Shimoliy mintaqalarda mayda tuyoqli, kiyiksimonlar oilasiga mansub kichik jussali hayvon yashaydi. Bu kiyikning lotincha nomi Moschus moschiferus bo‘lib, u “misk chiqaruvchi kiyiklar” turiga kiradi.
Tanasining uzunligi 1 metr, dumi 4-6 santimetr, yerdan balandligi 70 santimetr, vazni 11-18 kilogramm keladi. Orqa oyoqlari old oyoqlaridan biroz uzunroqdir. Erkagining yuqori lablari ostidan 7-9 santimetr uzunlikdagi tishlari chiqib turadi. Ushbu jonzotlar Sharqiy Sibir, Sharqiy Himolay, Tibet, Saxalin oroli va Koreyada tarqalgan bo‘lib, asosan tog‘lardagi qoyalarda yashaydi. Shuningdek, ularda misk ishlab chiqaradigan bezlar mavjud. Ushbu bez jigarrang tuk bilan qoplangan teri xaltachalarda joylashgan.

Misk kiyikning qorin (kindik) qismida shakllanadi. Keyin o‘sha yerdagi qo‘ng‘irrang teri xaltachalarga to‘lgach, kiyik xarsangtoshga qornini ishqaydi. Ishqalanish natijasida kindik atrofidagi xaltachalar ichi to‘la misk bilan yerga to‘kiladi. Uning rangi qora bo‘ladi. Misk izlovchilar tog‘lardan ana shu xaltachalarni terib keladilar.

Voyaga yetgan erkak kiyikning bitta bezida 10-20 gramm tabiiy misk mavjud bo‘lib, qimmatbaho mahsulot hisoblanadi. Miskning kimyoviy tarkibi juda murakkab: yog‘ kislotalari, mum, aromatik va steroid birikmalar va xolesterin esterlari. Misk hidining asosiy tashuvchisi makrotsiklli misk ketonidir.

Ushbu miskni xalq tilida mushk ham deyilib, parfyumeriya sanoatida hamda tibbiyotda ishlatiladi. Qadimda arablar va tibetliklar miskdan erkaklik jinsiy quvvatini oshirishda foydalanishgan.
“Misk” kalimasi Qur’oni Karimning Mutoffifin surasining 25-oyatida Abrorlarning vasfida kelgan.
Ibn Shihob rahimahulloh Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatida: “…So‘ng jannatga kirgizildim, qarasam unda marjondan bo‘lgan qubbalar bor ekan. Va tuprog‘i misk ekan…”, – deb aytiladi. Muttafaqun alayh.
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Qiyin vaziyatlarga tushib qolganda yordam beradigan odam bo‘lsa, bu siz uchun bebaho in’omdir. Biz ko‘pincha eng qiyin damlarda yonimizda qoladigan odamlarning borligini yoki qadrini sezmaymiz. Ular qo‘limizdan tutib, bizni qo‘llab-quvvatlab, o‘zimizga ishonmay qolsak ham, hammasi yaxshi bo‘lishiga bizni ishontirib, dalda bergan bo‘lishadi.
O‘zaro munosabatlarning haqiqiy kuchi aynan shunday paytlarda qiyin bo‘lganda namoyon bo‘ladi. Demak, muhabbat nafaqat quvonchli damlarda birga quvonish, balki har qanday sinovdan o‘tishda yelkadosh bo‘lish, matonat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdir. Bu so‘z bilan o‘lchanmaydigan, balki harakatlarda namoyon bo‘ladigan haqiqiy hissiyotdir. Xo‘sh, sizning ana shunday bebaho yaqinlaringiz bormi? Bor bo‘lsa, hayotdagi mayda muammolar oldida hecham g‘am yemang. Bilsangiz, siz eng baxtiyor bandalardan ekansiz!..
Akbarshoh Rasulov