Aytish joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Mustaqillik bayrami tantanalarini muayyan bir g‘oya, ezgu harakat ostida nishonlash an’anasi xalqimiz hayotining ma’naviy yuksalishida o‘ziga xos zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.
Albatta bundayin ezgu g‘oyalar mamlakat aholisining istiqlol yillaridagi hayoti, turmush tarzi, erishgan yutuqlari va erishajak maqsadlarini sarhisob qilishga undaydi.
2019 yil 5 sentyabr kuni Hadis ilmi maktabida mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi va 2019-2020 o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda Mustaqillik darsi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minavvarov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi, M.Jalilov, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Z.Abdirashidov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari D.Mamadqulov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i B.Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i S.Sherxonov, “Nuroniylar” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston Qahramoni H.Normuradov, Samarqand Davlat universiteti rektori tex.f.d., prof. R.Xolmurodov shuningdek, Samarqand viloyatidagi ziyolilar ishtirok etishdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi bilan boshlandi. An’anaga ko‘ra tadbir avvalida Hadis ilmi maktabi 1-kurs talabasi Parpiyev Saidmahmudxon Qur’on tilovat qilib berdi. Qur’on tilovatidan so‘ng ushbu oliy dargohni ochilishiga jonbozlik ko‘rsatgan rahbarlar, maktab o‘qituvchi va talabalarining haqlarida hamda yangi o‘quv yilining barakali bo‘lishini so‘rab duoi xayrlar qilindi.
Hadis ilmi maktabi rektori O.Yusupov tadbirni ochib berish uchun nutq so‘zlab jumladan, mazkur o‘quv yili kirish imtihonlari jarayonlari, maktab mutaxassislik o‘quv rejasini takomillashtirish yuzasidan dunyodagi nufuzli islom ta’lim muassasalari va markazlari taqdim qilgan xulosalari, Maktab Axborot-resurs markazini mutaxassislikka oid adabiyotlar bilan boyitish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlab to‘g‘risida qayd etdi.
Shundan so‘ng, Mustaqilligimizning 28 yilligi hamda yangi o‘quv yilining ochilishi munosabati bilan tabrik uchun O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minavvarov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari D.Mamadqulov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i S.Sherxonov, “Nuroniylar” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston Qahramoni H.Normuradov, Samarqand Davlat universiteti rektori tex.f.d., prof. R.Xolmurodov boshlanayotgan yangi o‘quv yilida institut jamoasiga omad va zafarlar tilab, diniy soha vakillariga hamda diniy tashkilotlarga, qolaversa yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan to‘laligicha foydalanish va ma’rifiy islomni dunyoga ko‘rsata olish, sof islomdan og‘ishmaslikda va adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashda qat’iyat bilan ilm olish kerakligini, ilm olishda harakatchan bo‘lishni, talabalar avvalo kuchli bilimga ega bo‘lishi, bu yerdagi ustozlardan ilm olishda va odob-axloq saboqlarini o‘rganishda tirishqoq bo‘lishini ta’kidladilar, shuningdek, sof islomni nafaqat yurtimizda balki, dunyo ommasiga yetkaza oladigan salohiyatga ega bo‘lish kerakligini qolaversa, ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lish lozimligi bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdilar.
Shuningdek, fazilatli shayx, zamonamizning muhaddis olimi Istambuldagi Ibn Xaldun universiteti katta ustozi Muhammad Avvoma hazratlarining va Tatariston respublikasidagi Bulg‘or islom akademiyasi rektori Abdraxmanov Daniyar Mavliyarovichning video tabrik murojaatlari tadbir ishtirokchilariga eshittirildi.
Tadbirda Oliy dargohning talabasi degan ulug‘ nomga musharraf bo‘lgan talabalardan biri Ibrohimov Ismoil so‘zga chiqib, Hadis ilmi maktabining o‘quv xonalari, sport zali, yopiq suv havzasi, yotoqxona va oshxonasida talabalarga yaratilgan sharoitlar va qulayliklar uchun xususan, Yurtboshimizga va maktab ma’muriyatiga minnatdorlik bildirdi.
Ta’kidlash joizki, Hadis ilmi maktabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi PF- 5416-son Farmoniga asosan islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish, tadqiq qilish orqali xalqimiz va keng jamoatchilikka yetkazish va targ‘ib qilish, xususan hadis va unga doir ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan edi.
Hadis ilmi maktabida o‘qish muddati 5 yil bo‘lib, “Hadis ilmlari, diniy fanlar mutaxassisi va arab tilini o‘qituvchisi” mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlaydi.
Maktabda mataxassislik fanlarini o‘qitish ustoz-shogirt an’anasi asosida respublikamiz hamda xorijiy malakali pedagog o‘qituvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Hadis ilmi maktabi binosi Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasi yoni barpo etilgan bo‘lib, oliy dargohda umumta’lim, xorijiy va mutaxassislik fanlarini chuqur o‘rganish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, islom ilmi rivojida o‘z o‘rniga ega buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lishi uchun Maktabda talabalar uchun zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan o‘quv auditoriyalari, Axborot-resurs markazi, yopiq sport zal va suv havzasi, talabalar turir joyi va shinam oshxona mavjud.
Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].
O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.
O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang.
Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].
Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.
Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.
Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!
Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz. Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.
Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2] Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4] Imom Tabaroniy rivoyati.