Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
Bilasizmi, azon bilan iqomat orasidagi duo ijobat qilinadi. Shuning uchun bu fursatni qo‘ldan boy bermay, duoni uzun qiling!
Bilasizmi, namozda gunohlaringiz boshingiz ustiga, keyin kuragingiz ustiga qo‘yiladi. Ko‘pgina gunohlaringiz to‘kilib ketishi uchun ruku’ va sajdani uzoqroq qiling!
Bilasizmi, agar har farz namozdan keyin Oyatul Kursiyni o‘qisangiz, siz bilan Jannat orasida faqat o‘lim bo‘ladi.
Bilasizmi, uyqudan oldin Mulk surasini o‘qish sizni qabr azobidan qutilishingizga sabab bo‘ladi.
Ey Alloh! Ushbu aytilganlarga ixlos bilan amal qilib borishimizni nasib etgin!
*****
Biz ko‘p odoblar qatori, janozada ishtirok etish, tobutni ko‘tarish odobini ham yaxshi o‘rganishimiz kerak.
*****
Donishmandlar sukut qilib turganda ahmoqlar ko‘payib ketadi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
“Jamiyat a’zolarining yarmi axloqsiz, yomon kimsalar” desangiz, hammaning g‘azabi keladi.
“Jamiyat a’zolarining yarmi axloqli, yaxshi odamlar” desangiz, hamma sizni maqtaydi.
Vaholanki, ikkala gap ma’nosi bir xil.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Lug‘aviy xatolarga e’tibor qaratib, mavzuning mohiyatini unutadiganlar “Men oyga ishora qilaman, ahmoq esa barmog‘imga qaraydi” degan maqolni yodimga soladi.
Tavfiq Hakim
*****
Agar bir shaxsga ishonch bildirib, u bilan ulfat bo‘lib yursang, oxirida ikki natijadan biriga erishasan:
Yo bir umrlik do‘stga erishasan.
Yo bir umrlik darsga erishasan.
Ibrohim Fiqiy
*****
Boylik - dengiz suviga o‘xshaydi. Undan ichganing sari tashnaliging oshib boraveradi. Bu qoidani mashhurlikka ham tatbiq etsa bo‘ladi.
“Tarix muxrlagan so‘zlar”
*****
Sharafli inson yuksalgani sari kamtar bo‘lib boradi.
Pastkash inson yuksalgani sari mutakabbir bo‘lib boradi.
Arab maqoli
*****
Odamlarga har qancha ishonsang ham, sirlaringni o‘zingda qoldir!
Najib Mahfuz
*****
Hayot har qancha qiyin va og‘ir bo‘lmasin, yaxshi ko‘rgan kishimiz bilan yonma-yon yashasak, u shirin tuyulib qoladi.
“Ajoyib fikrlar”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
«Musulmon Ummatining Buyuk G‘alabaga va Vatan himoyasiga qo‘shgan hissasi: tarix saboqlari va zamonaviy muammolar» nomli Astraxandagi II Xalqaro ilmiy-diniy konferensiyada
Diniy idoramiz vakili ishtirok etdi
Xalqaro anjumanda Janubiy federal okrug, Kavkaz orti va Yaqin xorij diniy arboblari hamda davlat hokimiyati organlari vakillari, ilmiy va ekspert jamoatchiligi, ta’lim muassasalari, oliygohlar o‘qituvchilari va talabalari, Rossiya harbiy qismining rahbarlari, Rossiya Federatsiyasi subyektlaridan diniy va jamoat arboblari, an’anaviy konfessiyalar diniy peshvolari va ko‘plab ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Forum G‘alabaning 80 yilligi va “Vatan himoyachilari” yili doirasida o‘tkazilishini inobatga olgan holda, uning ishi davomida musulmon ulamolarining fuqarolik jamiyatini jipslashishdagi roli, shuningdek davlatlarimiz taraqqiyotining muhim tarixiy bosqichlarida diniy arboblarning davlat siyosatiga qo‘shgan hissasi muhokama qilindi.
Xalqaro forumda ma’ruza uchun so‘z berilgan Diniy idoramiz vakili Ibrohimjon domla Inomov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomlari va duoi-xayrlarini hurmat bilan yetkazdi.
Astraxan davlat universitetida talaba yoshlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi” mavzularida to‘xtalib o‘tdi.
Turli xil diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat buyrug‘i, ham zamon talabi, ham davr ehtiyoji ekanligiga e’tibor qaratilib, keng tushunchalar berildi.
Xalqaro konferensiya doirasida Rossiya musulmonlari Markaziy Diniy idorasi raisi, Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazratlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida tashrif uchun minnatdorlik izhor etib, o‘zining eng katta va iliq samimiy salomlarini, eng yaxshi tilak va xayrli duolarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga albatta yetkazishni bir necha bor ta’kidlab o‘tdi.
Rossiya musulmonlari Markaziy Diniy idorasi raisi, Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazratlarining O‘zbekistonga, Buxoroga, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha baland ekanligi ko‘zlarida yosh bilan mehr ila ifoda etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining ham salomlari delegatsiyamiz a’zosi tomonidan hurmat bilan yetkazildi.
Xizmat safari davomida konferensiya ishtirokchilari, xorijiy mehmonlar, vatandoshlarimiz hamda mahalliy fuqarolar va rasmiy tashkilotlar mas’ullari bilan bo‘lgan suhbatlarda delegatsiyamiz vakili tomonidan bugungi kundagi mamlakatimizdagi qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib, davlatimiz va hukumatimiz tomonlaridan yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz kamoloti, masjidu-madrasalarimiz obodligi uchun behisob darajada ishlar olib borilayotganligini yoritib, bugungi kundagi mamlakatimizdagi hamma sohalarda, ayniqsa diniy sohada juda ham katta islohotlar, misli ko‘rilmagan yangiliklar to‘g‘risida xabar berib o‘tildi.
Astraxanda o‘tkazilgan «Musulmon Ummatining Buyuk G‘alabaga va Vatan himoyasiga qo‘shgan hissasi: tarix saboqlari va zamonaviy muammolar» nomli II Xalqaro ilmiy-diniy konferensiya Rossiya Federatsiyasining ko‘plab markaziy, hududiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoritib borildi.