Joriy yilda Haj ziyoratini amalga oshirish maqsadida Saudiya Arabistoniga 4 milliondan ortiq ziyoratchilar tashrif buyuradi. Ularning ko‘pchiligi Makka va Madina shaharlaridagi tarixiy maskanlarni va muzeylarni tomosha qilish istagini bildiradilar.
Makka va Madina shaharlaridagi tarixiy joylarni tomosha qilish har bir ziyoratchining orzusidir.
Uhud jangi bo‘lib o‘tgan maydon, Said al-Shuhada, Al Juma, Qubo, Qiblatayn, Ijabah, Jamama, masjidlarini ko‘rish istagida bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Joriy yilning 1 avgust kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning bir guruhi Madina shahridagi Qubo masjidini ziyorat qildilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim uyida tahorat qilib, Qubo masjidiga kelib namoz o‘qisa, umraning savobini oladi”, deb marhamat qilganlar. Yurtdoshlarimiz ana shu hadisi sharifga amal qilib, chiroyli tahoratlar olib, xushbo‘yliklar sepib, pokiza holda Qubo masjidi ziyoratiga kelib, bu yerda ham ikki rakatdan namoz o‘qidilar.
Qubo masjidi Madinai munavvarada qurilgan dastlabki masjiddir. Bu masjidni Alloh taolo Qur’oni karimning Tavba surasida zikr qilgan:
لاَ تَقُمْ فِيهِ أَبَداً لَّمَسْجِدٌ أُسِّسَ عَلَى التَّقْوَى مِنْ أَوَّلِ يَوْمٍ أَحَقُّ أَن تَقُومَ فِيهِ فِيهِ رِجَالٌ يُحِبُّونَ أَن يَتَطَهَّرُواْ وَاللّهُ يُحِبُّ الْمُطَّهِّرِينَ
“Sen u (masjid)da hech qachon turma! Albatta, birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjidda turmoqliging haqdir. Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadir” (108-oyat).
Bu muborak joylarni ko‘rgan, Payg‘ambarimizning muborak qadamlari tekkan zaminda yurganiga sevinib ko‘zlariga ishona olmayotgan, ularning ibratli o‘tmishidan xabardor bo‘lgan otaxonu onaxonlarning quvonchlari cheksiz bo‘lib, qalblari to‘lqinlanib, imon-e’tiqodlari yanada ziyoda bo‘ldi.
Ularning lablari tinimsiz pichirlab, Alloh taologa hamdu sano, Payg‘ambar alayhissalomga durudu salavot, shunday muborak joylarga yetib kelishlariga sharoit yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga va barcha mutasaddilarga rahmatlar aytishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muborak Ramazon arafasida, ya’ni 24 fevral kuni Toshkent shahar Bektemir tumanidagi «Alibek» jome masjidida namunaviy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, O‘zMI mas’ullari, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, shahar vakilligi xodimlari, tuman bosh imom-xatibi va otinoyilari, shuningdek, otinoyilar, «Haj – 2024» ziyoratchilari, mahallalar raislari ishtirok etdi.
Yig‘ilishdan so‘ng Zayniddin domla boshchiliklarida masjid hovlisiga ko‘chatlar o‘tqazildi.
So‘ngra mahallalarga chiqilib, muammoli beshtadan oila o‘rganildi.
Abduqahhor domla peshin namozini «Bektemir» jome masjidida ado etib, namozdan so‘ng mo‘min-musulmonlarga Ramazoni sharifga oz muddat qolganini, bu oyning fazilatlari va barakotlari haqida go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Xayrli ishlarning boshlanish debochasi bo‘lgan bu tadbir so‘ngida tuman imomlarining Ramazonga tayyorgarliklari, oilalar, mahallalar bilan ishlash borasidagi hisobotlari tinglandi.
Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati