2 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida joriy yilda Saudiya Arabistoni Podshohining mehmoni sifatida haj safariga ketayotgan ziyoratchilar bilan muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda Shayx Abdulaziz Mansur mehmon sifatida tanlangan ziyoratchilarni qutlab, ushbu safarga eng munosib ulamolar, ilm-fan sohasining yetuk namoyondalari tanlab olinganini alohida ta’kidladi. Muborak safarga podshohning mehmoni sifatida borish sharaf ekani, butun umrini Islom dini rivoji, mo‘min-musulmonlar xizmati va ilmu irfon tarqatishga sarflagan kishilar mana shunday iltifotga munosib ko‘rilganini Shayx hazratlari alohida qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchisi Abduhakim qori Matqulov mehmon sifatida ketayotgan ulamolarni safar mobaynida uyushtiriladigan anjumanlar, ma’rifiy tadbirlar va muloqotlarda faol qatnashishni bildirdi. Shuningdek, suhbatlar davomida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda Islom dini rivoji yo‘lida qilinayotgan xayrli ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etishni qo‘shimcha qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kotibiyati mudiri Muhammad Ayubxon domla Homidov mezmonlar tomonidan taqdim etiladigan safar dasturiga amal qilish, safar davomida yuzaga keladigan masalalarni maslahatlashgan holda hal etish va tashkiliy ishlar bilan bog‘liq masalalarni bayon etdi.
Shuningdek, bu yilgi mehmonlar safida Muhammad Sharif domla Jumanov, Ismoiljon domla Hamroqulov, Abdumalik domla Mamadaliyev va Abduvali domla Isajonov kabi ustozlarning borligi barchamizni mamnun etmoqda.
Alloh taboraka va taolo mehmonlarning hajlarini mabrur aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati