juda ham katta fazilatdir.
Har birimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va hayotlarini yanada kengroq o‘rganib, barcha ish va amalimizda U Zotga ergashish, xulqlariga muvofiq hayot kechirishimiz kerak.
Aziz vatandoshlar, bu oyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘proq salavotlar aytib, u zotning siyratlarini mukammal o‘rganishlikka Alloh taoloning O‘zi nasib aylasin.
Barchangizga Mavlidi sharif oyi muborak bo‘lsin!
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Bismillahir Rohmanir Rohiym
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV