Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Yanvar, 2026   |   16 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:27
Shom
17:12
Xufton
18:30
Bismillah
05 Yanvar, 2026, 16 Rajab, 1447

PASHSHA HAQIDA NIMALARNI BILAMIZ?

29.08.2019   13888   6 min.
PASHSHA HAQIDA NIMALARNI BILAMIZ?

Pashsha ikki qanotli hasharotdir. Dunyoda turli rangdagi va uzunlikdagi pashshalar mavjud. Aniqrog‘i, yer yuzida 100 mingdan ortiq turdagi pashshalar bor. Ularning ichida eng mashhuri uy pashshasidir.

Pashshalar tuxum qo‘yish orqali ko‘payadi. Urg‘ochi pashsha chiqindilar, chirindilar, hayvonlarning tezaklari orasiga yuzlab tuxumlar qo‘yadi. Bir kun davomida mazkur tuxumlardan yuzlab lichinkalar chiqadi. Lichinka to pashshaga aylangunicha ikki hafta davomida axlat bilan oziqlanadi.

Pashshalarning beshta ko‘zi bo‘lib, shundan ikkitasi boshqa ba’zi hasharotlarnikidek murakkab tuzilishga ega. Murakkab ko‘zlar boshning ikki tarafidajoylashgan bo‘lib, boshning katta qismini egallaydi. Uchta ko‘z esa peshona qismida joylashgan bo‘lib, sodda tuzilishga ega. Mazkur uchta ko‘z pashsha uchun kompas vazifasini bajaradi. Pashshaning ko‘zlari minglab olti burchakli linzalardan tashkil topgan. Aniqroq qilib aytsak, har bir ko‘z to‘rt mingta linzadan iboratdir. Har bir linza yonidagi linzadan alohida va boshqa tarafga qarab joylashgan. Shu bois ular atrofidagi narsalarni ko‘rib, kichik bir harkatni ham tezda ilg‘ay oladi. Pashsha bu ko‘zlari yordamida katta tezlikda parvoz qila turib, yo‘lini o‘zgartira oladi, uni ovlamoqchi yoki urmoqchi bo‘lganlardan ustalik bilan qocha oladi.

Yorug‘lik miqdori qanchalik katta bo‘lsa, pashsha yaxshiroq ko‘ra oladi.

Pashshalarning hayoti ikki haftadan oshmaydi, ammo ular shu muddat ichida yuzlab tuxumlar qo‘yadi.

Pashshaning tanasi asosan uch qismdan: bosh, ko‘krak va qorindan iborat.

Pashsha tanasining devorlari uch qavatlidir.

Pashshaning tanasi mayin tuk bilan qoplangan.

Pashshaning bosh qismida, ikki ko‘zi o‘rtasida joylashgan shoxlari unga ozuqa topish va xatardan ogoh bo‘lishga imkon beradi.

Pashshaning xartumi ham bo‘lib, bu a’zo ozuqani so‘rib olish uchun xizmat qiladi.

Pashsha oyoq va qanotlarini harakatga keltirish uchun ko‘kragi ichidagi muskullaridan foydalanadi.

Pashshaning oyoqlari oltita bo‘lib, yurish uchun ishlaydi. Oyoqlar uchi tirnoq (yopishib olish xususiyatiga ega bo‘lgan yopishqoq kapillyar) bilan tugaydi. Bu tirnoqlar silliq yuzalarga, shiftga va devorlarga yopishib turishga ko‘mak beradi.

Pashshaning qanotlari nozik bo‘lib, unda ham qon tomirlari mavjud. Bu tomirlar qanotga qon kelishini ta’minlaydi. Natijada qanotlar serharakat va baquvvat bo‘ladi. Aytgandek, pashsha boshqa ko‘plab hasharotlardan farqli o‘laroq bir juft qanotga ega. Boshqa hasharotlarda esa to‘rtta qanot bo‘ladi.

Pashshalar barcha tarafga qarab ucha oladi: yon taraflarga, ortga-oldinga, yuqoriga-pastga.

Pashsha tanasining yon tomonidagi teshikchalar orqali nafas oladi.

“Nafas olish bo‘shliqlari” deb nomlanuvchi mazkur teshikchalarning sakkiz jufti qorin qismida, ikki jufti ko‘krak qismida joylashgan. Havo ushbu bo‘shliqlar orqali oqib kiradi, keyin tananing barcha qismlariga yetkazadigan naychalarga o‘tkaziladi.

Pashsha soatiga 8 kilometr tezlikda ucha oladi.

Pashshaning yuragi bir daqiqada taxminan 1000 martagacha uradi.

Pashshalar shimoliy va janubiy qutbdan boshqa hamma joyda yashaydi.

Pashsha bezgak, ensefalit (miya shamollashi) kabi bir necha kasallik viruslarini tarqatadi.

Pashshalardan ba’zi kasalliklarni davolashda, shuningdek, yaralar va kuyishlarni muolaja qilishda foydalaniladi. Ayrim tadqiqotlarda aniqlanishicha, pashshaning tanasida juda ko‘p antibiotiklar mavjud ekan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

 

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachonki birortangizning idishiga pashsha tushib qolsa, uning hammasini suyuqlikka botirsin, so‘ngra tashlab yuborsin. Chunki uning ikki qanotining birida shifo, boshqasida dard bor», dedilar». Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilganlar. Abu Dovud: «Va albatta, u (pashsha) dard bor qanoti ila himoyalanadi»ni ziyoda qilgan.

Ushbu hadisda pashshaning bir qanotida kasallik, boshqasida shifo bo‘lishi aytilyapti. Pastdagi rivoyatda esa pashshalar kasalligi bor qanoti bilan himoyalanishi ham eslatilmoqda. Demak, pashsha ovqatimizga tushayotganda, kasallik bor qanotini ovqat tarafga tushirib, shifosi bor qanoti yuqorida qolar ekan. Shu bois taomimizga pashsha tushib ketsa, tashqarida turgan qanotini ham ovqatimizga botirib olamiz. Shunda dardli qanot tarqatadigan kasallikni shifoli qanotdagi moddalar yo‘q qiladi.

Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bundan o‘n to‘rt asr oldin pashshaning qanotlarida dard va shifo bo‘lishini qayerdan bilib aytdilar ekan? Albatta, bu ilmiy haqiqatni u kishiga Alloh taoloning O‘zi bildirgandir!

Alloh taolo kichik bir jonzot bo‘lmish pashshani ana shunday imkoniyatlar bilan yaratgan.

So‘zimizni mana bu oyat bilan yakunlaymiz:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ ضُرِبَ مَثَلٌ فَاسْتَمِعُوا لَهُ إِنَّ الَّذِينَ تَدْعُونَ مِن دُونِ اللَّهِ لَن يَخْلُقُوا ذُبَاباً وَلَوِ اجْتَمَعُوا لَهُ وَإِن يَسْلُبْهُمُ الذُّبَابُ شَيْئاً لَّا يَسْتَنقِذُوهُ مِنْهُ ضَعُفَ الطَّالِبُ وَالْمَطْلُوبُ

“Ey odamlar! Bir masal aytilmish, bas, unga quloq soling! Albatta, sizlar Allohni qo‘yib, topinayotgan narsalaringiz, agar barchalari birlashsalar ham, bitta pashsha yarata olmaslar. Va agar pashsha ulardan biron narsani tortib olsa, undan o‘shani qutqarib ololmaslar. Talab qiluvchi ham, talab qilingan ham ojiz bo‘ldi”. (Boshqa katta jonzotlarni qo‘ysinlar-u, eng kichik, eng haqir, eng ahamiyatsiz ko‘ringan pashshani yaratishga urinib ko‘rsinlar. Yarata olmaslar. Xo‘sh, endi bir dona pashshani yarata olmagan butga qanday qilib topinish, sig‘inish, aytganini (agar aytolsa,) qilish mumkin? Aslo mumkin emas. Umuman aqlga, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Pashsha juda zaif, haqir jon. Ammo, u sabab bo‘lib ba’zi bir kasalliklarni tashib keltirsa, hammasi to‘planib, harakat qilsa ham, o‘sha kasallikdan zarar ko‘rayotganni yoki o‘layotganni qutqarib qololmaydilar. Buni hamma hayotda ko‘rgan. «Talab qiluvchi ham, talab qilingan ham ojiz bo‘ldi». Ya’ni, Allohdan o‘zganing ibodatini talab qiluvchi ham, ibodati talab qilingan narsalar ham ojizdirlar. Biron narsa qo‘llaridan kelmas.) (Haj surasi, 73-oyat).

 

Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

 

 

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ilmga tikilgan sarmoya va uning mevasi

27.12.2025   13799   3 min.
Ilmga tikilgan sarmoya va uning mevasi

Fazilatli shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh aytadilar:
"Hindistonlik ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh haqida eshitgansizlar. Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh hind ulamolari orasida nihoyatda mashhur olim bo‘lgan. U zot rohimahulloh qirq yoshga yetmasdan, ya’ni o‘ttiz to‘qqiz yarim yoshda vafot etgan, qirqqa kirib ulgurmagan. Shunga qaramay, u juda ulkan ilmiy meros qoldirgan: uning yozgan asarlari 115 dan ortiq! Ularning ichida kichik risolalar ham, katta kitoblar ham bor. Ammo o‘sha kichik risolalarning o‘zi ham katta bir kitobning o‘rnini bosa oladigan darajada edi, chunki ularning har birida ma’lum bir ilmiy masala nihoyatda puxta va mukammal tarzda yoritib berilgan.

 Buning sababi quyidagicha: Bir kuni o‘sha paytdagi Laknav amiri shayxning ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, unga chuqur sho‘ng‘ib ketgani va aqlbovar qilmas iste’dodi haqida xabar topadi va uni o‘z huzuriga chaqirtiradi. Shayx amirning oldiga borgach, amir u zotga shunday deydi…
 Uning shayxga nima deganini aytishdan avval ushbu voqeani hikoya qilib bergan hind ulamosi menga aytgan yana bir gapni zikr qilib o‘tay: "Biz olti kishidan iborat oila edik: ota-onam va to‘rt nafar farzand - jami olti kishi. Oyiga to‘rt rupiy bizga kifoya qilar edi". Mazkur ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy vafotidan o‘ttiz yil o‘tib tug‘ilgan. Ya’ni, o‘sha davrda to‘rt rupiy hozirgidan ancha katta xarid quvvatiga ega bo‘lib, avvallari bu pulga bugungi kundan ko‘ra ko‘proq narsa sotib olish mumkin edi. Shunga qaramay, bu kishi: "Bizning oilamizga oyiga to‘rt rupiy yetardi", deyapti...
  
Endi avvalgi gapimizga qaytsak: Shunday qilib Laknav amiri Shayx Abdulhayni huzuriga chaqirtirib, u zotga: "Men sizga o‘z hisobimdan oyiga to‘rt yuz rupiy maosh tayinlayman. Siz ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zingizni ilmga bag‘ishlang!" deydi.

Shayx bu voqeadan keyin ilmga butkul berildi va ana shunday buyuk natijaga erishdi! Ey yoshlar, e’tibor bering, aytilgan raqamlarni mulohaza qiling! To‘rt yuz rupiy shayx uchun naqadar katta mablag‘ bo‘lgan. Nega? Ayni mana shu narsa uchun - men sizlarga aytmoqchi bo‘lgan narsa shu: Tolibi ilmni o‘z kafilligiga olish, ya’ni ilm talab qiluvchini moddiy jihatdan ta’minlash!

Bu uning ilmga bo‘lgan ta’siridir. Tarix bizga buni real voqelik misolida ko‘rsatib bermoqda. Shu bois ushbu ishni barcha musulmonlar orasida, jumladan, boy-zodagonlar va ulamolar o‘rtasida yana qayta tiriltirishimiz kerakki, ular o‘zaro hamkorlik asosida shar’iy ilmlar uchun vaqf qo‘llab-quvvatlovini qayta tiklasinlar".

Muhaddis Muhammad Avvoma suhbatlaridan

HIM talabasi
Nazirxonov Hasanxo‘ja tarjimasi

MAQOLA