Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2025   |   6 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:04
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2025, 6 Rajab, 1447

GO‘ZAL AXLOQLAR HAQIDA

03.08.2019   4796   4 min.
GO‘ZAL  AXLOQLAR HAQIDA

Muqaddas islom dinimiz bizni din-u diyonatli, odob-u axloqli va insofli bo‘lishimizga da’vat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarining birida marhamat qiladilar: “Alloh taolo bandalarning o‘rtasida mol-u dunyoni bo‘lib berganidek, din-u diyonatni, odob-u axloqni ham bo‘lib bergan. Alloh taolo mol-u dunyoni yaxshi ko‘rgan bandasiga ham, yaxshi kurmaydigan bandasiga ham beraveradi. Ammo, din-u diyonatni va odob-u axloqni faqat yaxshi ko‘rgan bandasiga beradi. Bas, kimga Alloh taolo din-u diyonatni va odob-u axloqni bergan bo‘lsa, uni Alloh taolo yaxshi ko‘radi”.

Dinimiz asosi go‘zal xulq va ibratli axloqdir. Xulq so‘zi insonning fe’l-atvori, fazilatli xislati va odobi kabi ma’nolarni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan dinimiz  nima deb so‘rashganda: “Dinimiz axloq dinidir”, deb javob bergan ekanlar. Dinimiz ezgulik dinidir. Bas, qaysi bir kishi go‘zal va ko‘rkam axloq egasi bo‘lsa, undan faqat ezgulik va yaxshilik kutiladi. Chunki ma’naviyati yuksak va qalbi toza payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlari ulug‘ axloq egasi bo‘lganlar.

Alloh taolo buni o‘z kalomida bayon etgan: “Va albatta, sen buyuk xulqdasan”. Qalam surasi, 4-oyat.

Bu oyatda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, xulqlarini ulug‘lik bilan sifatladi, bu payg‘ambar alayhissalom uchun katta bahodir. Oisha roziyallohu anho onamizdan payg‘ambarimiz alayhissalom xulqlari to‘g‘risida so‘rashganda: “Xulqlari Qur’on edi”, deb javob berganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari: “Men yaxshi xulqlarni  mukammal qilish  uchun yuborilganman”, deb marhamat qilganlar. Hamda u zot: “Inson yaxshi xulqi bilan kunduzni ro‘za tutib, kechani namoz o‘qib o‘tkazadiganlar martabasiga yetadi”, deganlar.

Umuman olganda mazkur oyat va hadislardan ma’lum bo‘ladiki, islom dinida odob-axloq, yaxshi xulqqa katta e’tibor berilgan. U zotga ummat bo‘lgan har bir musulmon payg‘ambar alayhissalomning go‘zal xulqlari bilan xulqlanishi lozim.

Odam bolasi Alloh taolo huzurida surati bilan emas, siyrati bilan, ya’ni, ichki dunyosi, ma’naviyati bilan baholanadi. Ota-ona, ustoz va murabbiylar, qolaversa, har bir tarbiyachi eng avvalo o‘zi go‘zal xulqli bo‘lishi lozim. Chunki rivoyatlarda kelishicha tarbiya beruvchi qandoq bo‘lsa, tarbiya oluvchi shundoq bo‘ladi. Ayrim insonlar bolasini tarbiya berayotganda yoki boshqa kishi bilan muloqotda bo‘lganlarida yomon so‘zlar (so‘kish) bilan gapiradilar. Yomon so‘zni (so‘kish) odat qilgan kishi badaxloq odamga aylanadi. Hadisi shariflarda so‘kish gunoh ekanligi aytilgan. Ikki kishidan biri ikkinchisiga yomon so‘z (so‘kish) aytsa ma’naviy jinoyat qilgan bo‘ladi va oradagi Alloh taolo tomonidan tutilgan pardani bo‘zgan bo‘ladi, natijada gunohkor bo‘lib xulqsiz insonga aylanadi.  Yaxshi xulq egalari, masalan, ustoz va murabbiylar shogirdlariga tarbiya berayotganda, oilada esa ota-onalar o‘g‘il-qizlariga tarbiya berayotganda ularga yomon so‘z (so‘kish) aytmasdan, urmasdan va baqirmasdan tarbiya beradilar. Demak, har bir murabbiy va ustoz kishi go‘zal axloqli bo‘lsa, yosh avlodga bergan nasihatlari samara beradi. Shunda  jamiyatimizga foydasi tegadigan, odob-u axloqli yosh avlod voyaga yetadi. Bundan tashqari yaxshi xulqli inson  ota-onasi va ahli ayolini  hurmat qiladi va mahalladagi mahalladoshlari, korxonasidagi ishchilar bilan suhbat qilganda go‘zal axloqda bo‘ladi.

 Payg‘ambarimiz alayhissalom hayotlik davrlarida hech kimga ozor bermaganlar. Imom Ahmad Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qiladilar: “Payg‘ambarimiz alayhissalom qo‘l ostidagi xizmatchilarni va xotinlarni hech qachon urmaganlar. Ikki ishdan birini tanlash to‘g‘ri kelsa, gunoh bo‘lmasa, osonini tanlar edilar. Agar gunoh ish bo‘lsa, undan uzoqda bo‘lardilar, o‘zlari uchun o‘ch olmaganlar...”.

Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Albatta, Alloh taolo suratlaringizga va mol-u dunyolaringizga qaramaydi, balki qalbingiz va amalingizga qaraydi”, deganlar.

Yuqorida keltirilgan xadislardan xulosa qilib, go‘zal odob-axloq bilan o‘zimizni bezash, bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lish, odob-axloqda payg‘ambarimiz alayhissalomga munosib ummat bo‘lish har birimizga nasib bo‘lishini tilaymiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taologa iltijo qilib: “Ey Robbim, mening xilqatimni (suratimni) go‘zal qilganingdek, xulqimni ham go‘zal qilgin”, deb so‘ragan duolarini o‘zimizga odat qilib olaylik!

 

Aminjon Ismoilov

Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?

22.12.2025   7970   2 min.
Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?

Bu ummat boshidan oxirigacha bir aqida – ash’ariy-moturidiylik aqidasida edi. Mufassirlar, hadis shorihlari, fuqaholar, navh va lug‘at ulamolari, bularning deyarli barchasi e’tiqodda bir yo‘lni tutishgan edi. Bu gapni isbotlashga hojat yo‘q, bu haqiqat ekani kundek ravshan aksiomadir. Ulamolarning tarjimayi hollari haqida yozilgan kitoblar olimlarni bu mazhablarga madh va maqtov o‘laroq nisbat berganini ko‘rasiz. Buyuk ulamolar haqida ma’lumotlar keltirilganda Imom Falonchi, mazhabi shofe’iy, yo hanafiy, aqidada ash’ariy yo moturidiy, deyilgan. Ko‘pincha olimning tasavvufdagi tariqatiga ham to‘xtab o‘tiladi. Masalan, Imom Junayd tariqatida bo‘lsa, Junaydiy nisbati beriladi.

Bu odat yaqin-yaqingacha davom etib kelayotgan edi. Bunga birov e’tiroz ham bildirmagan, inkor ham qilmagan. Biron olim haqida gapirilar ekan, fiqhda to‘rt mazhabda qaysiga ergashishi, aqidada ash’ariymi moturidiymi qaysi manhajda ekani va tariqatdagi yo‘li bayon qilinmay qolmagan. 

Bu dastur ummatni sharqiyu g‘arbini, shimoliyu janubini ming yildan beri yagona qalbga, yagona fikr atrofiga jamlab keladi. Biron odam og‘risa, butun tana o‘sha kasal a’zo uchun qayg‘urib, davolashga kirishardi. 

Tariximizni ziynatlab turgan, bugungi sharmandaliklarni bir muncha to‘sib turgan tarixiy g‘alabalarimiz ham shu aqida, shu tafakkur vositasida qo‘lga kiritilgan.

Hittinda salibchilarni yer tishlatib, Quddusni qaytarib olgan Salohiddin Ayyubiy va uning qo‘shini ayni shu mazhab va tariqatlarda bo‘lishgan. Birontalari bugungi salafiylikni bilgan emas. 

Muzaffar Qutz, Zohir Beybars va ular bilan yelkadosh bo‘lgan Izz ibn Abdussalom kabi ulamolar mazhabda bo‘lishgan. Ayni Jolutda mo‘g‘ullarni tor-mor keltirishda ham asosiy qurolimiz birlik edi. O‘sha paytda boshini baland kerib: “Bid’atchisizlar, shirk keltiryapsizlar, qabrlarni ziyorat qilish shirk”, deb qichqiradigan shallaqilar bo‘lmagandi. 
 
Sulton Muhammadxon Fotih va uning qatoridagi olim va murshidlar dinda bir manhajni tutishgan edi. Kofirlar qo‘lida qolib ketgan shahar (Qustantiniya)ni fath qilib, mashhur hadisda kelgan bashoratga* noil bo‘lishdi. Ammo hadis musulmon ash’ariy-moturidiy qo‘mondon va uning qo‘shini haqida ekanidan qalblari yonib, hasad qilayotgan bugungi bemazhab toifalar hadisning tasdig‘ini buzib talqin qilishmoqda. (davomi bor)

Doktor Ahmad Muhammad Fozil,
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih jome’asi,

islomiy ilmlar kulliyasi doktori

*Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Qustantiniya, albatta, fath qilinajak. Uning amiri naqadar yaxshi amir, qo‘shini naqadar yaxshi qo‘shin!”. (Imom Ahmad va Hokim rivoyati).

Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi

MAQOLA